Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida 84 falastinlik halok bo‘ldi
Halok bo‘lganlar orasida 56 kishi gumanitar yordam kutish zonasida bo‘lgan.

Foto: Anadolu Agency
Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan zarbalari oqibatida kamida 84 nafar falastinlik halok bo‘ldi, ularning aksariyati - gumanitar yordam punktlarida.
Tibbiy manbalarga ko‘ra, o‘nlab falastinliklar yaralangan.
Xususan, falastinliklar yordam kutish uchun to‘plangan eksklavning markaziy qismidagi Netzarim koridori hududida Isroil armiyasi hujum uyushtirdi va 29 kishi halok bo‘ldi.
Guvohlarning xabar berishicha, halok bo‘lganlarning jasadlari hamon Netzarim yo‘lagida qolgan, biroq davom etayotgan tahdid tufayli ularni olib chiqib bo‘lmaydi.
Rafah shahridagi yordam tarqatish nuqtasi yaqinida gumanitar yordam kutayotgan tinch aholi nishonga olingan hujumda 27 kishi halok bo‘ldi.
Bundan tashqari, Isroilning G‘azo sektori janubidagi Xon-Yunusga bergan zarbasi oqibatida yetti nafar falastinlik halok bo‘ldi.
"Al-Ahli" baptistlar kasalxonasidagi tibbiy manbalarga ko‘ra, Isroilning G‘azo shahri janubi-sharqidagi Zaytun mavzesidagi turar joy binosiga uyushtirgan hujumida 10 kishi halok bo‘lgan.
Xon-Yunusdagi Nasr kasalxonasidagi manbalarning xabar berishicha, Karara aholi punkti shimoli-g‘arbiy qismida ko‘chirilganlar joylashgan chodirga uyushtirilgan havo hujumida uch falastinlik halok bo‘lgan.
Shuningdek, Xon-Yunusning Satr tumanida vayronalar ostidan yana ikki qurbonning jasadi topilgan.
G‘azo shimolidagi Jabaliya aholi punkti va G‘azoning sharqiy qismidagi Shujayya mavzesiga uyushtirilgan hujumlarda yana ikki kishi halok bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash rasmiylari G‘azo shahrining turli qismlarida sodir etilgan boshqa hujumlarda yana to‘rt kishi halok bo‘lganini tasdiqladi.
27 maydan beri Isroil BMT va xalqaro yordam agentliklarini chetlab o‘tib, AQSh va Isroil nazoratidagi «G‘azo gumanitar yordam jamg‘armasi» orqali yordam tarqatmoqda.
Tashkilot BMT tomonidan tan olinmagan va Falastin kuchlari tomonidan rad etilgan. HAMAS bunday sxemalarni «o‘lim tuzoqlari» deb ataydi.
2 martdan beri G‘azo sektori chegarasidagi barcha quruqlikdagi o‘tish joylari yopiqligicha qolmoqda. Isroil yuzlab yordam yuk mashinalarining kirishini to‘sib qo‘ydi va Kerem Abu Salim o‘tish joyidan faqat cheklangan miqdordagi transport vositalarining o‘tishiga ruxsat berdi.
Ayni paytda G‘azo sektoriga har kuni kamida 500 ta gumanitar yordam yuklangan mashina kerak bo‘lyapti.
2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil armiyasi G‘azoda intensiv bombardimon, blokada, aholini ommaviy ko‘chirish va infratuzilmani yo‘q qilish bilan birga keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarini davom ettirmoqda.
Bu harakatlar yirik gumanitar falokatga olib keldi.
Xalqaro hamjamiyat va BMT xalqaro sudining o‘t ochishni to‘xtatish chaqirig‘iga qaramay, Isroil hujumlari uzluksiz davom etmoqda.
Mavzuga oid

20:59 / 25.06.2025
Isroil–Eron urushi: xulosalar

20:46 / 25.06.2025
Eron o‘z yadroviy inshootlari jiddiy shikastlanganini tan oldi

17:39 / 25.06.2025
Isroil Eron yadro inshootlariga yetkazilgan zararni «nihoyatda jiddiy» deb baholadi

09:22 / 25.06.2025