Iqtisodiyot | 21:38 / 22.07.2025
8665
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda iPhone narxlari qimmatlashdi. Nega?

Oxirgi 1 oy ichida O‘zbekistondagi savdo do‘konlarida iPhone 16 Pro smartfonining narxi xotira hajmiga qarab 100 dollardan 150 dollargacha, Pro Max versiyasi narxi esa 120 dollardan 190 dollargacha oshdi. Bunga qaysi omillar ta’sir qilyapti?

O‘zbekiston bozorida Apple brendiga tegishli smartfonlarning narxi sezilarli darajada qimmatlashdi.

Xususan, Kun.uz o‘rgangan “Malika” savdo markazidagi do‘konlardan birida ham an’anaviy SIM-karta, ham e-sim'da ishlaydigan telefon narxlari oxirgi oylarda quyidagicha o‘zgargan (taqqoslashda smartfonning “natural titanium” rangi olindi):

2025 yil 20 iyun holatiga:

  • iPhone 16: 128 GB – 769 dollar, 256 GB – 919 dollar
  • iPhone 16 Pro: 128 GB – 1009 dollar, 256 GB – 1139 dollar, 512 GB – 1399 dollar, 1 TB – 1549 dollar
  • iPhone 16 Pro Max: 256 GB – 1239 dollar, 512 GB – 1439 dollar, 1 TB – 1679 dollar

2025 yil 20 iyul holatiga:

  • iPhone 16: 128 GB – 849 dollar, 256 GB – 999 dollar
  • iPhone 16 Pro: 128 GB – 1139 dollar, 256 GB – 1279 dollar, 512 GB – 1499 dollar, 1 TB – 1699 dollar
  • iPhone 16 Pro Max: 256 GB – 1399 dollar, 512 GB – 1629 dollar, 1 TB – 1799 dollar.

Kun.uz 20 iyundan avvalgi sanalarda amal qilgan narxlarni ham o‘rgandi va ko‘tarilish aynan iyun oyining ikkinchi yarmidan boshlangan, degan xulosaga keldi.

Yuqoridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, oxirgi 1 oyda:

  • iPhone 16 narxi 9,5 foizga yoki 80 dollarga;
  • iPhone 16 Pro narxi 10,2 foizga yoki xotira hajmiga qarab 100 dollardan 150 dollargacha;
  • iPhone 16 Pro Max narxi 10,8 foizga yoki xotira hajmiga qarab 120 dollardan 190 dollargacha oshgan.

“Malika” savdo markazida joylashgan boshqa bir savdo do‘konining ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib boradigan narxlari taqqoslanganda ham, 22 iyundan 22 iyulgacha bo‘lgan davrda:

  • iPhone 16 narxi 8 foizga yoki 70 dollarga;
  • iPhone 16 Pro narxi 10,8 foizga yoki xotira hajmiga qarab 130 dollardan 150 dollargacha;
  • iPhone 16 Pro Max narxi 10,7 foizga yoki xotira hajmiga qarab 120 dollardan 190 dollargacha oshgan.

1 maydan kuchga kirgan o‘zgarish

Premium telefonlar narxlarining sezilarli darajada qimmatlashishi qonunchilikka kiritilgan ayrim o‘zgarishlar ortidan ro‘y bermoqda. Xususan, 1 maydan boshlab jismoniy shaxslarning xorijdan bojsiz tovar olib kirish limitlari samolyotda kelayotganlar uchun 2000 dollardan 1000 dollarga, poyezdda kelayotganlar uchun esa 1000 dollardan 500 dollarga pasaytirildi.

Endilikda BAA yoki boshqa xorijiy davlatdan 1200 dollarga xarid qilingan iPhone 16 Pro Max uchun aeroportdagi bojxona postida 60 dollar boj to‘lashga to‘g‘ri keladi. Bunga qo‘shimcha 75 ming so‘mlik UzIMEI to‘lovi ham bor.

Agar yangi mobil qurilmani olib kirishda bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilmasa, bu miqdor karrasiga oshib ketadi va 360 dollarni tashkil etadi. Chunki keyinchalik qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uzimei.uz saytida uning IMEI'sini kiritsangiz, tizim telefonni bojxona bazasidan qidiradi. Agar ma’lumot bo‘lmasa, mobil qurilma uchun bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida boj to‘lash kerak. Chunki bu telefonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan, shu sabab chet eldan olib kirilgan hisoblanadi.

O‘zi bilan SIM-kartali yangi qurilma olib kirayotgan jismoniy shaxs agar deklaratsiya to‘ldirmasa, IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 30 foizlik boj to‘lash talabi 2024 yil oktyabridan kuchga kirgandi. Bu yangilik muhokamalarga sabab bo‘lganida, Kun.uz ushbu tartib narxlar oshishiga 2 xil yo‘l bilan ta’sir qilishi mumkinligini yozgandi.

Birinchidan, agar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilmasa, tadbirkorlar yangi qurilmalarni olib kirishda to‘liq boj va soliqlarni to‘lab, rasman IMEI'dan o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Bu esa yangi telefonlar narxiga jiddiy ta’sir qiladi. Misol uchun, 1200 dollarlik iPhone Pro Max'ga 10 foizlik boj, 12 foizlik QQS va 75 ming so‘m IMEI to‘lovi qo‘shiladi. Qurilma taqriban 1470 dollarga aylanadi. Bunda hali tadbirkor o‘ziga qo‘shadigan foyda hisobga olinmagan.

Ikkinchidan, yangi telefon sotib olgan iste’molchilar agar qurilma IMEI ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘lsa va sotuvchilar va’da qilganidek xarid amalga oshirilganidan keyin 1 hafta yoki 1 oy ichida bu jarayon amalga oshmasa, u holda IMEI'dan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 30 foizlik bojxona to‘lovini xaridorning o‘zi to‘lashi mumkin. Bu – yangi iPhone Pro Max misolida 360 dollarni tashkil etadi. Qo‘shimchasiga 75 ming so‘m IMEI to‘lovi ham bor.

Mavzuga oid