O‘zbekistonlik olimlar qovunning yangi navlarini yaratmoqda
O‘zbekistonlik olimlar qovunning yangi navlarini yaratmoqda, deb xabar bermoqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Issiqxona sharoitida yetishtirishga mos, yuqori hosildorlikka ega va kasalliklarga chidamli qovun navlari hamda F1 duragaylarini yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu tadqiqotlar sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan professional darajada tashkil etilgan bo‘lib, seleksion ishlarga zamonaviy yondashuv, chuqur tahlil va innovatsion usullar keng jalb qilingan.
Olib borilayotgan izlanishlar doirasida 30 dan ortiq mahalliy va xorijiy genetik kolleksiyalar, shuningdek, 10 ga yaqin seleksion liniya va duragaylar o‘rganilmoqda. Ulardan iqlimga mosligi, hosildorligi va bozorboplik darajasi bo‘yicha eng istiqbollilar tanlab olinib, shu asosda yangi turdagi qovun navlari yaratilmoqda.
Issiqxonada qovun yetishtirish nafaqat yer maydonidan samarali foydalanish, balki hosildorlikni ikki baravar oshirish imkonini ham beradi. Bir gektar maydonga 10–12 mingdan ziyod ko‘chat joylashtirish imkoni mavjud bo‘lib, bu har gektardan 60 tonnagacha sifatli hosil yetishtirishga sharoit yaratadi.
Agar agrotexnik tadbirlar — sug‘orish, o‘g‘itlash va kasalliklarga qarshi profilaktik choralar o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilsa, mahsulot sifati va miqdori yanada oshadi. Bu tadqiqotlarning asosiy maqsadi aholini mavsumdan tashqari vaqtlarda ham xushta’m va foydali poliz mahsulotlari bilan ta’minlash.
Issiqxonada yetishtirilgan erta hosil mahsulotlari mahalliy bozorda raqobatbardosh bo‘lib, eksport uchun ham katta salohiyatga ega. Bu esa qovunchilik sohasini yuqori daromadli, innovatsion va barqaror yo‘nalishga aylantirmoqda.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida amalga oshirilayotgan ushbu ilmiy ishlar nafaqat yangi, sifatli navlarni yaratishga xizmat qilmoqda, balki mamlakatimiz agrar salohiyatining rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda.
Mavzuga oid

01:29 / 04.06.2025
Jismoniy faollik saratondan o‘lim xavfini 30 foizga kamaytiradi - tadqiqot

09:12 / 22.05.2025
Surxondaryoda qovun yegan fuqarolar zaharlangani rad etildi

23:51 / 19.05.2025
Olimlar jazirama va suv toshqinlarining yashirin xavfini aniqladi

18:02 / 16.05.2025