Jahon | 07:40 / 23.07.2025
7967
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy: Rossiyaga qarshi sanksiyalar Xitoy va YeI munosabatlariga zarba berdi

Xitoy Savdo vazirligi Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari Pekin va Bryussel munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytdi. Pekin Xitoy-Yevropa Ittifoqi 25-sammitiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Foto: Huang Jingwen/Xinhua/IMAGO

Xitoy Savdo vazirligi Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari Pekin va Bryussel munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ma’lum qildi. Gap 18 iyul kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan tajovuzi munosabati bilan Yevropa Ittifoqida qabul qilingan Moskvaga qarshi cheklov choralarining 18-paketi haqida ketmoqda.

«Yevropa Ittifoqining harakatlari Xitoy va YeI rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga zid keladi hamda Xitoy va YeI o‘rtasidagi savdo munosabatlari va moliyaviy hamkorlikka jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi», — dedi vazirlik vakili Pekinda jurnalistlarga.

Bryussel tomonidan kiritilgan cheklovlar Rossiyaning «soyadagi» floti 105 tankeriga ta’sir qildi. Rossiya neftining narxi bir barrel uchun 47,6 dollargacha pasaytirildi. Xitoyning ikkita banki – Heihe Rural Commercial Bank va Heilongjiang Suifenhe Rural Commercial Bank ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu moliya institutlari kriptovaluta operatsiyalari bilan shug‘ullangan, bu esa Moskvaga qarshi sanksiyalar samaradorligiga putur yetkazgan.

Paket Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita yordam ko‘rsatuvchi yoki sanksiyalardan qochishda ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga 26 ta tashkilotni qo‘shdi. Ulardan yettitasi Xitoy va Hongkongda joylashgan.

Mavzuga oid