Jahon | 11:58
10368
3 daqiqa o‘qiladi

Bu sodir bo‘ldi: AQSh tarixda ilk marta Eronga zarba berdi

AQSh Eronga zarba berdi. Uchta yadro obekti, xususan, tog‘ ostidagi Fordo zavodi hujumga uchragan. Ha, AQSh dushmanlik tarixida ilk marta Eronga zarba berdi. Shu tariqa Vashington Isroilning Eronga qarshi urushiga qo‘shildi. Ishoning, bugundan Yaqin Sharq aslo avvalgidek bo‘lmaydi. Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Fordo endi yo‘q»

Isroil ikki haftadan buyon Erondagi yadroviy obektlarga zarba berayotgan, lekin eng asosiy nishon – tog‘ ostidagi Fordo zavodiga teginib bo‘lmayotgandi. Keyin bu zavodni faqat Amerika «B-2» strategik bombardimonchisi bilan 13,6 tonnali bomba tashlab portlatishi mumkinligi muhokama qilindi va xuddi shunday bo‘ldi: manyovr qilishi qiyin, urib tushirish nisbatan oson bo‘lgan bahaybat «B-2» Eron osmoniga bemalol uchib borib tog‘ ostida joylashgan zavodni bombardimon qildi.

AQSh Eronning uchta yadroviy obekti Fordo, Natanz va Isfahonga hujum qilgan. «Barcha bombalar tashlandi», deb yozdi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyada qatnashgan samolyotlar Eron chegaralaridan chiqqan va AQSh bazalariga qaytmoqda. «Amerikalik ajoyib jangchilarimizni tabriklayman. Dunyodagi hech bir armiya bu ishni qilolmasdi, endi tinchlik vaqti keldi. Eron urushni to‘xtatishi lozim», deb yozdi Tramp. U keyinroq «Fordo endi yo‘q», degan postni o‘z sahifasida ulashdi.

Isroil boxabar qilingan

Amerika nashrlarining yozishicha, Tramp ma’muriyati zarbadan oldin Isroil tomonini ogohlantirgan. Operatsiya tugagach, Tramp va Netanyahu telefonda gaplashdi. Tramp ma’muriyatiga yaqin FOX News'ning yozishicha, tog‘ ostidagi Fordo zavodiga 6 ta bunkerga qarshi raketa tashlangan. Isfahon va Natanzdagi yadro obektlariga dengizdan turib 30 ta Tomohawk uchirilgan.

Eron tomoni Amerika zarbalarini tasdiqlab, uchala obektdagi barcha uskunalar oldindan olib chiqib ketilgani, Tehron zarbadan boxabar bo‘lgani haqida bayonot berdi.

Bu AQSh zarbasi haqida birlamchi ma’lumotlar edi. Kun.uz'dan uzoqlashmang, biz kun davomida bu boradagi eng muhim xabarlarni sizga yetkazib boramiz. Yana bir bor eslatmoqchiman: tarmoqda, ayniqsa telegram kanallarda Eron – Isroil urushi haqida juda ko‘p feyk ma’lumotlar tarqalmoqda. Eng ishonchli ma’lumotlarni o‘tkazib yubormaslik uchun Kun.uz sahifalariga obuna bo‘ling. Biz ma’lumotlarni tekshirib keyin sizga yetkazamiz.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid