O‘zbekiston | 18:59 / 11.07.2025
6528
28 daqiqa o‘qiladi

Chorvoq bo‘yida kurort shaharcha qurishmoqchi. Bu – O‘zbekiston tabiatiga xavfmi?

Faollar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qurilish ishlari sababli ichimlik suvi ifloslanib, uning sathi keskin tushib ketishidan, qolaversa, hududdagi daraxtlar kesilib, yashillikka putur yetishidan, odamlar suv sohiliga kirishiga cheklovlar kiritilishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

Foto: Kun.uz

So‘nggi haftalarda Chorvoq suv ombori sohilida yangi Sea Breeze Uzbekistan kurort majmuasi qurilishi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Loyiha haqida qisqacha

Bunday reja o‘tgan yil dekabrida, ozarboyjonlik tadbirkor Emin Agalarov loyihani O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etganida ma’lum bo‘lgandi.

Loyihaga ko‘ra, unda dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar bo‘ladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.

Ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshirilishi, kelajakda o‘ziga xos turizm habiga aylanib, unda yil davomida dam olish va yashash mumkin bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev 2025 yil aprel oyida sayyohlik oromgohining bosh rejasi bilan tanishgandi. Davlat rahbari bu loyiha barcha sayyohlarga qulay bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, majmuani zarur infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Loyiha Chorvoqning 577 gektar yer maydonini egallashi ko‘zda tutilgan. Dastlabki bosqichda 100 gektar hudud qamrab olinadi.

Bu hududda mehmonxona binolari, turar joylar, dam olish va ko‘ngilochar infratuzilmadan iborat kichik shaharcha qurish rejalashtirilgan.

Faollar va blogerlar nima deydi?

Toshkent shahri va atrofdagi hududlar uchun asosiy chuchuk suv manbayi hisoblangan manba – Chorvoq suv ombori bo‘ylarida xalqaro turizm markazi qurishni ko‘zda tutuvchi Sea Breeze Uzbekistan loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda katta norozilikka sabab bo‘ldi.

Ekobloger Urikguli (Mo‘tabar Xushvaqtova) Instagram sahifasida ushbu loyiha haqida ekspertlar va inflyuyenserlarning fikrlari to‘plangan videoni e’lon qilgan jtimoiy tarmoqlarda katta rezonansga sabab bo‘ldi – video hozirgacha 1,4 mln marta ko‘rildi, uning ostida #saveChorvoq heshtegi bilan 7 mingga yaqin izoh yozilgan. Videoda qatnashganlar bo‘lajak kurortning Chorvoq suv omboridagi gidrologik muvozanatiga ta’siri haqida xavotirli fikrlarini bildirishgan.

Xususan, tabiiy fanlar doktori, mikroblar ekologiyasi, atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha mutaxassis Yulduzxon Abdullayevaning aytishicha, ayni loyiha sabab hududdagi bioxilmaxillikka shikast yetishi mumkin.

«Birinchi navbatda bioxilmaxillik katta zarar ko‘radi. Chunki Chorvoq suv ombori va uning atrofida O‘zbekistonning eng noyob o‘simliklari va hayvonlari yashaydi. Ko‘plab qurilish materiallarini o‘sha hududga tashish talab etiladi. Bizda suv yo‘li bo‘lmagani uchun quruq yo‘ldan tashish amalga oshirilishi kerak, bu esa havo ifloslanishiga olib kelishi mumkin. Favvoralar, basseynlar tashkil etilsa, albatta Chorvoq suvidan foydalanishga to‘g‘ri keladi va bu suvdan ko‘p foydalanish Chorvoqning gidrologik muvozanatini buzishi mumkin.

Environmental impact assessment amalga oshirilishi lozim. Bu ekologik baholash degani. Natijasi ommaga e’lon qilinishi shart va buni biz bilishimiz hammaning huquqi hisoblanadi. Ekologik baholashdan natijasi yaxshi chiqmasa, bu qurilish bekor qilinishi kerak», – deydi u.

