Londonda terrorchilik tahdidi tarixda uchinchi bor eng yuqori darajaga ko‘tarildi

Foto: AP
Britaniya hukumati Manchesterdagi teraktdan so‘ng, terrorchilik tahdidini maksimal darajaga qadar oshirishga qaror qildi. Bu haqda Birlashgan Qirollik hukumati rahbari Tereza Mey mahkama a'zolari bilan favqulodda yig‘ilishdan keyin ma'lum qildi.
Bu Britaniya tarixida terrorchilik tahdidini uchinchi bor maksimal darajaga chiqarilishi hamda politsiya ushbu choralar vaqtinchalik kiritilganiga umid qilmoqda. Avvalroq maksimal daraja eng ko‘pi bilan to‘rt kunga kiritilgandi.
2013 yilda, London shimolida ikki nafar radikal harbiy xizmatchi Li Rigbini o‘ldirgach, 2017 yilning martida parlament oldidagi terakt, shuningdek, Yevropadagi qator teraktlardan so‘ng, Britaniya hukumati 2014 yilning yozidan beri “jiddiy” darajada saqlanib turilgan terrorchilik tahdidi darajasini yanada oshirishdan bosh tortib kelgandi.
Hozircha daraja oshirilishiga aynan nima sabab bo‘lgani noma'lum. Bunda Manchesterdagi qurbonlar soni yoki tayyorlanayotgan yangi teraktlar haqidagi razvedka ma'lumoti katta o‘rin tutgan bo‘lishi mumkin, biroq bosh vazir Mey xavfsizlik choralarini oshirishga qat'iy ahd qildi.
Manchesterdagi terakt dushanba kuni kechqurun, amerikalik qo‘shiqchi Ariana Grandening konserti vaqtida yuz berdi. Portlashni xudkush terrorchi amalga oshirgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 22 kishi halok bo‘ldi, taxminan 120 inson jarohatlandi, ulardan 59 nafari kasalxonada qolmoqda. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar orasida ko‘plab bolalar bor: ma'lum bo‘lishicha, 16 yoshdan kichik bo‘lgan 12 kishi vafot etgan. Bundan tashqari, bir necha o‘smir bedarak yo‘qolgan, deb hisoblanmoqda. Portlash uchun mas'uliyatni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi.
Armiya oyoqqa turg‘azildi
"Manchesterdagi terakt munosabati bilan terrorchilik tahdidi darajasini juda jiddiydan maksimalga qadar oshirish haqida qaror qabul qilindi. Bu nafaqat teraktlar yuz berishi mumkinligi, balki ulardan qochib bo‘lmasligini anglatadi. Bu ko‘plab muhim joylarda politsiyachilarning o‘rnini harbiylar egallashini bildiradi", - dedi Mey hukumat a'zolari va maxsus xizmatlar vakillari tarkibiga kiruvchi COBRA yig‘ilishi yakuni bo‘yicha.
Meyning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilik tahdidi darajasining oshirilishi, yangi teraktlar yuz berishi mumkinligini anglatadi.
"Mustaqil tashkilotlar surishtiruvi va razvedka ma'lumoti asosida... shunday xulosaga kelindiki, ayni damda tahdid darajasi jiddiydan maksimumga qadar oshirilishi zarur. Bu, teraktlar nafaqat yuz berishi mumkinligi, balki ulardan qochish juda qiyinligini ko‘rsatadi", - dedi bosh vazir.

O‘z navbatida Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Maykl Fellon mamlakatda xavfsizlikni ta'minlashga harbiylar jalb etilishiga ruxsat berdi.
"Politsiya mudofaa vazirligiga harbiylarni jalb etish bo‘yicha murojaat yubordi hamda vazir ijobiy javob berdi", - dedi Mey.
Uning tushuntirishicha, harbiy xizmatchilar politsiya patrullarini kuchaytiradi, ba'zi joylarda esa tadbirlar xavfsizligini ta'minlash va aholi gavjum yerlarda politsiyachilarni almashtirishadi.
OAV ma'lumotiga ko‘ra, gap minglab harbiy xizmatchilar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.
London hokimi Sodiq Xon shahar aholisini ogohlikka chorladi va London ko‘chalarida yaqin vaqtda ko‘plab politsiyachilar hamda harbiylar paydo bo‘lishini tasdiqladi. "Shahar ko‘chalarida politsiyaning qo‘shimcha xodimlari, jumladan, harbiy xizmatchilar paydo bo‘ladi. Londonda harbiylarni ham ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi – ular politsiyaga xavfsizlikni ta'minlashda ko‘mak beradi va muhim obektlarni qo‘riqlaydi", - deyiladi Xonning bayonotida.
Uning ta'kidlashicha, London qutqaruv xizmatlari har doim tayyor holatda va turli vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha barcha ssenariylar yaxshi ishlab chiqilgan.
"Barcha londonliklar va shahar mehmonlarini xotirjamlikka va ogohlikka chaqiraman, hamda barcha shubhali narsalar haqida politsiyaga xabar berishni so‘rayman", - deya ta'kidlab o‘tdi hokim.
Tarixda uchinchi marta
2006 yilning yozida terrorchilik tahdidi darajasi o‘lchov birligi joriy etilgandi, o‘shanda uning darajasi “jiddiy” etib belgilandi.
Eng yuqori maksimal darajadan so‘ng, “ancha jiddiy”, “jiddiy”, “mo‘'tadil” va “past” darajalar keladi. Shu bilan birga, so‘nggi ikkitasi hozircha qo‘llanilmagan – terrorchilik tahdidi darajasi hech qachon “jiddiy”dan pastga tushmagan.
2006 yilning avgusti o‘rtalarida Britaniyada terrorchilik tahdidi darajasi ilk bora maksimumga qadar oshirildi va bu holat uch kun davomida qoldi.
2007 yilning iyuni oxirlarida xavf darajasi yana maksimal darajaga chiqdi, u besh kundan so‘ng bekor qilindi. Keyingi uch yil davomida hukumat xavf darajasini navbatma-navbat “jiddiy” yoki “juda jiddiy” sifatida belgilab keldi. 2011 yilda tahdid darajasi “jiddiy” darajaga tushirildi va bu holatda to‘rt yil davomida qoldi.

