O‘zbekiston | 20:44 / 08.08.2025
3394
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident 92 ming bitiruvchini ishga joylashtirishni buyurdi

Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlat rahbari hozir band bo‘lmagan 92 ming bitiruvchini ishga joylashtirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Qayd qilinishicha, 20 ming nafar bitiruvchi magistratura va ikkinchi mutaxassislik bilan qamrab olinadi. Yana 20 ming nafar bitiruvchini 10 mingga yaqin korxonadagi staj talab qilmaydigan ish o‘rinlariga joylashtirish mumkin.

Har bir viloyatda biznes-inkubatorlar tashkil qilib, ularda tadbirkorlik startaplari, marketing, dizayn, AT xizmatlari orqali 15-20 ming bitiruvchini band qilish topshirildi.

Kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya, farmatsevtika tarmoqlarida 10 ming muhandis, texnolog, operator, standartlash, sifat nazorati, moliya, iqtisodiyot yo‘nalishi bitiruvchilarini ishga joylash imkoniyati borligi aytildi.

Shuningdek, to‘qimachilik, charm, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat kabi mahalliy sanoat tarmoqlarida 5-7 ming bitiruvchini doimiy ish bilan ta’minlash mumkin.

Mutasaddilarga 6 ming bitiruvchini transport, logistika, yo‘l, qurilish, kommunal sohalar bilan qamrab olish, pedagogika, tibbiyot, ijtimoiy himoya, madaniyat, san’at sohalari muassasalari va o‘quv markazlarida 10 ming bitiruvchini ishli qilish topshirildi.

Yana 30 ming bitiruvchiga biznesini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashiladi.

Davlatimiz rahbari uyushmagan yoshlar bilan ishlash masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Shundan 115 ming nafarining bandligini ta’minlash masalasi vazirlik, viloyat va tuman rahbarlari tomonidan hal qilinmoqda. 52 ming tarbiyasi og‘ir yoshlar huquq-tartibot xodimlari tomonidan otaliqqa olingani ham natijasini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, qolgan 5,5 ming ishsiz, 31 ming tarbiyasi og‘ir yoshlar va o‘qishdan chetlatilgan 3 ming talaba bilan tizimli ishlab, hayotda o‘z yo‘lini topishi uchun yordam berish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga hokimlar, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birgalikda 9 ming uyushmagan va o‘qishdan chetlatilgan yoshni tadbirkorlik, xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘rgatib, ishli qilish topshirildi.

Mas’ullar oldiga 31 ming tarbiyasi og‘ir yoshlarni kasb va til to‘garaklari, sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.

Mavzuga oid