O‘zbekiston | 20:00 / 07.03.2018
31833
3 daqiqa o‘qiladi

Bobomurod Abdullayev ishi. Sud tibbiy ekspertizasi o‘tkaziladi

7 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan sudlanuvchilar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasreddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Sud majlisida xorijiy va mahalliy OAV muxbirlari, mustaqil inson huquqlari faollari, diplomati korpus vakillari hamda sudlanuvchilarning yaqin oila a'zolari ishtirok etdi.

Mazkur jinoiy ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Z. Nurmatov raisligida hamda xalq maslahatchilari S. Turapova va M. Mirag‘zamovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilmoqda.

Ish bo‘yicha raislik qiluvchi Z. Nurmatov sud majlisini ochdi va sudlanuvchilar B. Abdullayev, H. Nasreddinov, Sh. Olloyorov va R. Salayevlarga nisbatan jinoiy ish eshitilayotganini e'lon qildi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi bo‘yicha ayblanmoqda.

Sud tomonidan sud jarayoni ishtirokchilarining hozir bo‘lgani tekshirildi, sud tarkibi, tomonlar e'lon qilindi, rad qilish huquqi tushuntirildi, sudlanuvchilarning shaxsi va ularga ayblov xulosalarining nusxalari berilgan vaqt aniqlandi, ish bo‘yicha sudlanuvchilar va tomonlarning huquq hamda majburiyatlari tushuntirildi.

Sud tergovini boshlashdan oldin raislik etuvchi arizalar va iltimosnomalar bor-yo‘qligi to‘g‘risidagi masalani aniqladi.

Advokat S. Mayorov tomonidan sudlanuvchiga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritildi. Iltimosnomada sudlanuvchiga nisbatan tergov paytida jismoniy tazyiq o‘tkazilgani, u turli xil qiynoqlarga solingani bayon etilgan. Ushbu iltimosnoma tegishli tartibda sud tomonidan qanoatlantirildi. 

Keyingi sud majlisi sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi olinishiga qadar qoldirildi.

Mavzuga oid