Jahon | 08:07 / 10.07.2025
5650
8 daqiqa o‘qiladi

«Netanyahu sizni urushga boshlamoqda»: Taker Karlson Eron prezidentidan intervyu oldi

Bugun oxirgi kunlarning eng shov-shuvli intervyusi haqida gaplashamiz. Yo‘q, bu suhbatda noodatiy hech qanday sir ochilmadi, hech kim bilmaydigan boshqa gap ham aytilgani yo‘q. Shunchaki intervyu uyushtirilganining o‘zi shov-shuvli bo‘ldi. Amerikalik teleboshlovchi Taker Karlson Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyondan intervyu oldi. Tabiiyki Karlson Eronga bormadi, Pizishkiyon ham AQShga borgani yo‘q. Intervyu onlayn uyushtirildi. Videoda shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Bu Netanyahuning uydirmasi»

Karlson Eron prezidentidan mamlakat yadro dasturidan voz kechishga tayyormi deb so‘radi. Pizishkiyon esa Eronda hech qachon yadro quroli ishlab chiqarish istagi bo‘lmagani, uranni boyitish haqida gap Binyamin Netanyahu o‘ylab topgan uydirma ekanini aytdi.

«Netanyahu 1984 yildan buyon Eron yadro quroli yasashga kirishdi deb Amerika prezidentlarini ishontirib keladi. Lekin biz hech qachon yadro quroli yasashga harakat qilmaganmiz. Chunki bu xato. Eron oliy lideri Ali Xominaiyning buni taqiqlovchi fatvosi ham bor. Atom energetikasi xalqaro agentligi uzoq yillar buni nazorat qilib kelishdi. Lekin oxirgi vaqtlarda bo‘lgan ishlar sabab biz kelishuvni to‘xtatdik», dedi Eron prezidenti.

«Siz Atom energetikasi xalqaro agentligi bilan hamkorlikni to‘xtatgach, dunyo siz uranni boyitmayotganingizga qanday ishonishi, buni qanday tekshirish mumkin?» deb so‘radi Karlson haqli tarzda.
Pizishkiyon bu savolga ochiq javob bermay, Eron bu borada AQSh bilan muzokara o‘tkazayotgan vaqtda Isroil hujum qilib qolganini aytdi. Shuningdek, AQSh hujumi sabab Erondagi yadro texnologiyalari zarar ko‘rgani, ularga yetib borish imkonsizligi sabab xalqaro tekshiruv imkonsiz ekanini aytdi.

«AEXA josusmidi?»

Intervyu davomida Taker Karlson bergan eng o‘rinli savol ham atom energetikasi xalqaro agentligi haqida bo‘ldi. Isroil va AQSh hujumi fonida Eron bu tashkilot bilan hamkorlikni to‘xtatishini e’lon qilgandi. Ma’lumot uchun, dunyodagi barcha uran qayta ishlanadigan, AESlar bor davlatda Atom enetgetikasi xalqaro agentligi inspektorlari bo‘lishi shart. Ular avvalo yadroviy xavfsizlikni ta’minlaydi, shuningdek, davlatlar uranni boyitib undan yadroviy qurol yasash uchun foydalanmasligi uchun tekshiruv olib boradi.

«Janob prezident, Atom energetikasi xalqaro agentligi josuslik qilib Erondagi obektlar haqida Isroilga ma’lumot berib borgani haqida xabarlarga qanday qaraysiz?» deb so‘radi Karlson.

Eron prezidenti buni tasdiqlaganday javob berdi: «Ha, bizda agentlik faoliyati bilan bog‘liq shubhalar bor edi, lekin bu agentlik xodimlari faoliyatiga ta’sir qilgani yo‘q. Ularda barcha yadroviy obektlarimizga kirish imkoni bo‘lgan. Lekin o‘zaro ishonch agentlikning oxirgi hisobotdan keyin yo‘qoldi. Ular hisobotda yadro obektlariga zarba berilishini hatto qoralamadi. Isroil esa bundan o‘z maqsadida foydalanib qoldi», degan Eron prezidenti.

Pizishkiyon Eron AQSh bilan muzokaraga doim tayyor ekani, lekin Netanyahu bu diplomatiyani urush bilan yakson qilayotganini aytgan. Eron prezidetiga ko‘ra, aynan Netanyahu mintaqani beqarorlashtirmoqda.

