Ukraina dronlari Rossiyaning Lipetsk viloyatiga hujum qildi
Korxona va turar joy binolari Ukraina Qurolli kuchlari dronlari zarbasiga uchradi. Ukrainaning xabar berishicha, UUA Rossiyaning kimyoviy energiya manbalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eng yirik korxonasiga hujum qilgan.

Photo: Telegram / exilenova_plus
3 iyul, payshanbaga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Lipetsk viloyatiga uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qildi, deb xabar berdi viloyat gubernatori Igor Artamonov. Unga ko‘ra, Yelets shahrida dron korxonalardan birining avtoturargohiga qulagan. Yong‘in sodir bo‘ldi, u mahalliylashtirilgan. Yaqin atrofdagi ustaxonalar xodimlari evakuatsiya qilindi, qurbonlar yo‘q.
Igor Artamonov bu qanday korxona ekanini aniqlashtirmadi, biroq Ukrainaning Exilenova+ kanali dronlar Rossiyaning kimyoviy energiya manbalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eng yirik korxonasi — "Energiya"ga hujum qilganini bildirmoqda.
Mahalliy aholi ham ushbu korxona hujumga uchragani haqida xabar berdi, deb yozadi Rossiyaning Astra Telegram kanali.
Bundan tashqari, Lipetsk viloyati gubernatori dron qoldiqlari Lipetsk okrugidagi xususiy turar joy binosiga tushgani haqida xabar berdi. Mahalliy aholidan biri halok bo‘ldi, ikki kishi yaralandi. Shuningdek, dron Yeletsda qurilayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismiga tegdi. Derazalar shikastlangan. Yaqin atrofdagi uylar aholisi evakuatsiya qilindi, hech kim jabrlanmadi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tunda Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaning 69 ta, shu jumladan, Lipetsk viloyatida 10 ta uchuvchisiz uchog‘ini urib tushirgan.
Mavzuga oid

23:39 / 03.07.2025
Rossiya Afg‘oniston Islom Amirligini rasman tan oldi

20:34 / 03.07.2025
Ukrainaning Harkiv shahrida soliqlar va yig‘imlar bekor qilindi

16:57 / 03.07.2025
AQSh nafaqat Ukrainaga, balki boshqa mamlakatlarga ham harbiy yordamni to‘xtatdi

16:34 / 03.07.2025