Jamiyat | 14:26 / 17.07.2025
3184
2 daqiqa o‘qiladi

Iroqdagi savdo markazida yong‘in: 80 ga yaqin kishi halok bo‘lgan (video)

Iroq nashrlari mamlakat sharqidagi Kut shahrida ochilgan yangi savdo markazida avj olgan yong‘in natijasida kamida 77 kishi halok bo‘lib, ko‘plab kishilar jarohatlangani haqida xabar berdi.

Foto: Videodan kadr

Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, besh kun muqaddam ochilgan kompleksdagi yong‘in chorshanba kuni kechqurun boshlangan, hozirga kelib u o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida 77 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda AFP agentligi Iroq IIV bayonotiga tayanib, ammo favqulodda xizmatlar hali bedarak yo‘qolganlarni qidirish bilan mashg‘ul.

Mahalliy INA telekanalida namoyish etilgan kadrlarda olov binoning bir necha qavatini qamrab olganini ko‘rish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yong‘in vaqtida bino tomiga chiqib olgan odamlarni ko‘rish mumkin.

Payshanba kungi ma’lumotlarga ko‘ra, tez yordam mashinalari hodisa joyidan jarohatlanganlarni shifoxonalarga tashishda davom etgan.

Mahalliy aholi vakillaridan biri, kasbi shifokor bo‘lgan Nosir al-Kurashi AFP muxbiri bilan suhbatda o‘z yaqinlari ushbu yong‘in qurboni bo‘lishganini aytib berishgan. «Ustimizga falokat yog‘ildi. Biz yegulik olish uchun savdo markaziga borgandik. Uyimizda elektr yo‘qligi uchun kechki ovqatni shu yerda qilmoqchi edik», degan bu guvoh.

«Ikkinchi qavatda konditsioner portladi, keyin esa yong‘in boshlandi va biz chiqib ketolmadik», — deydi al-Kurashi.

Al-Kut shahri Bag‘doddan 160 km janubi-sharqda joylashgan.

Bino egasiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Vosit viloyatida qurbonlar xotirasiga uch kunlik motam e’lon qilindi.

Mavzuga oid