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti kichik ilmiy xodimi Alisher Xudoyberdiyev esa buning qishloq xo‘jaligiga ham salbiy ta’siri bo‘lishini taxmin qilgan.

«Qayiqlar, motorli qayiqlar bo‘ladimi – barcha-barchasida suvning sifatini o‘zgartiruvchi bo‘lgan zaharli moddalar quyilishi ehtimoli juda yuqori. Suv sifati yomonlashganidan keyin u to‘g‘ridan to‘g‘ri aholiga yetib borishi ham mumkin. Qishloq xo‘jaligi maydonlariga borsa, u yerdagi ekinlarning o‘zgarishiga ham olib kelishi mumkin», – degan xodim.

Urbanist Iskandar Soliyev quruvchi investorlarning reallikda aytgan va’dalari bajarilmayotgani, qurilishlar nazoratsiz qolayotganini bildirgan.

«Suv ombori atrofida bunday katta loyiha amalga oshirilishi xato qarorlardan deb o‘ylayman. Emin Agalarov o‘z videolarida ekologik tomonlarini hisobga olgan holda suv tozalash qurilmalarini ishlatib, shundan so‘ng qurilish boshlanishini aytyapti. Lekin O‘zbekistonda ekanimizni hisobga olsak, bilamiz, kimki nimadirni qurishdan oldin qanday va’dalar bersa, baribir ertaga amalda u narsa bo‘lmaydi. Asosiy xavotir shundan», – deydi Soliyev.

Loyiha asoschilari nima deydi?

Loyiha asoschisi, ozarboyjonlik tadbirkor Emin Agalarov bu munozaralar ortidan O‘zbekiston mediasi vakillari bilan Bokuda uchrashuv o‘tkazib, Sea Breeze’ning muqobili bo‘lishi kutilayotgan loyiha bilan tanishtirdi va savollarga javob qaytardi.

U hududda ayrim daraxtlar kesilishi mumkinligini tan olgan, shu bilan birga, bu daraxtlar o‘rni ko‘prog‘i bilan qoplanishi, Chorvoqdagi oqova suvlar yig‘ilib, suv sifati yaxshilanishiga va’da bermoqda.

Agalarov bu borada mahalliy va xalqaro ekspertlar kengashi tuzilishini, har bir muhokamali masalalarda ekspertiza o‘tkazilib, natijalari e’lon qilinishini bildirdi.

Quyida Agalarov bilan bo‘lgan intervyu keltiriladi.

– Loyiha Chorvoqqa xavf tug‘dirmaydimi?

– Tarmoqlarda izohlarni o‘qiyapman, yozishyaptiki: xuddi biz «suvni ifloslantiramiz, hamma narsani buzamiz» va hokazo. Bu borada mening oddiy pozitsiyam bor. Bugungi kunda Chorvoq shundoq ham xavf ostida.

Ayni vaqt sodir bo‘layotgan voqealar: suv sifati yaxshilanmay, aksincha yomonlashayotganini tushunib turibmiz. Chunki, birinchidan, hududda oqova suvlar yig‘ilmaydi. Ikkinchidan, O‘zbekistondagi qurilishlar tartibsiz olib boriladi.

Hozirda u yerda «shambo» (kanalizatsiya suvlari germetik chuqurlikda yig‘ilib, maxsus texnika yordamida tozalanadigan) tizimidan ham foydalanishmoqda. Men ekologiya vaziringiz bilan gaplashdim. Hech narsani nazorat qilishning iloji yo‘q, chunki hozir kimdir nimadir qurgan, uning hojatxonasidagi tashlanmalar yerga oqizilgan, u oqova suvlar esa suv omboringizga quyilgan vaziyat. Buning oqibatida suv xiralashishi, agar chora ko‘rilmasa, o‘z-o‘zidan uning sifati tushib ketishi aniq.

