O‘zbekiston | 15:45 / 07.08.2025
8011
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tonirovka uchun yozda arzonlashtirilgan narx joriy etilishi mumkin

To‘rt oy uchun tonirovka narxi BHMning bir baravari miqdorida – 412 ming so‘m etib belgilanishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi may va yoz oylarida arzonlashtirilgan narxda «tonirovka» uchun ruxsatnoma berilishini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik uchun e’lon qildi.

Unga ko‘ra, M1 toifaga oid avtotransport vositalarining (yengil avtomobillar) orqa va old yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun har yili 1 maydan  31 avgustgacha beriladigan ruxsatnomalar berilishini yo‘lga qo‘yiladi.

Ruxsatnoma narxi jismoniy va yuridik shaxslar uchun  bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorini (412 ming so‘m), O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorini tashkil etadi.

Bunda, qisqa muddatli ruxsatnoma uchun to‘lov ruxsatnoma rasmiylashtirilgan sanadan qat’i nazar, to‘liq hajmda amalga oshiriladi.

Loyiha muhokamasi 22 avgustgacha davom etadi.

Ma’lumot uchun, hozirda yengil avtomobillarning orqa yon oynalarini qoraytirish bepul, old yon oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma uchun esa BHMning 8 baravari (3 mln 296 ming so‘m) miqdorida to‘lov qilish kerak bo‘ladi.

Ruxsatnomasiz tonirovka uchun jarima Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 126-1-moddasiga ko‘ra, BHMning 25 baravari (10 mln 300 ming so‘m)ni tashkil etadi.

Mavzuga oid