O‘zbekiston va Misr Sulton Sayfiddin Qutuz haqida film yaratishi mumkin
Misr davlat kutubxonasida "Sulton Sayfiddin Qutuz tarixidagi yangi sahifalar" mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Foto: "Dunyo" AA
Anjumanni ochib bergan O‘zbekiston elchisi Mansur Qilichev, Misr davlat kutubxonasi fondi direktori, elchi Rizo al-Toifiy hamda o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan "Sayfiddin Qutuz – co‘nggi zarba" nomli kitob muallifi Bekzod Abdirimov bu kabi tadbirlarning ikki birodar davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi muhim ahamiyatini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Misrdan tarixchilar, yozuvchilar hamda san’at sohasi vakillari qatnashgan tadbirda ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi asrlar davomidagi tarixiy aloqalarga muhokama qilindi.
Islom dunyosi tarixidagi qahramon siymolardan biri – Qutuz Xorazmshohlar davlati hududida, ko‘hna Xorazmda tug‘ilgan. Yoshligida ona vatanini tark etgan Sulton Sayfiddin Misr sultoni darajasiga yetib, 1260 yilda Ayn Jolut jangida mo‘g‘ullarga qarshi hal qiluvchi g‘alabaga erishdi hamda Misr va islom olamining katta qismini muqarrar qirg‘indan saqlab qoldi.
Ta’kidlanganidek, Amudaryo bo‘ylaridan Nil vodiysi yuragigacha bo‘lgan bu g‘ayrioddiy hayot yo‘li Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi chuqur tarixiy bog‘liqlikni yaqqol namoyon etadi.
Anjumanda O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi munosabatlar birgina tarixiy shaxs bilan cheklanib qolmasligi, asrlar davomida olimlar, savdogarlar, talabalar va davlat arboblari ikki mintaqa o‘rtasida qatnab, bilim va qadriyatlar almashinuvi orqali har ikki sivilizatsiyani boyitgani qayd etildi. Ahmad Al-Farg‘oniy, Misrda hukm surgan Tuluniylar, Ixshidiylar, Xorazmshohlar va Mamluklar davridan tortib, Al-Azhar va Naqshbandiya an’analarigacha — ikki xalqni o‘zaro hurmat va umumiy taqdir uyg‘unligi bog‘lab turgan.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston va Misr kinoijodkorlari tomonidan Sulton Sayfiddin Qutuz haqida badiiy va hujjatli filmlar yaratish bo‘yicha tashabbusni ilgari surdi. Bunday loyihalar ikki xalq o‘rtasidagi ming yillik do‘stlikni bugungi va kelajak avlodlarga yetkazishda muhim vosita bo‘ladi.
Mavzuga oid

14:11 / 22.06.2025
Misrdan Toshkentga gepatitga qarshi dorining navbatdagi partiyasi olib kelindi

13:42 / 21.06.2025
Misrda O‘zbekiston texnologiyalari asosida traktor ishlab chiqariladi

21:04 / 09.06.2025
Misr gepatitga qarshi dori vositalarining navbatdagi partiyasini O‘zbekistonga yubordi

16:43 / 01.06.2025