Mening taklifim shunday: vazirlik bilan muhokama qilganimizdek, butun Chorvoq bo‘ylab umumiy kollektor o‘rnatib, birinchi navbatda kanalizatsiya va oqova suvni yig‘ish kerak. Bu – biz Bokuda qilgan ishimiz. Bu yerdagi suv sifati so‘nggi 10 yil ichida har yili yaxshilanib bormoqda. Chunki tobora ko‘proq mahalliy aholi ham kollektorlarimizga ulanyapti va shunga mos ravishda dengizga tushadigan kanalizatsiyadan xalos bo‘lyapmiz.

10 yil avval yozda suvdan yoqimsiz hid keladigan mavsumlar bo‘lardi. FVV har yili barcha plyajlarda, shu jumladan, biznikida ham suv tahlilini o‘tkazadi. Bu yil ko‘plab plyajlar suv sifati talabga javob bermagani uchun ochilmadi. Bizning plyaj esa bugungi kunda eng tozasi bo‘lib chiqdi. Bu dengizni tozalaganimiz uchun emas, balki qirg‘oq chizig‘i bilan to‘g‘ri ishlaganimiz uchun. Bu birinchi fakt.

Ikkinchi muhim fakt. Ozarboyjonda qonun bo‘yicha yer sotib olsangiz, dengizdan 50 metrdan yaqinroq masofada qurilish qila olmaysiz. Men bu yerlarni ataylab sotib olib, qurilish chizig‘ini taxminan 400-500 metr ortga surdim. Plyaj juda keng. U yerda kafe, restoran, yo‘l va bulvarlar bor. Men bu jamoat zonasini saqlab qolish va dengizga yaqin qurmaslik uchun qurilishni orqaroqqa surdim. Chorvoqda ham shunday qilamiz.

Chorvoq va unga tutash yerlar bir necha o‘n ming gektarni tashkil etadi. U yerda nima qilsak ham, bu kimgadir yoqmasa ham, bu butun Chorvoqning 1 foizini tashkil etadi. Lekin hamma menga yopishib oldi, go‘yoki men u yerda hamma joyda qurilish qilib, buzib tashlayman. 1 foiz!

Bu loyiha Chorvoq suvi, suv ombori uchun qanday xavf tug‘dirishi mumkin? Bizni muayyan ekologik normalarga rioya qilishga majbur etadigan qonunlar bor. Qurilishda ekologik toza materiallardan foydalanish kerak. Loyihani ekologiya, shaharsozlik boshqarmalari, FVV va yong‘in xavfsizligi xizmati bilan ishlar boshlanishidan oldin kelishish kerak.

Biz bu protseduralardan qonuniy ravishda o‘tishimiz lozim. Obektni foydalanishga topshirishda ulardan yana qayta o‘tamiz, barcha instansiyalar kelib, o‘z tekshiruvini o‘tkazadi. Bu – bizning majburiyatimiz, aks holda biz qonunni buzamiz, hech narsani foydalanishga topshira olmaymiz, sota olmaymiz va odamlarga biz qurayotgan ko‘chmas mulk uchun hujjatlarni bera olmaymiz. Bu – biz qilishimiz shart bo‘lgan ishlar.

– Energetika va infratuzilma tizimi qanday bo‘ladi?

– Biz muqobil energetikaga jiddiy qarayapmiz. Shunga ko‘ra, barcha yassi tomlarni quyosh panellari bilan qoplashni rejalashtiryapmiz. Birinchi bosqichda, adashmasam, 45 ta bino quyosh batareyalari bilan jihozlanadi. «Aqlli» texnologiyalardan foydalanamiz.

