Jahon | 17:54 / 26.07.2025
1571
2 daqiqa o‘qiladi

Nemis siyosatchisi saylov byulletenidagi svastika tufayli iste’foga chiqdi

Daniel Born iste’foga chiqish haqidagi maktubida o‘ta o‘ng GuM partiyasidan parlament a’zosi ismi-sharifi yoniga yashirin ovoz berish byulletenida svastika chizib, «jiddiy xato» qilganini tan oldi.

Foto: Arnulf Hettrich/IMAGO

Baden-Vyurtemberg yeri parlamenti spikeri o‘rinbosari, Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) vakili Daniel Born saylov byulleteniga o‘ta o‘ng «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasi a’zosi ismining yoniga svastika chizganini tan olib, o‘z lavozimini tark etdi. Born 25 iyul, juma kuni bergan bayonotida ovoz berish jarayonida «jiddiy xato»ga yo‘l qo‘yganini yozgan. Shuningdek, u Landtagdagi GSDP fraksiyasini tark etish niyatida.

Svastika tasvirlangan byulleten bir kun avval Baden-Vyurtemberg parlamentida yashirin ovoz berishdan keyin topilgan. Taqiqlangan belgi o‘ta o‘ng «Germaniya uchun muqobil» partiyasi nomzodi Bernxard Ayzenxutning ismi yonidagi «ha» bandida ko‘rsatilgan, deb xabar berdi dpa axborot agentligi. Hudud parlamenti spikeri va "yashillar" partiyasidan parlament a’zosi Muhterem Aras voqeani «parlament uchun sharmandalik» deb atadi va bunday xatti-harakat uni «jirkanch» qilganini aytdi. U GuM parlament a’zolariga murojaat qilib, aftidan, huquqbuzarlik o‘nglar qanotidan biri tomonidan sodir etilganini bildirgan.

Biroq keyinroq sotsial-demokrat Born jinoyatni tan oldi. «Men Daniel Bornni qiziqqon parlament a’zosi sifatida bilaman», dedi Aras. «Shunga qaramay, men uning iste’foga chiqishini kutaman».

Aynan «Germaniya uchun muqobil» fraksiyasi 24 iyul kuni Landtagda yashirin ovoz berishni talab qildi, biroq partiya buzilgan saylov byulleteniga aloqadorligini qat’iyan rad etishini va voqeani qoralashini ta’kidladi. Ovoz berish uchun majlislar zalining chiqish joylariga ikkita saylov qutisi o‘rnatildi — GuM va GSDP deputatlari xonaning qarama-qarshi tomonida turdi va shunga mos ravishda o‘z byulletenlarini turli qutilarga tashladi.

Mavzuga oid