Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Frontdagi vaziyat: Pokrovsk shturm qilinmoqda, Rossiya butun Donbassni egallamoqchi
Rossiya armiyasi Pokrovsk atrofiga bir yil oldin yetib kelgandi – ammo faqat endigina shturm boshlanmoqda. Ushbu qal’a-shaharni boy berish Ukrainaga qanday xavf tug‘diradi? Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi yana qayerlarda inqirozni boshdan kechirmoqda?
Bir yil oldin, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastiga bostirib kirishga tayyorgarlikni yakunlayotganida, RF qurolli kuchlari Avdiyivka g‘arbidagi Progress qishlog‘i atrofida ukrainlar mudofaasini yorib o‘tgan hamda Pokrovsk tomon harakatlangandi. Bu yurish maqsadi – shaharning o‘zi emas (shahar yo‘nalishidagi manyovr chalg‘ituvchi harakat bo‘lib chiqdi), Donbassning janubiy qismi edi. Ammo Pokrovskning o‘zi ham tahdid ostida turardi. Bugungi kunga kelib Rossiya armiyasi uning chekkalariga yetib kelgan. Pokrovskka janubdan RF qurolli kuchlari razvedkachilari kirmoqda; shimolda esa shaharni boshqa bir guruh aylanib o‘tishga urinmoqda, uning maqsadi shaharni Donbassning shimolidan uzib qo‘yish hisoblanadi. Va Ukraina qurolli kuchlari uchun xavf shu bilan tugamaydi. Pokrovsk sharqidagi mudofaa chizig‘ida yuzaga kelgan o‘sha bo‘shliq orqali RF qurolli kuchlari shimolga ham yurish qilmoqda. Katta ehtimol bilan, bu yurishning asosiy maqsadi – Kramatorsk va Slovyansk aglomeratsiyasiga chiqish hisoblanadi. Ushbu shaharlarning egallanishi Kreml uchun katta siyosiy ahamiyatga ega: bu Donbass ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilganini e’lon qilishga imkon beradi. Bu vaqtda Ukraina qurolli kuchlari mamlakat shimoli-sharqida Sumi oblastiga bostirib kirgan bo‘linmalarni chegara ortiga surib tashlash uchun katta qo‘shin ushlab turishga majbur bo‘lmoqda.
Pokrovsk va Konstantinovka
Rossiya qo‘shinlari iyul oyi o‘rtalarida Pokrovskdan shimoli-sharqdagi Novoekonomicheskoye posyolkasining bir qismini egallab, Pokrovskni shimoldagi Dobropole bilan bog‘lovchi yo‘l bo‘yida joylashgan Rodinskiyga yaqinlashgandi. Bu esa Pokrovsk–Mirnograd aglomeratsiyasini shimoldan o‘rab olish xavfini tug‘diradi. Agar Rodinskiy ham egallansa, Pokrovsk Ukrainaning asosiy qismi bilan faqat ancha g‘arbda joylashgan Dnipro shahriga boruvchi yo‘l orqali bog‘lanadi. Bunday kommunikatsiya esa Pokrovsk shturmi boshlangan taqdirda, shahar himoyasidagi qo‘shinlarga ta’minot yetkazib berish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.
RF qurolli kuchlari esa shaharni shturm qilishga tayyorlanmoqda: shahar janubiy chekkasidagi nazorat hududi kengaytirilmoqda va shahar ichkarisiga razvedkachi guruhlar yuborilmoqda. Bundan tashqari, ukrainlar bahor davomida amalga oshirgan qarshi hujumlarga qaramay, RF qurolli kuchlari shahar g‘arbidagi Kotlino va Udachnoye posyolkalari hududida tashkil etilgan platsdarmni saqlab qololdi. Shturm boshlanganida Rossiya qo‘shinlari shu yerdan turib Pokrovsk–Dnipro yo‘li yo‘nalishida hujum qilib, shahar to‘liq qurshovga olinishi xavfini yuzaga keltirishi mumkin.
Pokrovsk va Konstantinovka oralig‘ida Rossiya qo‘shinlari nafaqat shaharlarni aylanib o‘tish orqali yurish qilmoqda, balki shimolroqdagi Drujkovka va Dobropole yo‘nalishlarida ham harakatlanmoqda. Poltavkaning bir qismini egallagan va Vladimirovkaga yaqinlashgan RF qurolli kuchlari Shaxovo yaqinida Dobropole–Drujkovka yo‘liga chiqishni ko‘zlagan. Katta ehtimol bilan, bu yurishning yakuniy maqsadi – Kramatorskka chiqish. Hozirgi yurish sur’ati hisobga olingan holda, bu yil oxirigacha ro‘y berishi dargumon.