Men yaqinda Rossiyada «SberSiti»da bo‘ldim, ular ajoyib konsepsiya o‘ylab topishibdi. Biz hozir tender o‘tkazyapmiz – har bir kvartiraga boshqarish imkonini beruvchi planshetni integratsiya qilish. Bu pardalarni ochib-yopish, chiroqni o‘chirish funksiyalaridan tashqari, kvartiradan chiqayotganda bitta tugma bilan butun uydagi chiroqni o‘chirish imkonini beradi. Bu apart-otellar prinsipi asosida bo‘ladi.

Infratuzilmaga kelsak, biz bu yerda 17 yil davomida kommunikatsiyalarsiz yashadik. Markaziy kanalizatsiya yo‘q edi, tozalash inshootlarini o‘rnatishga majbur bo‘lgandik. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bizda hozir kanalizatsiya suvini qayta ishlaydigan va keyin sug‘orishga yo‘naltiradigan tozalash inshootlari yo‘q. Ilgari ularning soni yuzlab edi.

Keyin markaziy kanalizatsiya tarmog‘i faqat Sea Breeze’ga emas, balki butun 50 kilometrlik qirg‘oq chizig‘iga tortildi. Barcha mahalliy aholi, qo‘shnilarimiz ham unga ulandi. Davlat «ha, endi bu mintaqaning infratuzilmasi va kommunikatsiyalariga sarmoya kiritish mumkin» degan qarorga keldi.

Xuddi shu narsa Chorvoqda ham sodir bo‘ladi. Nega hozir u yerda markaziy kanalizatsiya yo‘q? Chunki bu davlat uchun foydali emas. Milliardlab dollar jalb qiladigan investitsiya loyihasi kerak, shundan so‘ng davlat «ha, endi bizda shunday imkoniyat paydo bo‘ldi, investitsiyalar keldi, kelinglar u yerga yana bitta yo‘l quramiz, kanalizatsiya qilamiz, elektr o‘tkazamiz» degan qarorga keladi.

– Qurilish sabab daraxtlar va bioxilmaxillikka zarar yetmaydimi?

– Tabiiyki, binolar qurilish maydoni uchun daraxtlarning bir qismini tozalashimiz va ko‘chirib o‘tkazishimiz kerak bo‘ladi. Biz ularning hammasini saqlab qolishni istaymiz. Lekin gap bunda emas. Bu yerda [Ozarboyjonda] 10 million tup o‘simlik va daraxt ekilgan. Ekkanlarimizning 90 foizi bizgacha Ozarboyjonda umuman bo‘lmagan.

Biz Chorvoqqa aksincha, yangi o‘simliklarni qo‘shmoqchimiz. Hozirda biologlarimiz aynan shu ustida ishlashmoqda, ular daraxt, o‘simlik va butalarning navlarini aniqlashyapti.

O‘nlab, ehtimol, yuzlab ilgari u yerda mavjud bo‘lmagan navlar bo‘ladi. U yerda hozircha hammasi biroz tartibsiz, tabiiy holatda va tarixan o‘sadigan besh xil daraxt turi bor, xolos. Bu albatta juda chiroyli ko‘rinadi, buni inkor etmaymiz. Ammo biz shunday o‘simliklar, daraxtlar qo‘shmoqchimizki, ular aniq shaklga, o‘ziga xos uslub va konsepsiyaga ega bo‘lsin. Xuddi bu yerda biz yaratgan ko‘plab bog‘lar kabi u yerda ham ana shunday tizimlashtirilgan yashil hududlar tashkil qilmoqchimiz.

Men developer sifatida o‘z oldimga oddiy bir vazifani qo‘yganman. Agar bu yerda sayr qilish uchun umumiy hududlar, bog‘lar, sohil bo‘yidagi plyaj zonalari bo‘lgan go‘zal, zamonaviy muhit yaratmasam, o‘sha ko‘chmas mulkni sotolmayman, uni oxirigacha qurib tugatolmayman, bu yer yana davlat tasarrufiga qaytadi va men to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchrayman.

