Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ortiqchasi zarar, ozi xavfli: kunlik suv iste’moli qancha bo‘lishi lozim?
Inson organizmi to‘g‘ri va to‘liq ishlashida suv muhim ahamiyatga ega. U hujayralar faoliyati, qon aylanishi, hazm jarayoni va tana haroratini muvozanatda ushlab turadi. Suv yetishmovchiligi esa mazkur tizimlarning buzilishi kabi turli sog‘liq muammolarini keltirib chiqaradi. Mazkur maqolada kunlik suv iste’moli, uni qaysi paytda ichish foydaliroq bo‘lishi haqida tanishishingiz mumkin.

Foto: picture alliance
Kuniga qancha suv ichish kerak?
Har bir organizmning suyuqlikka talabi individual bo‘ladi. Bu insonning yoshi, jinsi, jismoniy faolligi, iqlim sharoiti va sog‘lig‘idan kelib chiqib belgilanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti taqdim etgan manbaga ko‘ra, inson kuniga o‘rtacha 1,5–2,5 litr (ya’ni 6–10 stakan) suv iste’mol qilishi lozim.
Ayrim holatlarda tanada suvga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Masalan, issiq iqlimda yashovchilar, sport bilan shug‘ullanuvchilar, homilador va emizikli ayollar, shuningdek, isitma, ich ketishi yoki qusish kabi holatlarni boshdan kechirayotgan kishilar organizmida suv tanqisligi tezda yuzaga kelishi mumkin. Bunday vaziyatlarda tanani suvsizlantirib qo‘ymaslik uchun qo‘shimcha suyuqlik iste’mol qilish zarur.
Tana suvsizlikka tezda reaksiya bildiradi. Chanqash, og‘iz qurishi, bosh aylanishi, holsizlik, siydikning kam va to‘q rangda bo‘lishi degidratsiya (suv yetishmovchiligi) belgilaridir. Bunday alomatlar sezilsa, darhol suv ichib, uni qabul qilish miqdorini oshirish lozim.
Organizm suyuqlikni faqat toza ichimlik suvdan emas, sho‘rva, meva, sabzavotlar orqali ham oladi. Masalan, tarvuz, bodring kabi sabzavot-mevalarda suv miqdori anchagina yuqori bo‘ladi.
Qaysi paytda ichish foydali?
Suvni to‘g‘ri vaqtda ichish organizmga ko‘proq foyda keltiradi. Uni quyidagi vaqtlarda iste’mol qilish tavsiya etiladi:
- Ertalab, uyg‘onishingiz bilan: tanadagi metabolizm jarayonlarini faollashtirish uchun.
- Ovqatlanishdan 30 daqiqa oldin: hazm tizimini ishga tushirishga tayyorlash va ishtahani nazorat qilish uchun.
- Ovqatdan 1 soat keyin: hazm jarayonini yengillashtirish maqsadida.
- Jismoniy faoliyatdan avval va keyin: organizmdagi suyuqlik muvozanatini tiklash uchun.
- Har 1–2 soat orasida bir stakan: organizmni nam holda saqlash va og‘iz qurishining oldini olish uchun.
Ayrimlar choy, qahva yoki gazlangan ichimliklar orqali suv o‘rnini to‘ldiraman deb o‘ylaydi. Aslida, bu ichimliklar tanadan suv chiqarilishini tezlashtiradi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, suvni yetarli ichmaydigan insonlar orasida semirish va moddalar almashinuvi bilan bog‘liq muammolar ko‘proq uchraydi.
Suv yetishmasligi nimaga olib keladi?
Suv yetishmovchiligi, eng avvalo, umumiy holsizlik, charchoq va ishtaha yo‘qolishi kabi yengil belgilar bilan boshlanishi mumkin. Tana hujayralari yetarli miqdorda suyuqlik bilan ta’minlanmaganida energiya ishlab chiqarish jarayoni susayadi. Natijada inson o‘zini zaif his qiladi, bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi kuzatiladi.
Suvsizlik miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: konsentratsiya pasayishi, xotira sustlashuvi va ruhiy tushkunlik holatlari yuzaga kelishi mumkin.
Suyuqlik ovqat hazm qilishda muhim rol o‘ynaydi. Suv yetarli bo‘lmaganda ich qotishi, qorinda og‘riq va og‘irlik hissi paydo bo‘ladi. Teri quriydi, yaltirashini yo‘qotadi.
Shuningdek, suv yetishmasligi siydik ajratuvchi tizimni shikastlaydi. Qon quyulib qoladi, siydikning konsentratsiyasi ortadi, bu esa buyraklar faoliyatining buzilishi va toshlarning hosil bo‘lishiga olib keladi.
Qonda suyuqlik kamaygani sayin yurak-qon tomir tizimi ham og‘ir ishlay boshlaydi: yurak urishi tezlashadi, qon bosimi pasayadi, hatto hushdan ketish holatlarining yuzaga kelish ehtimoli mavjud.
Suvsizlanish immun tizimini ham zaiflashtiradi. Suyuqlik yetishmasligi oqibatida organizm infeksiyalarga qarshi kurashishda sustlashadi, bu tez-tez kasallanish va tiklanishning sekinlashuviga sabab bo‘ladi.
Uzoq davom etgan suvsizlanish esa yanada xavfli. Mazkur holat buyrak yetishmovchiligi, yurak faoliyatining buzilishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli inson organizmida suv balansini saqlash nihoyatda muhim.
Me’yordan ortiq ichish zararli
Me’yordan ortiqcha suv iste’mol qilish natijasida qonda suv miqdori ortib, natriy moddasining konsentratsiyasi keskin kamayadi. Bu holat tibbiyotda giponatriyemiya (qondagi tuz balansi buzilishi) deb ataladi. Natriyning kamayishi miyaning hujayralarini shishiradi, bu esa bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi, diqqat susayishi va og‘ir holatlarda hushdan ketish yoki tutqanoq kabi xavfli holatlarga olib kelishi mumkin.
Buyraklar normal holatda bir soatda o‘rtacha 0,8–1 litr suyuqlikni filtrlashga qodir. Me’yordan ortiq suv ichish buyraklarga ortiqcha yuk tushiradi.
Bundan tashqari, ko‘p suv ichish natijasida tanadan foydali minerallar: natriy, kaliy, magniy singari moddalarning ham siydik orqali yuvilib ketish xavfi ortadi. Bu mushaklarda zaiflik, yurak ritmining buzilishi, umumiy charchoq va konsentratsiya muammolarini hosil qiladi.
Organizmingizga yaxshi gamxo‘rlik qilmoqchi bo‘lsangiz, kun davomida toza ichimlik suvni me’yorida iste’mol qilishni unutmang. Bu oddiy odat sog‘lom turmush tarzi tomon yo‘nalgan muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Diyoraxon Nabijonova tayyorladi.
Mavzuga oid

19:54 / 16.07.2025
Nonushta qilmaslik tanani qanday zararlaydi?

20:52 / 12.07.2025
Oziq-ovqatdagi me’yor: ortiqcha yeb qo‘ymaslik uchun nima qilish kerak?

11:49 / 12.07.2025
O‘zbekistonda aholining suvdan qancha qarzi borligi aytildi

10:19 / 12.07.2025