O‘zbekiston | 18:37 / 20.06.2025
4199
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 500 ming gektardan ziyod hududda chigirtka tarqalgani aniqlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida saksovul bukri chigirtkasiga qarshi kimyoviy ishlov olib borilmoqda.

Foto: O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi

O‘zbekistonda 19 iyun holatiga ko‘ra, 500 ming gektardan ziyod hududda chigirtka tarqalgani aniqlandi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.

Jumladan, ta’kidlanishicha, 875 ming 87 gektarda monitoring olib borilgan, 515 ming 830 gektarda chigirtka tarqalgani aniqlangan, 507 ming 181 gektarda kimyoviy kurash tadbirlari o‘tkazilgan.

Asosiy tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida davom etmoqda, saksovul bukri chigirtkasiga qarshi kimyoviy ishlov olib borilmoqda.

Qayd qilinishicha, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida asosiy o‘choqlar bartaraf etilgan.

Xabarga ko‘ra, chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati 24/7 rejimida faoliyat olib bormoqda. Erta tongda va kechki vaqtda kimyoviy kurash olib borilib, kunduzi monitoring o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzuga oid