Vazifam – buning aksi. Bu yerda eng avvalo infratuzilma yaratdim: millionlab daraxtlar ekdim, yo‘laklar, bulvarlar, sayr qilish joylarini tashkil qildim, to‘rt turdagi chiqindilar uchun alohida axlat qutilarini o‘rnatdim, golfkarlar (kichik elektromobillar) olib keldim, dastlabki restoran va ko‘ngilochar joylarni qurdim, bir necha festival o‘tkazdim. Shunda odamlar keldi, ko‘rdi va aytdi: «ha, bu yerda yashasa bo‘ladi». Axir bu – biznes.

Men mamlakatga olib kiraman deb aytgan investitsiyalar va bunday yirik loyihalar kamida 10 milliard dollar degani. Bu shunchaki pul emas. Buning uchun butun bir ekotizim yaratish kerak. Shunday ekotizimki, u investorni ishonch bilan qaror qabul qilishga undasin. Investor birinchi navbatda nima deb so‘raydi? «Men pul tikyapman, bu yerda yo‘qotmaymanmi? Nega ishonchim komil bo‘lishi kerak?» Shu yerda ekologik omil asosiy tarkibiy qismlardan biri hisoblanadi. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan, ekologik jihatdan noqulay joyda ko‘chmas mulkni sotishga urinish – bu developer qilishi mumkin bo‘lgan eng nodonlarcha qaror bo‘ladi. Aksincha, biz bu hududda ekologiyani tiklashimiz kerak: odamlar hozir bu yerda nima bo‘layotganini tushunishi, Chorvoqni kanalizatsiya va oqova suvdan xalos qilishimiz, chiroyli o‘simliklar, daraxtlar ekishimiz va butun sohil bo‘ylab infratuzilmani to‘g‘ri tashkil qilishimiz kerak.

– Qurilish chiqindilari qayerga ketadi?

– Bu masala xuddi shu yerda qanday hal etilsa, Chorvoqda ham shunday bo‘ladi. Biz ham dengiz bo‘yida qurilish qilyapmiz. Qurilish chiqindilari maxsus kompaniyalar tomonidan olib chiqiladi va utilizatsiya qilinadi. Axir chiqindi yonida siz mulk sotolmaysiz-ku. Yo‘l kengaytiriladi, ko‘prik quriladi, yana bir yo‘l barpo etiladi. Qurilish materiallari va chiqindilarni olib o‘tish uchun aynan shu yo‘l tanlanadi. Qurilish chiqindisiz bo‘lmaydi.

Shunchaki ma’lumot uchun aytaman, hozirda Chorvoqda keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda. Hajmi jihatidan u ishlar men qurayotgan loyihadan kam emas, deb o‘ylayman. Faqatgina bu qurilishlar turli nuqtalarda olib borilayotgani sababli uni bitta joyda ko‘ra olmaysiz. U yerdagi chiqindi qayerga ketyapti, sizningcha? U ham qayergadir yo‘qolayapti.

Agar davlat Chorvoqdagi barcha quruvchilar bilan to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘ya olsa, men bilan ishlash eng osoni bo‘ladi, chunki men yagona hududda qurilish olib boraman. Agar men chiqindi tashlasam, uni darhol ko‘rish mumkin, kelib tekshirish, meni tanqid qilish yoki jarimaga tortish mumkin.

Men chiqindilarni atrofga tashlamoqchi emasman, chunki siz aytgan ekologik masalalar – bu yerda eng avvalo men o‘zim manfaatdor bo‘lgan masalalardir. Chunki men ko‘chmas mulk sotishim uchun bu muammolar hal bo‘lishi kerak. Demak, bu shunchaki bir vazifa emas, agar men bu masalalarni hal qilmasam, u yerda hech nima sotolmayman, biznes bo‘lmaydi va hech narsa chiqmaydi.

– Loyiha uchun ekologik ekspertiza o‘tkaziladimi?

