Jahon | 21:40 / 01.07.2025
9539
7 daqiqa o‘qiladi

Moskva va Boku o‘rtasida nizo davom etmoqda

Ozarboyjon bosh prokuraturasi Yekaterinburgda ikki ozarboyjonlik qiynoqqa solingani va o‘ldirilgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. RFdagilar «ikki tomonlama munosabatlar demontaj qilinayotgani»dan nolimoqda.

Aka-uka Ziyaddin va Husayn Safarov. Foto: azertag.az

Ozarboyjon bosh prokuraturasi Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan mamlakatning ikki fuqarosi qasddan o‘ldirilgani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ozarboyjon ekspertizasi aka-uka Ziyaddin va Husayn Safarov olingan tan jarohatlaridan keyin posttravmatik shokdan vafot etganini ko‘rsatgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi versiyasida qo‘lga olinganlardan birining o‘limiga yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgani aytilgandi.

Ikki kishining o‘limi va Yekaterinburgda ommaviy hibsga olishlar haqidagi xabarlar Boku va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar yana keskinlashishiga olib keldi.

Ozarboyjonda Rossiya madaniy tadbirlari bekor qilindi, «Sputnik» agentligining Bokudagi ofisida Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) ikki agenti hibsga olingani aytilmoqda. Kreml dushanba kuni Yekaterinburgdagi voqealar Ozarboyjon tomonidan demarsh uchun bahona bo‘lmasligi kerakligini aytib chiqdi.

27 iyun kuni ertalab Yekaterinburgda ancha vaqt muqaddam sodir etilgan jinoyatlarga aloqadorlikda gumon qilinib, Ozarboyjon fuqarolari va ozarboyjon millatiga mansub shaxslar qo‘lga olindi, deyiladi Ozarboyjon prokuraturasi press-relizida.

Ozarboyjon tergovchilari hibsga olinganlar «amalda ilojsiz holatda bo‘lib, o‘zlarini zarbalardan himoya qila olmagani, hibsga olish paytida ham, ularni olib ketayotgan transport ichida ham qattiq, o‘tmas narsalar bilan tananing turli qismlariga ko‘plab zarbalar berish orqali qiynoqqa solingani va og‘ir tan jarohati yetkazilgani»ni qayd etishgan.

Avvalroq Rossiya rasmiylari Yekaterinburgda 2001, 2010 va 2011 yillardagi qotilliklarga aloqadorlikda gumonlanuvchilar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Hibsga olish chog‘ida kelib chiqishiga ko‘ra Ozarboyjondan bo‘lgan aka-uka Ziyaddin va Husayn Safarov vafot etgan, yana bir necha kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Ozarboyjon ekspertizasi nimalarni aniqladi?

Dushanba kuni kechqurun aka-uka Safarovlarning jasadlari Bokuga olib kelindi, seshanba kuni esa ular Ozarboyjonning Ag‘jabedi tumanidagi qishloq qabristoniga, ota-onasining yoniga dafn qilindi.

Foto: azertag.az

Dafn marosimidan oldin Ozarboyjon sud-tibbiyot ekspertlari Safarovlarning jasadini tekshirib, ularning o‘limiga jarohatlar sabab bo‘lgani haqida xulosaga kelishdi.

Ozarboyjon bosh prokuraturasi ma’lum qilishicha, kichik biznes bilan shug‘ullangan 60 yoshli Husayn Safarov Yekaterinburgdagi ichki ishlar bo‘limida o‘ldirilgan. Uning 55 yoshli ukasi, taksi haydovchisi Ziyaddin Safarov esa ertalab xizmat mashinasida o‘ldirilgan, deb hisoblaydi prokuratura.

Ozarboyjonda o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Husayn Safarov ko‘plab tan jarohatlari, jumladan, qovurg‘alar sinishi oqibatida posttravmatik va postgemorragik shok oqibatida, uning ukasi esa ko‘plab tan jarohatlari oqibatida posttravmatik shok oqibatida vafot etgan.

