O‘zbekiston | 15:28 / 29.07.2025
1339
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Kolombo o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

O‘zbekiston elchisi (qarorgohi Islomobod shahrida joylashgan) Alisher To‘xtayev Shri-Lanka bosh vaziri Harini Amarasuriya bilan uchrashdi.

Foto: "Dunyo" AA

Muloqot chog‘ida bosh vazir Harini Amarasuriya O‘zbekiston elchisini Shri-Lankadagi diplomatik missiyasiga rasman kirishgani bilan samimiy tabrikladi. Hukumat rahbari O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim hamkor sifatida e’tirof etib, mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha darajalarda jadal va konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari, u ayni paytda Shri-Lanka Oliy va kasb-hunar ta’limi vazirligiga boshchilik qilishini aytib, ta’lim va kasbiy tayyorgarlik sohalaridagi hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish, ikki mamlakat o‘rtasida kadrlar tayyorlash, akademik almashinuvlar va qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zaro sheriklikni institutsional asosda chuqurlashtirish maqsadida Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyani tuzish, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish borasidagi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Transport va logistika sohalaridagi istiqbolli loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Janubiy Osiyo va Okeaniya mamlakatlariga chiqish imkonini beruvchi O‘zbekiston – Shri-Lanka savdo-logistika habini yaratish taklifi ilgari surildi.

O‘zaro manfaatli va istiqbolli sohalar – raqamli iqtisodiyot, elektron savdo, farmatsevtika, tibbiy turizm va sayyohlik kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Shri-Lanka bosh vaziri Toshkent va Kolombo o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish kerakligini qayd etib, bu siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarni faollashtirish uchun muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.

Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy masalalardagi hamkorlik, BMT va boshqa nufuzli tashkilotlar doirasida sheriklik, tashabbuslarni o‘zaro muvofiqlashtirish yuzasidan tomonlarning yondashuvlari yakdil ekani tasdiqlandi.

Mavzuga oid