– Ekspertizadan o‘tkazmaslik noqonuniy bo‘ladi. Ya’ni agar men bu ekspertizalarni o‘tkazmasam, qamoqqa tushishim mumkin. Men esa, ochig‘i, qamoqda o‘tirishni istamayman. Bu – birinchi jihat.

Ikkinchidan, biz bu yerda nima qildik: mahalliy aholi bilan jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazdik. Aynan shunday ochiq eshituvlar Chorvoqda ham o‘tkaziladi. Chunki aholi orasida «bu yerda nima bo‘ladi?», «qanday amalga oshiriladi?», «nima reja qilinmoqda?» degan tushunmovchiliklar bo‘lishini istamayman – bu haqda aniq axborot bo‘lishi kerak.

Shu bois, biz hozir maxsus ishchi guruh tuzyapmiz. Men bilan bu yerda Firuza Sulton-zoda xonim ishlamoqda – u mustaqil ekolog, professor, endilikda esa mening doimiy ekologik maslahatchim. Firuza xonim hozirda Sea Breeze loyihasi bo‘yicha ekologik tahlil o‘tkazmoqda. Balki men nimanidir nazardan qochirgandirman, qandaydir omillarni hisobga olmagandirman. U menga aniq tavsiyalar beradi va men ularni albatta amalga oshiraman. Chunki bu men uchun ham bevosita manfaatli.

Firuza xonim orqali xalqaro ekologlarni ham jalb qilamiz va ularning ishtirokida ekologik masalalarni hal qilish bo‘yicha maslahat kengashi tuzamiz. Bunday masalalarni men faqat Chorvoqda emas, balki boshqa hududlarda ham qilishim kerak bo‘ladi. Biz Sea Breeze ’ni Issiqko‘lda (Qirg‘iziston), Qozog‘iston tog‘larida, Ozarboyjondagi Shaxdagda, Turkiyaning Bodrumida, Chernogoriyada – ya’ni har yerda suv manbalariga yaqin joylarda qurishni rejalashtiryapmiz.

Demak, daryolar, ko‘llar, suv omborlari – qayerda Sea Breeze qurilishi mumkin bo‘lsa, o‘sha yerda ekologik masalalar dolzarb bo‘ladi. Shuning uchun men bu muammoni har bir joyda alohida emas, balki umumiy, tizimli tarzda – xalqaro ekologlar bilan hamkorlikda yechmoqchiman.

Ishoning, men ekologlar jamoasi oldiga juda aniq vazifa qo‘yganman: «dunyodagi eng ekologik shaharni barpo etish». Maqsadim – «Yashil kalit» (Green Key) sertifikatini qo‘lga kiritish va odamlar orasida ishonch uyg‘otish. Biz qilayotgan ish shunchaki biznes emas, bu avvalo ekologiyaga xizmat qiluvchi tashabbus. Aks holda, bu shaharlar hech qachon haqiqiy darajada zamonaviy va jozibali bo‘la olmaydi. 

– Qancha ish o‘rni yaratiladi?

– Bu yerda Sea Breeze ochilgani sababli turistlar soni oshdi, ular ko‘proq mablag‘ sarflayapti, aholi bandligi oshyapti. Hozirda menda 27 ming nafar rezident va 7 ming nafar xodim bor. Ulardan ming nafari – bu yerda tarixan yashab kelgan qo‘shnilarim. Ular munosib ish haqi olishmoqda, ishlamoqda va oilasini boqmoqda.

Chorvoqdagi loyihada qancha ishchi o‘rni bo‘lishi haqida hozircha aniq aytish qiyin, ammo bugungi holatga qarab aytadigan bo‘lsam, ayni vaqt mening shtatimda 7 ming xodim bor. Shunga qo‘shimcha, taxminan 15 ming kishi turli sohalarda – kafe, restoranlar, subpudratchi tashkilotlar, lift o‘rnatish, plyaj klubi yoki basseyn tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi, bevosita menga bog‘liq bo‘lmagan xodimlar sifatida faoliyat yuritishmoqda.

Agar keyingi yilda 55–57 ming nafar rezident bo‘lishini kutayotgan bo‘lsam, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga olingan xodimlar soni taxminan 15 ming atrofida bo‘ladi.

– Loyiha qachon amalga oshirilishi kutilmoqda?

– Agar o‘zbek hamkorlarimizdan hammasi tez o‘tsa, men ham tezda boshlayman. Ammo men hech narsani qonunga xilof tarzda qila olmayman. Barcha kelishuv jarayonlarini yakunlaganimiz zahoti qurilishga kirishamiz. Menimcha, agar qaror yaqin orada imzolansa, kelasi yozdayoq dastlabki infratuzilma obektlarini namoyish eta olamiz. Hech bo‘lmaganda bir kilometrlik bulvar quramiz, uni obodonlashtiramiz, daraxtlar ekamiz, qurilish hududi bilan umumiy hudud orasiga to‘siq o‘rnatamiz. Bulvar keng bo‘ladi, u yerda hojatxonalar, kiyim almashtirish xonalari, plyaj klublari, hattoki basseynlar qurishga ulguramiz. Bu hududdan cho‘milish, quyoshda toblanish, dam olish uchun hamma foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Dastlabki bosqichda taxminan 300 ming kvadrat metr maydon qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun bizga taxminan 400–450 million dollar kerak bo‘ladi. Umuman olganda, 7 million kvadrat metr salohiyatli qurilish maydoniga ega bo‘lgan loyiha uchun umumiy investitsiyalar 10 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu raqam oshishi ham mumkin. Masalan, hozirgi Sea Breeze loyihasining o‘zi 22 kilometr hududni qamrab oladi, 1,5 ming gektar, 25 million kvadrat metr maydon qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu loyiha qiymati taxminan 60 milliard dollar atrofida.

– Ishlar ketma-ketligi qanday, dastlab nima qilinadi?

– Bizning «yo‘l xarita»miz quyidagicha: avval hududdagi mavjud muammolarni aniqlash, ya’ni qurilish boshlanishidan avval nimani yaxshilash mumkinligini ko‘rib chiqamiz – bu ekologik omillarni tuzatish va hozirgi holatni yaxshilashga xizmat qiladi.

Ikkinchi bosqich – xalqaro ekologlar va ekspertlar kengashidan tavsiyalar olishdir. Qonun bizni bunga majbur qilmaydi, bu ixtiyoriy tavsiyalar bo‘ladi. Ammo bu – qanday qilib maksimal darajada ekologik loyiha qilish mumkinligini ko‘rsatib beradi.

Va, albatta, mening vazifam aynan shudir. Men bu yerda bolalarim bilan yashayman. Eng kichik qizim 6 yoshda. Shubhasiz, men ekologiya saqlanishini xohlayman, lekin bu bilan birga xavfsizlikni ham ta’minlamoqchiman: avtomobillar yurmasin, bolalar maydonchalari bo‘lsin – bular men uchun ustuvor masalalardir.

Oddiygina bir stereotip bor: tadbirkorga xuddi yomon odam, o‘g‘ri, faqat pul ishlashni istaydigan kishi sifatida qaraladi. Ammo birinchi navbatda, men Chorvoqda nima qursam, o‘sha yerda qoladi. Men uni o‘zim bilan olib ketolmayman. Obodonlashtirish nuqtayi nazaridan biz nima qilsak, undan hamma foydalanadi: ham turistlar, ham mahalliy aholi, ham u yerga doimiy yashash uchun ko‘chib kelganlar. Ya’ni, hech nima yopib qo‘yilmaydi. Bu yerga har kuni, ayniqsa mavsumda, o‘n minglab odamlar keladi, dam oladi. Ular orasida xorijiy mehmonlar, shahar va viloyatlardan kelganlar ham bo‘ladi.

