Jahon | 15:05 / 02.08.2025
1212
2 daqiqa o‘qiladi

Serbiya: vokzal tomi qulashi ishi bo‘yicha 11 kishi hibsga olindi

Novi-Sad vokzalining tomi qulashi bo‘yicha tergov doirasida yana 11 kishi, jumladan Serbiyaning sobiq qurilish vaziri va davlat kompaniyasi rahbari hibsga olindi. Ular korrupsiyada gumon qilinmoqda.

Foto: REUTERS

Serbiyada 2024 yil noyabrida Novi-Sad vokzalining tomi qulashi va 16 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan ish doirasida yana 11 kishi hibsga olindi. Bu haqda 1 avgust, juma kuni Reuters va AFP agentligi xabar berdi.

Hibsga olinganlar orasida mamlakatning sobiq qurilish, transport va infratuzilma vaziri Tomislav Momirovich va temiryo‘l infratuzilmasi bilan shug‘ullangan davlat kompaniyasining sobiq ijrochi direktori Neboysha Shurlan ham bor. Qayd etilishicha, boshqa sobiq qurilish vaziri Goran Vesich ham hibsga olinishi rejalashtirilgan edi, biroq u 31 iyul kuni kasalxonaga yotqizilgan. Nova.rs axborot sayti xabariga ko‘ra, Vesich 1 avgust kuni shoshilinch operatsiya qilingan.

Hibsga olishlar Novi-Sad prokuraturasi fevral oyida ochgan korrupsiya bo‘yicha jinoiy ish doirasida amalga oshirilgan. Ikki vazir va yana bir qancha shaxslar Novi-Sad temiryo‘l vokzalini rekonstruksiya qilish bilan shug‘ullangan Xitoyning China Railway International va China Communications Construction (CRI-CCC)kompaniyalari konsorsiumiga ish uchun budjetni ko‘paytirishga ruxsat berganlikda gumon qilinmoqda, bu esa davlat g‘aznasiga 115,6 million dollardan ko‘proq zarar yetkazgan, CRI-CCC esa 18 mln dollar noqonuniy foyda olgan.

1 noyabr kuni Novi-Sadda yaqinda ta’mirlangan temiryo‘l vokzalining tashqi beton soyabonlari qulab tushdi, 6 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lgan 16 kishi halok bo‘ldi. Fojiadan so‘ng o‘sha paytdagi qurilish vaziri Vesich iste’foga chiqdi, keyinchalik u va vokzalni rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan yana 12 kishi qo‘lga olindi.

Mavzuga oid