Jamiyat | 08:39 / 13.07.2025
3441
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda noyob jonivorlarni ovlaganlar tabiatga 4,5 mlrd so‘m zarar yetkazdi

Foto: Surxondaryo viloyat Ekologiya boshqarmasi

Surxondaryo viloyati Surxon davlat qo‘riqxonasida ikki hayvonni ovlaganlar tabiatga 4,5 mlrd so‘m zarar yetkazdi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, 5 iyul kuni Surxon davlat qo‘riqxonasining «Xatak» bo‘limi, «Oltikunlik» massivida o‘tkazilgan reyd chog‘ida noqonuniy ov holati aniqlanib, Qizil kitobga kiritilgan ikki bosh burama shoxli echki (morxo‘r) ovlangani ma’lum bo‘ldi.

Reyd  davomida qo‘riqxona hududida qurol bilan  harakatlanayotgan uch fuqaro shubha uyg‘otadi, ularning harakati kuzatiladi. Ular toshloq va tik qiyaliklarda harakatlanayotgan bo‘lishiga qaramay, masofadan binokl va mobil vositalar yordamida nazoratga olinib, harakati hujjatlashtirilib boriladi.

 

Nazorat davomida huquqbuzarlar morxo‘r ovlab, so‘yayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Hayvon qoldiqlari Termiz davlat universiteti huzuridagi sud-zoologik ekspertizaga yo‘naltirilib, ularning bir va uch yosh atrofidagi erkak va urg‘ochi morxo‘rlar ekani tasdiqlandi.

Mazkur holat Sherobod tumani Katta hayot mahallasida yashovchi X.Sh. va Sh.J. hamda Vandob mahallasida yashovchi V.M. tomonidan sodir etilgani aniqlangan.

Foto: Surxondaryo viloyat Ekologiya boshqarmasi

Burama shoxli echki (capra falconeri)  xalqaro miqyosda himoyalanadigan noyob hayvon turi hisoblanadi. Uni ovlash O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Prezidentning 2023 yil 31 maydagi qaroriga muvofiq, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni noqonuniy ovlash holatlarida jarimalar 10 baravarga oshiriladi. Natijada mazkur holatda davlatga yetkazilgan zarar 4,5 milliard so‘m deb hisoblangan.

Hozirda holat yuzasidan hujjatlar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan va tergovgacha bo‘lgan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Surxon davlat qo‘riqxonasi 1986 yilda tashkil etilgan bo‘lib, muhofaza etiladigan hudud hisoblanadi. Bu yerda ov qilish, daraxt kesish, mol boqish kabi xo‘jalik faoliyatlari qat’iyan taqiqlangan.

Mavzuga oid