Eron urushmoqda, Rossiya nega jim?
Isroil va Eron urushi bir haftadan buyon davom etmoqda. Odatda bu ikki davlat o‘rtasidagi to‘qnashuv bunaqa uzoq davom etmas va urush deyishga arzimasdi. O‘zi Isroil va Eron to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir-biriga raketa otishi oxirgi ikki yilda kuzatilayotgan holat. Uzoq yillar Eron Isroil bilan ochiqchasiga emas, proksi kuchlar yordamida kurashib keldi. Lekin endi jang maydonida ikki dushman yakkama-yakka qoldi. Proksi kuchlar ham yakson qilingan.

Urush boshlanganda ittifoqchi degan so‘z tez-tez tilga olinadi. Chunki istalgan davlat ittifoqchisiz urusha olmaydi. Buni juda qudratli, resurslari bitmas-tuganmas Rossiya misolida ko‘rdik. Sovet ittifoqiday qudratli imperiyaning me’rosxo‘ri o‘zidan chandon barobar kuchsiz qo‘shnisiga qarshi urushda odamlarining qorni zo‘rg‘a to‘yadigan Shimoliy Koreyadan qurol sotib olishga majbur bo‘ldi.
Eron – Isroil urushida hozircha faqat bir tomonning ittifoqchisi ko‘rinish bermoqda. AQSh Isroilga Eron raketalarini tutib qolish orqali bo‘lsa ham yordam berdi. Ma’joziy ma’noda aytganda, AQSh jang maydoniga kirmagan bo‘lsa-da, istalgan paytda urushga qo‘shilishga shay.
Xo‘sh, Eronning ittifoqchilari qani? Nega juda kuchli Amerika qo‘llovidagi Isroilga qarshi tarixdagi ilk urushda Tehron yolg‘iz jang qilmoqda? Ukrainaga qarshi urushda Eron yangi sanksiyalar xavfiga qaramay Rossiyaga qurol yetkazib berdi, nega Moskva endi og‘ir pallada yordamga kelmayapti? Quyida shu haqda.
Rossiya qanday yordam berishi mumkin?
Demak Eron qaysi masalada Rossiyaning yordamiga muhtojligidan boshlasak. Eng avvalo havo mudofaasi bo‘yicha. Hozir Isroil samolyotlari deyarli qarshiliksiz Eron osmoni uzra uchib, yana Isroilga qaytib ketmoqda. Chunki operatsiya boshlanishidan avval Mossad agentlari Eron ichkarisiga kirib havo hujumidan mudofaa tizimlariga zarba bergan. Bo‘lmasa Isroil samolyotlarini bunchalik bemalol Eron ustidan uchira olmasdi. Yaxshiyam o‘rtada Iroq va Suriya yerlari yastanib yotibdi, aks holda Isroil Eron osmoni uzra patrul tashkil qilishi ham ajablanarli bo‘lmasdi.
Bunday holatda Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari yoki qiruvchi samolyotlar yordamida osmonni himoya qilishi Eronga asqotgan bo‘lardi. Lekin Rossiya Ukrainaga qarshi urushda o‘ziga yordam bergan ittifoqchisiga bunday yordam ko‘rsatmayapti.
Harbiy yordamdan tashqari Rossiya diplomatik maydonda Eronga katta yordam berishi mumkin. Chunki Putin va Netanyahuning munosabatlari yomon emas, ular urush boshlangach doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Lekin bu muloqotlardan keyin ham Isroil Eronni bombalashda davom etmoqda. Aftidan, Rossiya Isroil raketalarini urib tushirish yoki bu uchun Eronga qurol berish orqali yana bir urushga aralashib qolishni istamayapti.
Nima xalaqit bermoqda?
Endi Rossiya nega Eronga yordam berolmayotgani haqida. Birinchi sabab tushunarli – Rossiyaning o‘zi qo‘shnisi Ukrainaga qarshi to‘rt yildan beri urushib yotibdi, butun harbiy qudrat ukrain qishloqlarini egallashga qaratilgan. Bundan tashqari, Suriyada Asad rejimi qulagach, Rossiyaning mintaqadagi ta’sir doirasi ham yo‘qoldi. Suriyadagi aviabaza ortiq harbiy vazifa bajara olmaydi. Qiruvchi samolyotlarni Rossiyadan Eronga yuborish esa qiyin masala, unaqada Donbassdagi vayron bo‘lgan shaharlarni egallash qolib ketadi.
Va eng asosiy sabab – Rossiya bu urushni o‘ziniki deb qaramayapti. Kremlning bayonotlarini diqqat bilan kuzatsangiz, undagi ikkilanishlarni payqaysiz. Axir urushning bir tomonida – Rossiyani og‘ir kunda tashlab qo‘ymay qurol bergan Eron. Ikkinchi tomonda – yahudiylar davlati Isroil. Putin yahudiylar genotsitidan eng ko‘p Sobiq ittifoq jabrlanganini ko‘p marta aytgan. Chindan ikkinchi jahon urushi vaqtida aksar yahudiylar Sobiq ittifoq hududida yashagan. Putin yahudiylar davlatini ochiqchasiga dushman deb e’lon qilolmaydi. Isroilda ibroniy va inglizchadan keyin turadigan til rus tili, ruscha gaplashadigan isroilliklar juda ko‘p, Rossiyada hamon oz emas. Shu sabab Rossiya ikki o‘t orasida qoldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Rossiya urush boshlagach...
Bilasizmi, oxirgi yillarda bo‘layotgan urushlardagi bir jihat e’tiborni tortadi. 2022 yil fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi. Shundan keyin Rossiya o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qoldi va mamlakatning ittifoqchilari birin-ketin muammoga duch kela boshladi. 2023 yil Ozarboyjon Qorabog‘ni qaytib oldi. Moskva Armanistonga ittifoqchilik qilmadi, qaytanga Pashinyan hukumatini ayblab chiqdi. Yaqinda Suriyada Bashar Asad hukumati quladi, Rossiya yana hech narsa qilolmadi. Endi Eron jiddiy muammoga duch keldi.
To‘g‘ri, bular shunchaki tasodif bo‘lishi mumkin, lekin ishoning, Rossiya urush bilan band bo‘lmagan, G‘arb bilan aloqalarni uzmagan kuchli vaqtida uch holatda ham vaziyatni urushsiz o‘zgartira olgan bo‘lardi. Lekin Rossiya to‘rt yildan beri Ukraina sharqini egallay olmayotgani ko‘pchilikka signal o‘laroq xizmat qilgan ko‘rinadi.
Hech kimga ishonib bo‘lmaydigan zamon
AQShda prezident o‘zgarib Ukraina harbiy yordamsiz qolgan, Eron jang maydonida yolg‘iz qolgan bugungi zamonda bir haqiqat yuzaga chiqmoqda: urushda hech kimga, hech qanday ittifoqchiga ishonib bo‘lmaydi. Zamon shunaqa, hamma o‘zi uchun yashaydigan davr keldi, hech kimning boshqalar bilan ishi yo‘q. Yevropa ham Ukrainaga azbaroyi hamdardligidan emas, urush keyinchalik o‘zining hududiga kirmasligi uchun yordam beryapti. Siz bugun jang maydonidagi ittifoqchingizga keyin u ham urush vaqti menga yordam beradi degan umidda qurol berib, keyin sizga hujum qilishgach o‘sha ittifoqchidan «qattiq xavotir bildirilgan» bayonotdan boshqa yordam ololmasligingiz mumkin.
Barcha davlatlar bu achchiq haqiqatdan xulosa chiqarishi, mudofaasini kuchaytirishi kerak. Afsuski juda yomon davrga kirib keldik...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid

01:59
«Rus askari faqat o‘lim va halokat keltiradi» - Ukraina TIV Putinning so‘zlari haqida

01:30
Yevropa Ittifoqi Rossiya nefti narxining yuqori chegarasini pasaytirishdan bosh tortdi – OAV

00:59
«Tolibon» Rossiyaga minglab mehnat migrantini yuborishga kelishib oldi

23:24 / 20.06.2025