Ozarboyjon sog‘liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy ekspertiza birlashmasi boshlig‘i Adolat Hasanov jurnalistlarga Husayn Safarovning ko‘krak qafasi deformatsiyalangan va assimetrik bo‘lgani, murda yorib ko‘rilganda boshning qattiq va yumshoq to‘qimalarida qon quyilish va o‘pkaga zarar yetkazgan yetti-sakkiz qovurg‘aning siljigan sinishlari aniqlanganini aytdi.

Ozarboyjon bosh prokurori bir guruh shaxslar tomonidan o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish, qiynoqqa solish va og‘ir oqibatlarga olib kelgan mansab vakolati doirasidan chetga chiqish moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Bu orada Yekaterinburg sudi aka-uka Safarovlar qo‘lga olingan ish bo‘yicha yana bir ozarboyjonlikni hibsga oldi.

Bakir Safarov oldingi yillardagi buyurtma qotilliklar ishi bo‘yicha hibsga olingan to‘rtinchi gumonlanuvchi bo‘ldi, deb yozadi TASS agentligi. Safarovning advokati agentlikka uning mijozi ayblanayotgan jinoyatlarda aybiga iqror bo‘lmaganini aytgan.

29 iyun kuni sud Ayoz, Akif va Mazahir Safarovni hibsga olish haqida qaror chiqargandi.

Rossiyada nimalar deyishmoqda?

Ozarboyjondagi manbalar bungacha ham Husayn va Ziyaddin Safarovni hibsga olish chog‘ida xavfsizlik kuchlari «shafqatsizlarcha o‘ldirgani» haqida gapirgandi.

Gumonlanuvchilardan ba’zilari sud zalida tan jarohatlari izlari bilan ko‘rinish berdi. Fotoda Yekaterinburgda qo‘lga olinganlardan biri Ayoz Safarov.

Rossiya Tergov qo‘mitasi esa aka-ukalar o‘ldirilmagani, balki «qo‘lga olish chog‘ida vafot etgani»ni iddao qilgandi.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilardan biri yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan, ikkinchi shaxsning o‘limi sabablari aniqlanmoqda. Sud-tibbiy ekspertizasi natijalariga ko‘ra, sudlanuvchilarning o‘limi sabablari bo‘yicha yakuniy xulosalar chiqariladi», – degandi dushanba kuni tergov qo‘mitasi vakili Svetlana Petrenko.

Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov bir kun avval Ozarboyjonda Rossiya madaniy tadbirlari bekor qilinishini, shuningdek, Ozarboyjon parlamenti delegatsiyasining Moskvaga tashrifi bekor qilinganini qoralagandi. U huquq-tartibot idoralarining xatti-harakatlari diplomatik demarshlar uchun sabab bo‘la olmasligini ta’kidlagandi. «Biz bunday qarorlar qabul qilinganidan chin yurakdan afsusdamiz», – degandi RF prezidentining matbuot kotibi.

Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Bokuga Yekaterinburgda ozarboyjonliklarning qo‘lga olinishi bo‘yicha «kerakli tushuntirishlar» berilganini aytdi.

Seshanba kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi ham Bokudan «Sputnik Ozarboyjon» agentligining hibsga olingan xodimlari Igor Kartavx va Yevgeniy Belousovni ozod etishni talab qildi.

Shu munosabat bilan Ozarboyjonning Rossiyadagi elchisi Rahmon Mustafoyevga «og‘zaki nota topshirildi», deyiladi vazirlik saytida.

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin ham elchiga «Bokuning so‘nggi nodo‘stona harakatlari, Ozarboyjon tomonining ikki tomonlama munosabatlarni demontaj qilish bo‘yicha ongli qadamlari tufayli» protest bildirgan.

Shu bilan birga, tashqi ishlar vazirligi Yekaterinburgda ozarboyjonliklarni qo‘lga olishda Rossiya organlari vakolat doirasidan chetga chiqmaganini ma’lum qildi.

Rossiyaning protest notasidan bir necha soat o‘tgach, Boku sudi Igor Kartavx va Yevgeniy Belousovni to‘rt oyga hibsga olishga qaror qildi. Ularga nisbatan firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mol-mulkni legallashtirish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid