Jahon | 09:42 / 01.08.2025
7416
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda zarbaga uchragan uy xarobalari ostidan yana 11 kishi jasadi topildi

Rossiya raketa zarbasi oqibatida ko‘p qavatli uyning pod’yezdi qulab tushgan. Qurbonlar soni 31 nafarni tashkil etmoqda, 170 dan ortiq kishi yaralangan. Kiyevda 1 avgust motam kuni deb e’lon qilindi.

Oleksii Filippov / AFP / Scanpix / LETA

Rossiya 31 iyulga o‘tar kechasi Ukrainaga raketa va dronlar bilan navbatdagi marta yirik zarba yo‘lladi. Asosiy nishon Kiyev shahri bo‘ldi.

Ukrainalik qutqaruvchilar tunda va 1 avgust tongida Kiyevda RF qurolli kuchlari zarbasi oqibatida bir qismi vayron bo‘lgan to‘qqiz qavatli uy xarobalari ostidan yana 13 kishining jasadi olib chiqildi, deb xabar bermoqda Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati. Qurbonlar orasida ikki yoshli bola ham bor.

Qutqaruvchilarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 31 iyul kungi zarba qurbonlari soni 31 nafarni tashkil etmoqda, shundan uch nafari bolalar. 170 dan ortiq kishi yaralangan, shundan 16 nafari bolalar.

Voqea joyida qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda.

Kiyevda 1 avgust motam kuni deb e’lon qilindi.

Kiyev shahri harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, poytaxtda 100 ga yaqin bino, jumladan, turar joy binolari, maktablar, bolalar bog‘chalari va universitet shikastlangan. Svyatoshinskiy rayonida zarba natijasida to‘qqiz qavatli turar joy binosining po’dezdi butunlay vayron bo‘lgan.

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lum qilishicha, Rossiya armiyasi Ukrainaga jami 309 ta dron va sakkizta qanotli raketa uchirgan. Harbiylar beshta raketa to‘g‘ridan to‘g‘ri nishonga kelib urilganini, shuningdek, 12 ta joyda dronlar zarbasi va yana 19 ta joyda dronlar parchalari qulashini qayd etgan.

Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga Moskvani o‘t ochishni to‘xtatishga majburlash uchun unga bosimni kuchaytirishga chaqirdi. «Ehtimol, Putinga konstruktivni namoyish etish uchun berilgan barcha vaqt chegaralarini nolga tenglashtirish vaqti kelgandir. Prezident Tramp Putin bilan juda saxiy va juda sabrli bo‘lib, yechim topishga harakat qildi», - dedi Sibiga. U «barcha sanksiyaviy qadamlarni sinxronlashtirish»ga hamda «tinchlikni kuch bilan ta’minlash»ga chaqirdi.

31 iyul kuni Kiyevga berilgan zarba – Ukraina poytaxtida bir oy ichida odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan to‘rtinchi hujumdir. 17 iyunga o‘tar kechasi esa shaharda 28 kishi halok bo‘lgan, 130 dan ortiq kishi yaralangandi – bu hujum Kiyevda jangovar harakatlar boshlanganidan beri qurbonlar soni bo‘yicha eng yirigi bo‘lgandi. 2025 yil yozi boshlanishiga qadar Rossiya armiyasi Ukraina poytaxtiga bu qadar shiddat bilan hujum qilmagan.

Andriy Zhyhaylo / Oboz.ua / Global Images Ukraine / Getty Images
Emergency Service of Ukraine / Scanpix / LETA
Oleksii Filippov / AFP / Scanpix / LETA

Mavzuga oid