O‘zbekiston | 15:27 / 11.07.2025
8607
3 daqiqa o‘qiladi

„Uchastkavoy“ prezident bilan uchrashuvda kapitanga aylandi

Suhbat chog‘ida Shavkat Mirziyoyev inspektordan kelgusi yil jinoyat bo‘lmasligi uchun qaysi xonadonda qanday ish qilayotgani va qaysi xonadon hamda tashkilotdan xavfsirashi haqida so‘radi. Inspektor mahallada xavfli tashkilot va muammo yo‘qligini, shuningdek, 2025 yil oxirigacha hududda birorta jinoyat sodir bo‘lmasligiga va’da berishini aytgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi Yangi Kamolon mahallasi inspektori bo‘lgan katta leytenantga kapitan unvonini berdi. Bu davlat rahbarining Shayxontohur tumaniga tashrifi vaqtida sodir bo‘ldi.

«O‘zbekiston 24» lavhasida qayd etilishicha, aholi xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish maqsadida mahalla inspektori xonasida situatsion markaz tashkil etilgan. Unga ko‘p qavatli uylarning yo‘laklaridagi kuzatuv kameralari va ichki ishlar tizimining xavfsizlik dasturlari bog‘langan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida bu yil mahallada birorta ham jinoyat qayd etilmagan.

«Islohotlar shtabi» faoliyati taqdimoti chog‘ida mahalla inspektori prezidentga mahalla aholisi, ayol va erkak, yoshga doir ma’lumotlar, ko‘p qavatli uylar va doimiy qancha fuqaro yashayotgani, ularning qanchasi qaysi viloyatdan ekani kabi ma’lumotlar jamlangan dasturni ko‘rsatdi.

Shavkat Mirziyoyev undan kelgusi yil jinoyat bo‘lmasligi uchun qaysi xonadonda qanday ish qilayotgani va qaysi xonadon hamda tashkilotdan xavfsirashi haqida so‘radi.

Inspektor mahallada xavfli tashkilot va muammo yo‘qligini, shuningdek, 2025 yil oxirigacha hududda birorta jinoyat sodir bo‘lmasligiga va’da berishini aytdi.

«Xavfli tashkilotimiz yo‘q. Chunki mahalla yettiligi bilan birgalikda xizmat olib boryapmiz. Hech qanday muammo bo‘lmayapti. Men, katta leytenant, shu mahallamda 2025 yil oxirigacha mahallam yettiligi bilan birga birorta jinoyat sodir bo‘lmasligiga va’da beraman», – degan u.

Davlat rahbari shu yerning o‘zida bosh vazirga ushbu inspektorga kapitan unvonini berish haqida topshiriq bergan.

«Agar har bir „uchastkavoy“ shunday harakat qilsa, bizda jinoyat bo‘lmaydi. Unvonni ertaroq berishga huquqim bor. Jasorat bilan, ishonch bilan aytyapsan, hayotingni shunga bag‘ishlagansan. Mana senga o‘xshaganlarni tarbiya qilmoqchiman. Mana sen nazoratga olingan kadr bo‘lding. Kapitanlik bilan tabriklayman! Unvon bilan!», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Muhtaram prezident, ruxsatingiz bilan, so‘zim oxirida ichki ishlar tizimi xodimlari nomidan Yangi O‘zbekistonda Yangi Kamolon mahallasi eng namunali mahalla bo‘lishiga men sizga va’da beraman. O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman!» – degan kapitanga aylangan katta leytenant.

Mavzuga oid