Sport | 18:12
4660
4 daqiqa o‘qiladi

Son Hyong Min 10 yillik faoliyatidan keyin «Tottenhem» bilan xayrlashdi

Koreyalik futbolchi Londonni klub afsonasi sifatida tark etmoqda. U katta ehtimol bilan okeanortiga yo‘l oladi.

«Tottenhem» hujumchisi va sardori Son Hyong Min ko‘pchilik uchun kutilmaganda klubni tark etdi. Janubiy koreyalik 33 yoshli futbolchi bu haqda Seulda «Nyukasl»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida e’lon qildi.

Futbolchi bu haqda gapirarkan, ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Endi u katta ehtimol bilan faoliyatini AQShda davom ettiradi.

Ketishi sababi

Son ketishini e’lon qilarkan, faoliyatida o‘zgarishlar qilish davri kelganini aytib o‘tdi. «Tottenhem»dagi 10 yilda u Angliya premer-ligasining haqiqiy yulduzlaridan biri hamda London klubi afsonasiga aylandi.

«Men Shimoliy Londonga yosh bolaligimda kelganman, 23 yoshda edim - juda yosh edim. Endi bu klubdan katta yoshli, mag‘rur erkak sifatida ketyapman», – deya Sonning so‘zlarini keltiradi klub rasmiy sayti.

«Tottenhem» bosh murabbiyi Tomas Frank futbolchi klubni eng to‘g‘ri pallada, yuqori notada tark etayotganini ta’kidlagan.

«Agar bu Sonnining jamoamizdagi so‘nggi o‘yini bo‘lsa, u holda faoliyatining bu bosqichini o‘z vatanida yakunlash qanday go‘zal bo‘ladi! Bu ajoyib yakun bo‘lishi mumkin», – deya ta’kidladi Frank.

U 3 avgust kuni «Nyukasl»ga qarshi o‘yinni ilk daqiqalardan boshladi va ikkinchi bo‘limda ikki jamoa futbolchilari tomonidan kuzatib qo‘yildi.

Futbolchi zaxira o‘rindig‘ida o‘tirganida ham yig‘lab oldi.

Yutuqlari

Koreyalik futbolchining ketishi – klub uchun katta yo‘qotish. Son «shporlar» safida 10 yil davomida 454 ta o‘yinda maydonga tushib, 173 ta gol urgan. U APLda klubning eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida Harri Keyndan (213 gol) keyingi ikkinchi o‘rinni egallab turibdi va klub tarixdagi eng yaxshi 5 to‘purar qatoriga kiradi.

Uning faoliyatidagi eng muhim lahza – 2024/2025 yillar mavsumida Yevropa Ligasida g‘olib bo‘lgani. Shuningdek, u 2021/2022 yilgi mavsumda «Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh bilan bir xilda natija ko‘rsatib, turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan.

Shuningdek, Son Hyong Min Koreya milliy jamoasida ham yetakchi futbolchi – u asosiy jamoa safida 134 ta o‘yinda maydonga tushib, 51 ta gol urgan. Xalqaro miqyosdagi eng muhim yutuq – 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarining oltin medali. Son milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagani haqida hali e’lon qilmagan.

U muqaddam Germaniyaning «Hamburg» va «Bayyer» klublarida ham to‘p surgan.

Yangi chaqiriqlar va maqsadlar

Shanba kuni nufuzli insayder Fabritsio Romano Son «Los-Anjyeles» safiga yo‘l olishi mumkinligini xabar qildi. Bundan tashqari, uning xizmatlariga Saudya Arabistoni klublaridan ham qiziqish bor.

Transfermarkt bo‘yicha Son Hyong Minning transfer narxi 20 million yevroni tashkil etadi. Uning «Tottenhem» bilan shartnomasi muddati bir yildan keyin tugardi.

Mavzuga oid