2014 yilning avgustida xavf darajasi “juda jiddiy”ga oshirildi, 2017 yilning 23 may kuni esa – “maksimal”ga qadar ko‘tarildi.
Skotland-Yardning aksilterrorchilik bo‘linmasi rahbari Mark Rouli Buyuk Britaniyada terrorchilik tahdidi darajasi uzoq vaqt davomida maksimal darajada qolmasligiga umid qilishini bildirdi.
"Men kelajak haqida nimadir demoqchi emasman, biroq tariximizga nazar solsangiz, tahdidning bunday darajasi – juda noodatiy va kam qo‘llaniluvchi choradir. U hech qachon uzoq saqlanib qolmaydi, hamda biz bunga umid qilamiz. Hozirgi davrda biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilmoqdamiz, va harbiylar bizga yordam beradi", - dedi Rouli.
Aftidan, britaniyalik
Manchesterda teraktni amalga oshirishda 22 yoshli Salmon Obodiy gumon qilinmoqda, deb xabar berdi shahar politsiyasi rahbari Ian Xopkins.
"Teraktni kim amalga oshirganiga keladigan bo‘lsak, biz 22 yoshli Salmon Obodiyni gumon qilmoqdamiz. Ammo hozircha koronerning tasdiqlovini olmadik, shuning uchun bu borada boshqa izoh bera olmaymiz", - dedi Xopkins jurnalistlarga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Manchesterda o‘tkazilgan aksilterrorchilik amaliyoti doirasida bir kishi qo‘lga olindi.
"Terakt tufayli o‘tkazilgan amaliyot doirasida 23 yoshli erkak qo‘lga olindi... Biz mahalliy aholi xavfsizligini ta'minlash maqsadida ogohlantiruvchi o‘q ham uzdik", - dedi Xopkins.
Shu bilan birga, bosh vazir Meyning ma'lum qilishicha, Buyuk Britaniya politsiyasi va maxsus xizmatlari Manchesterdagi teraktga boshqa kishilar aloqador bo‘lgani yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.
"Ehtimol, bu dahshatli teraktni Manchesterda tug‘ilgan bir kishi amalga oshirmagan. Ehtimol, buning ortida ma'lum bir shaxslar guruhi turibdi", - dedi Mey.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu versiya terrorchilik tahdidi darajasini oshirishda muhim o‘rin tutdi.
Avvalroq Manchester politsiyasi stadiondagi teraktni tekshirish doirasida 23 yoshli erkak hibsga olinganini xabar qildi. Shuningdek, jiddiy qurollangan politsiyachilar Manchester janubidagi uylardan birida maxsus amaliyot o‘tkazdi va Felloufild tumanidagi binolardan biriga kirish uchun nazorat qilingan portlashni amalga oshirdi.
Manchester janubidagi yana bir tuman - Uolli-Reynjda seshanba kuni boshqa bir maxsus amaliyot o‘tkazildi. Politsiya hibsga olish uchun orderlar ham bergan.
Mavzuga oid

10:40 / 05.05.2025
Braziliya politsiyasi Ledi Gaga konsertidagi teraktning oldini oldi

20:05 / 04.05.2025
BMT sudyasi qullik mehnatiga majburlagani uchun 6 yilga qamaldi

08:37 / 25.04.2025
Rossiyada teraktni tayyorlayotgan «markaziy osiyoliklar» yo‘q qilingani xabar berildi

09:30 / 24.04.2025