O‘zbekistonning DXSh loyihalari. Qanday risklar bor?
2021-2024 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalari portfeli 6,2 milliard dollardan 31 milliard dollargacha o‘sgan. Ushbu loyihalarning 93 foizi energetika, 5 foizi kommunal xizmatlar, 0,8 foizi esa ta’lim bilan bog‘liq. XVJ tahlillariga ko‘ra, mavjud vaziyat kelajakda davlat uchun katta to‘lov majburiyatlarini yuzaga keltirishi mumkin.

Foto: Pixabay
Xalqaro valuta jamg‘armasi mutaxassislari O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari ortidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan risklarga e’tibor qaratdi.
XVJga ko‘ra, oxirgi yillarda O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarining ko‘lami ancha kengaygan. Xususan, 2021 yilning yakunida O‘zbekistonda umumiy qiymati 6,2 mlrd dollarlik (YaIMning qariyb 8 foizi) 200 dan ortiq DXSh loyihalari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bu miqdor 2024 yil oxiriga kelib 31 mlrd dollargacha (YaIMning 27 foizi) oshgan.
Tarmoqlar bo‘yicha tahlil qilinganda, o‘tgan yilning dekabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra ushbu loyihalarning 93 foizi (28,8 mlrd dollar) energetika, 5 foizi kommunal xizmatlar (1,5 mlrd dollar) 0,8 foizi (144 mln dollar) esa ta’lim bilan bog‘liq.
2025-2030 yillarga mo‘ljallangan rejalarga ko‘ra, yangi DXSh loyihalari hajmi 30,2 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin. Agar bu to‘liq amalga oshsa, 2026 yil oxirida DXShlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 34 foizigacha ko‘tariladi, 2030 yilda esa YaIMning 27,5 foizigacha pasayadi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekiston umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik oltita davlat-xususiy sheriklik loyihasini imzolagan. Bu Yevropa hamda Markaziy Osiyodagi past va o‘rta daromadli davlatlar o‘rtasida yangi DXSh majburiyatlari umumiy hajmining deyarli 40 foizini tashkil etadi.
«Kelajakda davlat uchun katta to‘lov majburiyatlari yuzaga kelish xavfi bor»
O‘zbekistonning 2025 yilgi budjeti doirasida yangi DXSh loyihalari uchun 6,5 mlrd dollarlik chegara belgilangani XVJ tomonidan yuqori baholanyapti. Ekspertlar bu limitni keyingi yillarda pasaytirishni tavsiya etgan. Bu davlat majburiyatlarining ortib ketishi xavfini kamaytiradi.
Loyihalar sonining tez sur’atlar bilan o‘sishi mumkin bo‘lgan moliyaviy tavakkalchiliklarni yanada qattiq nazorat qilish zaruratini keltirib chiqaradi.
Shuningdek, DXShlar bo‘yicha davlatning umumiy majburiyatlari bo‘yicha chegarani joriy etish masalasi ham muhokama qilingan. Bu yalpi ichki mahsulotning 60 foizini tashkil etuvchi davlat va kafolatlangan qarz bo‘yicha mavjud limitni to‘ldirishi kerak.
DXSh loyihalari davlat xarajatlarini qisqa muddatda kamaytirishi mumkin, ammo XVJ tahlillariga ko‘ra, kelajakda davlat uchun katta to‘lov majburiyatlari yuzaga kelishi ehtimoli bor. Masalan, elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarida davlat asosiy xaridor sifatida kelgusida katta mablag‘ to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar davlat qarzi va budjet limitlariga bosimni kuchaytiradi.
«DXSh loyihalarining aksariyati o‘zining dastlabki bosqichida bo‘lgani sabab loyihalarni tanlash haddan tashqari optimizmga bog‘liq yoki yo‘qligini aniqlash qiyin. Biroq O‘zbekiston bu borada boshqa mamlakatlardan sezilarli darajada farq qiladi deyishga asos yo‘q», - deya ta’kidlagan jamg‘arma ekspertlari.
Yana bir muhim risk manbai sifatida loyihalarni tanlashda markazlashgan tizimning yo‘qligi ko‘rsatilgan. Agar DXSh loyihalari samaradorlik nuqtayi nazaridan yagona markazlashgan platforma orqali baholanmasa, past samarali loyihalar tasdiqlanib ketishi xavfi ortadi. Shu bois, XVJ O‘zbekistonni loyihalar tanlovi va tasdig‘i jarayonlarini kuchaytirishga chaqirgan.
Mavzuga oid

14:30 / 02.11.2024
DXSh loyihalarini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi

16:00 / 28.09.2024
Kuvayt O‘zbekistondagi DXSh loyihalarida ishtirok etishi mumkin

10:50 / 23.09.2024
BAA O‘zbekistonda DXSh loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda

20:53 / 07.09.2024