Jahon | 14:42 / 21.06.2025
2454
3 daqiqa o‘qiladi

O‘n minglab bedarak yo‘qolgan suriyalikning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda

Huquq himoyachilariga ko‘ra, ag‘darilgan tuzum davrida mamlakatning 150 mingdan ortiq fuqarosi izsiz g‘oyib bo‘lgan.

Foto: AP

BMT Bosh assambleyasi tomonidan tuzilgan Suriyada bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha mustaqil komissiya rahbari Karla Kintana Suriyada Bashar Asadning hokimiyatdan ag‘darilgan tuzumi davrida bedarak yo‘qolgan o‘n minglab odamlar taqdiriga oydinlik kiritish uchun xalqaro hamjamiyat shoshilinch choralar ko‘rishi zarur, dedi "Anadolu" agentligiga.

«Suriya uchun vaqt kamayib bormoqda. Qanchalik tez harakat qilsak, suriyalik oilalar o‘z yaqinlari haqidagi haqiqatni shunchalik tez bilib oladi», — deya ta’kidladi agentlik suhbatdoshi.

Kintana avval Meksikaning bedarak yo‘qolganlarni qidirish bo‘yicha milliy komissari bo‘lib ishlagan.

Suriya Inson huquqlari tarmog‘i ma’lumotlariga ko‘ra, 2011 yilda fuqarolar urushi boshlanganidan beri Suriyada 150 mingdan ortiq odam izsiz g‘oyib bo‘lgan.

Urush boshlanganidan beri 14 milliondan ortiq suriyalik majburan ko‘chirildi, ulardan 6 millioni boshqa mamlakatlarda boshpana topdi.

Karla Kintananing so‘zlariga ko‘ra, u rahbarlik qilayotgan tuzilma hatto Suriyada o‘n yillar oldin g‘oyib bo‘lganlar uchun ham murakkab qidiruv ishlarini olib boradi.

Uning ta’kidlashicha, komissiya faoliyatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bedarak yo‘qolganlarni tirik topishdir.

Kintana, shuningdek, Suriyaning yangi hukumati tomonidan bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarga yordam berish muhimligini ta’kidladi. Komissiya rahbarining aytishicha, u Suriya hukumati vakillari bilan yaqin vaqt ichida Damashqda ofis ochilishi yuzasidan bog‘langan. U Suriya ma’muriyatining bu masalaga ijobiy munosabatini qayd etdi.

«Biz buni yaqin kelajakda amalga oshirish mumkinligi bo‘yicha optimistik fikrdamiz. Bu muammoni hal qilish Suriya tomoni bilan bedarak yo‘qolganlarni qidirish jarayonida hamkorlik qilishimiz uchun zarur», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv ishlariga qator ilg‘or texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt ham jalb qilingan.

«Biz Suriya xalqiga tinchlik va haqiqat olib kelish uchun nafaqat Damashq, balki mintaqadagi barcha davlatlar bilan hamkorlik qilishga intilamiz», dedi BMT vakili.

Mavzuga oid