Jahon | 07:31 / 26.07.2025
1066
2 daqiqa o‘qiladi

YeI-Xitoy sammiti: Bryussel Pekinni Rossiyaga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi

Yevropa Ittifoqi yana bir bor Xitoyni Ukrainadagi urushni tugatish uchun Rossiyaga ta’siridan foydalanishga chaqirdi.

Foto: REUTERS

Pekinda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi-Xitoy sammitida Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Antoniu Koshta Xitoyni Ukrainadagi urushni tugatishga yordam berish uchun Rossiyaga ta’siridan foydalanishga chaqirdi, deb xabar qildi AFP. «Biz Xitoyni BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida Rossiyaga ta’siridan foydalanishga chaqiramiz», dedi Koshta Xitoy raisi Si Jinpingga murojaat qilib.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen sammitda Yevropa Ittifoqi va Xitoy munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. «Hamkorligimiz chuqurlashgani sari nomutanosibliklar ham kuchaydi. Biz burilish nuqtasiga yetdik. Ikki tomonlama munosabatlarimizni qayta ko‘rib chiqish juda muhim», — dedi u o‘tgan yili rekord darajada 305,8 milliard yevroga yetgan Yevropa Ittifoqining savdo kamomadiga ishora qilib.

Yevropa Ittifoqi va Xitoy «o‘z tashvishlarini tan olishlari va haqiqiy yechimlarni taklif qilishlari kerak», dedi fon der Lyayyen.

Si Jinping bunga javoban YeIni «to‘g‘ri strategik qarorlar» qabul qilishga chaqirdi. Bu Bryusselning Pekinga nisbatan tobora keskinlashib borayotgan pozitsiyasiga yashirin tanqid sifatida qaraldi, deya xabar beradi Reuters. Shu bilan birga, Si Jinping ta’kidlaganidek, har ikki tomon o‘zaro kelishmovchiliklarga qaramay «umumiy til» topa oladi.

Mavzuga oid