«Isroil harbiy jinoyat qildi»

Pizishkiyon Isroilning oxirgi hujumi vaqtida harbiy harakatda ishtirok etmaydigan harbiylar o‘ldirilgani, bu esa harbiy jinoyat ekanini aytdi. «Ular birgina odamni o‘ldirish uchun uning oilasini, bolalarini o‘ldirishdi, u yashaydigan binoni yo‘q qilishdi. Oqibatda yosh bolalar, homilador ayollar o‘ldi. Biz yana qanaqasiga AQShga ishonaylik? Yana muzokara bo‘layotganda Isroil hujum qilmasligiga kim kafolat beradi?», dedi Eron prezidenti.

Pizishkiyonning aytishicha, Isroil uni o‘ldirishga harakat qilgan, lekin buning uddasidan chiqmagan. «Men o‘limdan qo‘rqmayman, qachon o‘lishimni Xudodan boshqa hech kim hal qilolmaydi. Davlatimni himoya qilish uchun qonim to‘kilishiga, o‘limga ham tayyorman», degan siyosatchi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Isroil uni muhim yig‘ilish vaqtida o‘ldirmoqchi bo‘lgan.

«Amerikada Erondan qo‘rqishadi»

Taker Karlsonning aytishicha, amerikaliklar Erondan qo‘rqisharkan. «Biz Eron ko‘chalarida odamlar Amerikaga o‘lim tilayotgani, bizni shayton deb atashlarini ko‘ramiz. Bunga qanday qaraysiz?» deb so‘radi Karlson.
«Bu noto‘g‘ri qarash. Eron 200 yildan buyon biror davlat hududiga bostirib kirgani yo‘q. Eronliklar Amerikaga, uning mulozimlariga emas, zulmba, bosqinlarga, jinoyatlarga o‘lim tilashadi. Qachondir eronlik amerikalikni o‘ldirganini eshitganmisiz? Yoki eronlik terrorchi Amerikada terakt sodir qilganmi? Qaytanga sizning prezidentingiz AQSh IShIDni tashkil qilganini tan olgan. Bu guruh mintaqada hammaga hujum qilgan», degan Pizishkiyon.

«Netanyahu sizni urushga boshlamoqda»

Taker Karlson intervyu davomida AQShda yashayotgan eronliklar terror guruhi bo‘limlarimi, degan uydirmani takrorlab bu borada Eron prezidentidan izoh so‘radi. Hatto Amerikada yashayotgan eronliklarni jinoyat qilmaslikka chaqirishni so‘radi. «Buni birinchi marta sizdan eshitib turibman. Bizning odamlar doim aql-zakovati, xushmuomalali ekani bilan ajralib turgan. Ulardan biror yomonlik ko‘rganmisiz? Bunaqa bemaza gaplarni Isroil sizning miyangizga singdirib keladi», dedi Pizishkiyon.

O‘zgacha gaplar

So‘zimiz oxirida qisqacha bu intervyu haqida fikrimni bildirmoqchiman. AQShda Isroilni qo‘llash ilohiy tushunchadek qaraladi. Shu sabab Isroil istalgan davlat bilan tortishuvga haq degan tushuncha amerikaliklar ongida singib qolgan. Biroq oxirgi yillarda Isroilning agressiv siyosati sabab amerikaliklarda ham savollar paydo bo‘la boshladi. Balki Isroilda ham bir qamchi bordir deb o‘ylay boshladi amerikaliklar? Amerika muhojirlar davlati, u yerga dunyoning to‘rt tomonidan odamlar boradi, xususan Yaqin Sharqdan ham. Bu odamlardan to‘rt kishi eshitadigan spikerlar ham chiqadi. Amerikaliklar ularni eshita boshladi, bundan tashqari, ko‘cha-kuyda yaqin sharqlik odamlar bilam gaplashishdi va okean ortidagilarda o‘zgacha ma’lumotlara ehtiyoj paydo bo‘ldi. Chunki qaysi kanalni yoqmang bitta Jon yoki Meygan chiqib Isroil zulmga uchraganini gapirayotgan bo‘ladi. Taker Karlsonning intervyusi shunisi bilan muhimki, endi amerikaliklar Eron prezidentini eshitishlari mumkin bo‘ladi. Chunki bu intervyuni oddiy amerikalik emas, eng mashhur teleboshlovchi olib, 4,25 million obunachisi bor yutub kanalida e’lon qildi. Amerikaliklar yaqin sharqlik bloger birodarlar, Eron prezidentini ham eshitinglar desa beparvo bo‘lishlari mumkin, lekin kimsan Taker Karlson, Trampning do‘sti, butun boshli mamlakat siyosatiga ta’sir ko‘rsatadigan odam bu gapni aytsa, Mas’ud Pizishkiyonni eshitib ko‘rishadi. Biz Taker Karlsonni ko‘p tanqid qilganmiz, lekin bu ishi uchun olqishlaymiz.

O‘tkir Jalolxonov
Faxriddin Xotamov

Mavzuga oid