– Loyihaning iqtisodiy rentabelligi qanday?

– Bizning foydamiz taxminan 30 foiz bo‘ladi. Hozirgacha Sea Breeze – bu mening yagona biznes loyihamki, men u yerdan hali hech qanday daromad ko‘rganim yo‘q va yaqin yillarda ham ko‘rmayman. Bizning konsepsiyamiz shunday: olgan foydamning 30 foizini infratuzilmaga sarflayman. Bu faqat ekologiya bilan bog‘liq emas – bu lunaparklar, akvaparklar, maktablar, shifoxonalar ham qurilishi bilan ham bog‘liq.

O‘tgan yili biz taxminan yarim milliard dollarlik ko‘chmas mulk sotdik. Shundan taxminan 100 million dollar daromad oldik. Ularning barchasi qayta sarflandi. Ko‘kalamzorlashtirishning o‘zi uchun o‘tgan yili 35 million dollar sarfladim.

Bu – xuddi shahar ichida shahar qurishdek gap. Bu yerda shifoxona 3 oy ichida ochiladi. Maktablar bitta emas, kamida 10 ta bo‘ladi. Universitet, muzeylar qurilishi rejalashtirilgan. Ya’ni bu kichik kurort shaharcha bo‘ladi. Men «kichik» deyapman, lekin bu development kontekstida katta loyiha. Chorvoqda paydo bo‘ladigan shaharcha butun zarur infratuzilmaga ega bo‘lishi kerak. Odamlar u yerda yil davomida yashashi, ishlashi kerak. Mavsumdan tashqari u hudud «o‘lik» bo‘lib qolmasligi lozim. Bolalaringiz o‘qishi uchun maktablar, bog‘chalar bo‘lishi kerak – bularning barchasi bu yerda allaqachon bor.

O‘zining ekotizimi bo‘lgan hudud bo‘ladi. Ingliz tilida self-sustained green city, ya’ni «o‘zini o‘zi ta’minlovchi yashil shahar» degan tushuncha bor. Biz aynan shuni Chorvoqda ham amalga oshirmoqchimiz.

O‘tgan yili Sea Breeze Ozarboyjon budjetiga jami 45 mln dollar qo‘shdi va mamlakatdagi 62-eng yirik soliq to‘lovchisiga aylandi. Mendan oldin asosan davlat korporatsiyalari turadi. Bu 45 mln dollar menga suv, gaz, yo‘l olib kelish vazifasini qo‘yish orqali davlatga ham infratuzilmada ishtirok etish imkonini beradi. Kelgusi yili men 80 mln dollar to‘layman.

Ya’ni, kurort loyihasi tufayli davlatda Chorvoqqa sarmoya kiritish uchun ham ko‘proq imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Hozir davlat uchun bu qimmat, chunki u yerda odamlar kam, mehmonxonalar yetishmaydi. Men sarmoya kiritayotganim uchun davlat ham bugun sarmoya kirita oladi.

– Plyajlar faqat pulli bo‘ladimi?

– Plyaj va sohil chizig‘i umumiy bo‘lishi kerak. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, menda pulli va bepul plyaj zonalari ham bor. Bepullari ham xuddi pullilaridek sifatga ega: shunday infratuzilma, kiyim almashtirish xonalari, hojatxonalar, ona va bola xonasi, futkortlar, ko‘kalamzorlashtirish, irrigatsiya tizimi – hamma narsa xuddi shu prinsip asosida amalga oshirilgan.

Chorvoq sohil chizig‘ining uzunligi bir necha yuz kilometr. Biz hozir loyiha bo‘yicha rejalashtirilgan 5–5,5 kilometr haqida gapiryapmiz. Ya’ni Chorvoq uchun bu bir necha foiz, xolos. Chorvoqdagi Sea Breeze Uzbekistan tufayli odamlar baribir butun qirg‘oq chizig‘iga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi

Mavzuga oid