O‘zbekiston | 12:53 / 26.07.2025
1072
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 6,8 foizga tushdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va kasbiy ta’lim tizimidagi yangi yondashuvlarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Joriy yilda bu sohada xorijiy tajriba asosida yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yildi. Banklar mahallalarga bog‘lanib, aholi bandligini ta’minlashga ham hissa qo‘shmoqda. Xususan, birinchi yarim yillikda 3 milliondan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilindi.

Kambag‘allikni qisqartirish borasida yaratilgan tizim hamda sarflanayotgan mablag‘lar o‘z samarasini berib, joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 6,8 foizni tashkil qildi.

Aholi bandligini oshirishda kasbiy ta’lim sifati juda muhim.  Bu borada ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish, malaka oshirishni yangi darajaga ko‘tarish hamda xususiy sektor ishtirokini ta’minlash talab etilmoqda. Kasbiy ta’limning mehnat bozori ehtiyojlariga mos kelmasligi kadrlar tayyorlashda muayyan muammolarga sabab bo‘lmoqda.

Mehnat munosabatlaridagi ayrim me’yorlar tadbirkorlik sub’yektlari, ayniqsa, kichik korxonalar uchun murakkablik tug‘dirmoqda. Ishga qabul qilishda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.

Shuningdek, amaldagi talablar ish beruvchilarni haqiqiy vakansiyalarni ochiq e’lon qilishga rag‘batlantirmaydi. Oqibatda bu ma’lumotlarni yashirishga olib kelib, mehnat bozorini to‘g‘ri tahlil qilish hamda kasbiy ta’lim yo‘nalishlarini aniqlash imkonini cheklamoqda.

Taqdimotda mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan yangi reja va tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.

Mavzuga oid