O‘zbekiston | 23:00 / 01.08.2025
1715
2 daqiqa o‘qiladi

Voyaga yetmagan shaxs «sudlanmagan» deb hisoblanishi belgilanmoqda

Qonunchilikka o‘zgartirish kiritish orqali 18 yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati

Oliy Majlis Senati majlisida «Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.

Qayd qilinishicha, 2023 yilda 1911 nafar, 2024 yilda 2214 nafar voyaga yetmagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan va sudlangan. O‘tgan yilda ular tomonidan sodir etilgan va ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar 1238 ta, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar soni esa 855 tani tashkil qilgan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksining bir qator moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilmoqda.

Jumladan, 18 yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonunda voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati 6 oydan 1 oygacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirishga xizmat qiladi va o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid