Light | 22:27 / 12.06.2019
5971
7 daqiqa o‘qiladi

Venetsiyada gondola (qayiq)da suzish nima uchun qimmat?

Venetsiyadagi gondolerlar (gondola) eshkakchisi oddiy haydovchi emas, oliy kasta vakilidir. Gondola esa odatiy harakatlanish vositasidan asosiy sayyohlik attraksioni va mahalliy «obida»ga aylangan. Sayyohlar suvdagi romantik sayohat uchun katta pul to‘lashga tayyorlar.

Biz esa gondolerlarning hayoti qanday ekanligi va nima uchun Venetsiya qayig‘ida suzish arzon emasligiga oydinlik kiritishga harakat qildik.

Foto: TripAdvisor

Gondolerlar qayerda o‘qitiladi?

Maktabga kichik yoshdagi venetsiyaliklar 6 yoshdan borishadi. 14 yoshdan 19 yoshgacha yo‘nalishni tanlab, yuqori maktabda o‘qishni davom ettiradilar. Gondola va suv transportini boshqarishni o‘rgatadigan maktablar mashhur. Bunday maktablarda o‘qish obro‘li, shuning uchun ham arzon emas –yiliga taxminan 4 ming yevro. Oddiy darslardan tashqari jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha darslar ko‘p. Mashg‘ulotlarning katta qismi – amaliyot – maktab o‘quvchilari Venetsiyaning tor kanallarida mashq qiladilar.

Gondoler–ayol

Maktabda bo‘lajak gondolerlar orasida o‘quvchi qizlar oz emas. Biroq ulardan bir nechasigina imtihon topshirish va o‘z kasbi bo‘yicha ishlashga muvaffaq bo‘ladi. Gondolerlar assotsiatsiyasi bu ayollar ishi emasligiga ishonadi. Venetsiyada eshkakchi ayollar soni bor-yo‘g‘i uch nafar. 2009 yilda 900 yilda ilk marotaba Jorjiya Boskolo ayol jinsiga mansub sertifikatga ega kemachiga aylandi. Sohaga bo‘lgan muhabbat unga otasidan meros.

Eng janjalkash gondoler-ayol – Aleksandra Xay. U uzoq vaqt davomida litsenziyasiz ishlagan va faqat sud orqaligina ishlash huquqiga ega bo‘lgan.

Qancha pul ishlab topishadi?

Kasbga bo‘lgan qiziqishning yuqoriligi gondolerlarga daromad keltiradi. Ular shaharda hammadan ko‘p pul ishlaydilar – oyiga o‘rtacha 12 500 yevro. Taqqoslash uchun: suv taksichisi 3 500 yevroga yaqin, santexnika ustasi – 1 500, politsiyachi – 2 500, qahvaxona egasi – 4000 yevro oladi.

Mahalliy aholi gondolerlarni surbet deb hisoblaydi. Ehtimol ularning serdaromad ishlariga hasad bilan qarashgani uchundir.

Foto: TripAdvisor

Ish jadvali va narxlar

Xizmat narxi rasmiy tasdiqlangan: 30 daqiqa – 80 yevro, 19:00 dan keyin 30 daqiqa uchun – 100 yevro.

Ish jadvali smenali – uch kun ish, uch kun dam. Soat 9:00 dan so‘nggi mijozga qadar. Albatta, gondoler yakka tartibdagi tadbirkor sifatida qishda sayyohlar kamroq bo‘lganida kamroq ishlashi mumkin.

Sof foyda ishlab topilgan pulning 25 foizini tashkil etadi. Qolgani qayiqni ta'mirlash va to‘lovlarga ketadi.

Foto: TripAdvisor

Oliy kasta

Venetsiyada bor-yo‘g‘i 425 nafar gondoler bor degan fikr mavjud. Aslida raqam o‘zgarishi mumkin, aniq ma'lumotni bilish esa mushkul. Lisenziyaga ega gondolerlar jami 430 dan ortiq – ular gondola o‘zining shaxsiy mulki bo‘lgan kemachilar. Yana 150 nafarga yaqin litsenziyaga ega qayiqchilar bor, ular kasal bo‘lish holatlarida kasbdoshlari o‘rniga ishga chiqishadi.

