O‘zbekiston davlat farmakopeyasi Yevropa standartlari asosida takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Temirov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyaning Strasburg shahrida bo‘lib o‘tgan Sog‘liqni saqlash uchun dori vositalarining sifati bo‘yicha Yevropa kengashi direktorati Yevropa farmakopeyasi 163-sessiyasida ishtirok etdi.
Ma'lumki, dori vositalarining sifati inson salomatligini saqlab qolish va uzoq umr ko‘rish darajasini oshirishda muhim omil sanaladi. Shu bois, ushbu sohani rivojlantirish jahon farmatsevtika jamiyatida bo‘lgani mamlakatimizda ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Globallashuv sharoitida dori vositalarini standartlashtirish va sifat nazorati bo‘yicha umumiy yondashuvlar zarurati mavjud. Bunda turli mamlakatlar mutaxassislari bilan axborot va fikr almashish juda muhim. 2018 yil mart oyida Yevropa Farmakopeyasi O‘zbekiston Respublikasini kuzatuvchi maqomida qabul qilishi ushbu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi.
Ta'kidlash joizki, hozirda mamlakatimizda boshqa sohalar qatori farmatsevtika sanoati ham faol rivojlanib bormoqda. Mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan sifatli, raqobatbardosh, xavfsiz, samarador dori vositalari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, nafaqat davlatimiz hududida, balki xorijiy, jumladan, MDH davlatlari, AQSh, Kanada, Afg‘onistonga va boshqa davlatlarga ham dori vositalari eksport qilinmoqda. Bundan tashqari, Yevropa farmatsevtika assotsiatsiyasi bilan samarali hamkorlik yurtimiz aholisi va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta'minlash darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Yevropa farmakopeyasining 163-sessiyasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan voqea Sog‘liqni saqlash uchun dori vositalarining sifati bo‘yicha Yevropa kengashi direktorati direktori Suzanna Kaytel hamda «Dori vositalari, tibbiy buyumlari va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi Davlat markazi» DUK direktori Sherzod Abdug‘aniyev o‘rtasida imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi davlat farmatsevtika institutini yaratish uchun Yevropa farmakopeyasining matnlaridan nusxa ko‘chirish va moslashtirish huquqini berish to‘g‘risida»gi kelishuv bo‘ldi.
«Bugun yurtimizda 150dan ortiq mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo‘lib, ular tomonidan 2500 nomdagi dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Hozirgacha dori-darmonlarning sifat nazorati bir qator xorij mamlakatlarning xalqaro e'tirof etilgan farmakopeyalari talablariga muvofiq amalga oshirilar edi. Endilikda mazkur kelishuvga muvofiq, yagona, xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirilgan O‘zbekiston Davlat farmakopeyasi chop etiladi. Natijada dori vositalari, reaktivlar, dori shakllari sifat nazoratining uyg‘unlashgan zamonaviy xalqaro standart talablari darajasida amalga oshirish, ularning xavfsizligini ta'minlash hamda mahalliy dori vositalarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining qisqa muddatlarda amalga oshirish imkoniyati yuzaga keladi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz farmatsevtika sanoatining eksport salohiyatini sezilarli darajada oshiradi», – deydi Sherzod Abdug‘aniyev.
Mavzuga oid

16:46 / 02.05.2025
O‘zbekiston va Qozog‘iston Xitoyga dori-darmon xomashyosi eksporti bo‘yicha yetakchilar qatoriga kirdi

21:39 / 22.04.2025
Dori vositalarining ruxsat etilgan maksimal narxlari qayta ko‘rib chiqiladi

14:08 / 10.04.2025
Yaponiya O‘zbekistonda farmatsevtika zavodi qurishni rejalashtiryapti

13:27 / 05.04.2025