Rossiya hujumining yana bir yo‘nalishi – Konstantinovka shahri. Tez orada unga uch tomondan hujum qilishlari mumkin. Shaharga g‘arbdan iyul oyi oxirida Yablonovkani egallab olgan va Pokrovsk–Baxmut shossesi bo‘ylab hujumlarni davom ettirayotgan guruh tahdid solmoqda. Sharqdan Chasiv Yar va Stupochkining katta qismini egallab olgan rus bo‘linmalari bosim o‘tkazmoqda. Janubdan, Toretsk tomondan o‘tgan hafta Belaya Gorani ishg‘ol qilgan qo‘shinlar kelmoqda.
Ushbu yo‘nalishlarning barchasiga qarshi chiqish uchun Ukraina qurolli quchlarining bu yo‘nalishdagi kuchlari hali yetarli emas.
Dnipropetrovsk oblasti chegarasi
Ukraina qurolli kuchlari Pokrovskdan janubroqda ham shaxsiy tarkib bo‘yicha yetishmovchilikka uchragan. RF qurolli kuchlari Donbassning janubiy qismida – Donetsk, Zaporijjya va Dnipropetrovsk oblastlari tutashgan nuqtada hujum qilmoqda. Hujumlar turli yo‘nalishlarda olib borilmoqda: Velika Novosilkadan g‘arbda Rossiyaning «Vostok» qo‘shinlar guruhi Temirovka va Maliyivkani egallagan, ammo Ukraina qurolli kuchlari boy berilgan pozitsiyalarni qarshi hujumlar orqali qaytarib olishga urinmoqda. Bu yo‘nalishda bunday holat oldin ham kuzatilgan, ammo bunday qarshi hujumlar Rossiya yurishini faqat vaqtincha sekinlashtira olgan.
Velika Novosilkadan shimolroqda «Vostok» guruhi bo‘linmalari Zeleniy Gayni egallab, Volchya daryosi bo‘ylariga chiqishgan. Ukraina qurolli kuchlari daryoning shimoliy sohili bo‘ylab yangi mudofaa liniyasi yaratishga harakat qilmoqda. Ammo Rossiya armiyasi («Tsentr» guruhi) shimoliy sohildagi Dachnoye qishlohi hududida platsdarmga ega. Katta ehtimol bilan, RF qurolli kuchlari keng front bo‘ylab Volchyani kechib o‘tishga hamda Dnipropetrovsk oblastidagi Novopavlovkaga hujum uyushtirishga harakat qiladi.
Sumi fronti
Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinini Sumi oblastidan Kursk tomon qaytarib yuborishga urinishdan to‘xtamayapti. Buning uchun ular Kondratovka va Aleksiyivka atrofida ruslarning g‘arbiy qanotiga hujum qilmoqda. Ukraina armiyasi bu uchastkaga zarbdor qismlarni tashlash orqali ikkala qishloqni ham qisman egallashga muvaffaq bo‘lgan, ammo Rossiya aviatsiyasi bu muvaffaqiyatni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda (e’lon qilinayotgan videolarga ko‘ra, ruslar bu uchastkada har kuni o‘nlab bomba ishlatmoqda).
Ukraina qurolli kuchlari faollashuviga qaramay, RF qurolli kuchlari Sudja–Suma yo‘lining g‘arbiy qanotida yurish qilishda davom etmoqda: ular Yunakovkada nazorat hududini kengaytirgan va Yablonovkani egallagan.
Frontning boshqa uchastkalari
Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya janubidagi Kaxovka suv ombori qirg‘og‘i yaqinida lokal operatsiyani davom ettirmoqda. Kamenskiy qo‘lga kiritilgandan so‘ng ular Stepnogorsk chekkasiga yaqinlashishga muvaffaq bo‘lishdi. Zaporijjyadan ularni taxminan 25 kilometr masofa ajratib turadi. Shaharga hujum qilish uchun Rossiya guruhida (hozircha) kuch yo‘q bo‘lsa-da, yangi pozitsiyalar kelajakda kattaroq hujum uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, hozirgi hujumlar Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligini Zaporijjya yaqinidagi tanqis zaxiralarni olib kelishga majbur qilishi mumkin.
Xarkiv oblastida – Oskol daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi platsdarmda – RF qurolli kuchlari Kupyanskning shimoliy chekkasiga yetib bordi va bir vaqtning o‘zida Kupyansk–Xarkiv yo‘liga yorib kirishga harakat qilmoqda. Katta ehtimol bilan, operatsiyaning maqsadi 2025 yildayoq Kupyanskni (va Ukraina qurolli kuchlarining Oskolning sharqiy qirg‘og‘idagi yirik platsdarmini) qo‘lga kiritishdir.
Mavzuga oid

21:10 / 31.07.2025
Rossiya harbiylari Chasiv Yar egallanganini e’lon qildi, Ukraina tomoni buni rad etmoqda

16:02 / 23.07.2025
Frontdagi vaziyat: Rossiya piyodalari Pokrovskka kira boshladi

18:38 / 04.07.2025
Rossiyaning yozgi yurishi: Ukrainadagi vaziyat bir oy ichida qanday o‘zgardi?

17:33 / 31.05.2025