Yana bir noto‘g‘ri fikr – kasb meros bo‘lib o‘tadi. Bu yerda o‘rganish  va ishlash bo‘yicha man etuvchi qonunlar va cheklovlar yo‘q. Asosiy murakkab jihat – navbat bir necha yilga cho‘zilgan imtihonni kutish. Ajdodlari qayiqchilar bo‘lganlarga sinovdan muvaffaqiyatli o‘tish haqiqatan ham osonroq: chunki ularning ko‘pchiligi bolaligidan eshkak eshishga o‘rgatiladi.

Uslubga egalik

Ko‘plab sayyohlar yo‘l-yo‘l ko‘ylak va somondan to‘qilgan bosh kiyim kiygan qayiqchilarni uzoqdan tanishadi. Biroq bari bu qadar sodda emas: forma qat'iy belgilangan. Masalan, yo‘l-yo‘l chiziqlar faqat ko‘k va qizil rangda, kengligi esa – 2,5 sm bo‘lishi lozim. Shim qora rangda bo‘lishi kerak. Yaqin-yaqingacha oyoq kiyim ham faqat qora rangda bo‘lgan, biroq hozir tanlash imkoniyati berilgan.

Shlyapa kiyish yoki kiymaslik – qayiqchining shaxsiy ishi. Biroq noqulayligi sababli ko‘pchilik undan voz kechadi. Qish mavsumida esa Gondolerlar assotsiatsiyasi qora kurtka va yo‘l-yo‘l sharf kiyishga ruxsat beradi.

Foto: TripAdvisor

An'analar

Aslida Venetsiyada hozirda bor-yo‘g‘i 50 mingga yaqin mahalliy yashaydi. Katta sayyohlik oqimi sababli venetsiyaliklarga ona shaharlarida yashash qimmat va noqulay tus oldi. Gondolerlar ham bundan mustasno emas. Shuning uchun ham ularni ishdan tashqari vaqtda gondolalarda uchratmaysiz.

Bor-yo‘g‘i 50 yil muqaddam Venetsiya sayyohlar orasida bu qadar mashhur bo‘lmagan, gondoler kasbi ham obro‘li sanalmagan. U vaqtlarda qayiqchilarda ajoyib an'ana bo‘lgan: yakshanba kunlari butun oila a'zolari bilan birgalikda suvda sayrlar tashkil etishgan.

Foto: TripAdvisor

Avtoulov narxiga teng

Shaxsiy gondolaga ega bo‘lish qimmat. O‘rtacha narx – 30-90 ming yevroga teng. Qayiqni usta aniq belgilangan narx va tashqi ko‘rinishga muvofiq bir necha oyda yasab berishi mumkin. Bunday qayiq 20 yil va undan ko‘proq xizmat qila oladi.

Avtoulovda bo‘lgani kabi pulni tejash va oldin foydalanilganini xarid qilish mumkin. Biroq narxga xizmat ko‘rsatish va qo‘shimcha xarajatlar ham qo‘shiladi. Masalan, bir yillik to‘xtash joyi uchun to‘lov taxminan 700 yevroga tushadi.

Foto: TripAdvisor

Suvda harakatlanish qoidalari

Ayrim gondolerlar tor joydan o‘tish uchun oyoqlari bilan harakat qilishadi. Ularga bunday qilish osonroq, biroq qoida bo‘yicha bunday qilish mumkin emas. Agar o‘quvchi ana shunday xatoga yo‘l qo‘ysa, imtihon hisobga olinmaydi. Professional hech narsaga tegib ketmasdan, faqat eshkak bilan harakatlanishni bilishi lozim.

Suvda harakatlanishning boshqa qoidalari ham bor. Masalan, qorong‘u tushganida albatta fonus qo‘yish kerak. Agar esdan chiqsa – 150 yevro to‘lashga to‘g‘ri keladi. Asosiy taqiq – ochiq dengizga suzib chiqish. Barcha suv chorrahalarida svetoforlar bor, biroq mohir eshkakchilar ularga ishonishmaydi va yetib kelganlari haqida baland ovozda ma'lum qilishni ma'qul ko‘rishadi.

Ana shunaqa. Venetsiyada qayiqda suzish nima uchun arzon emasligi sabablarini ham bilib oldingiz.

Mavzuga oid