O‘zbekiston | 11:52 / 09.10.2019
13110
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ma'muriy jazo choralari tizimi liberallashtiriladi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksi loyihasi: asosiy yo‘nalishlar va yangiliklar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, kodeks loyihasida Davlat dasturida belgilangan quyidagi vazifalar o‘z aksini topgan:

ishni ko‘rishning protsessual tartibini takomillashtirish;

protsess ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini maqbullashtirish;

ma'muriy huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish (elektron bayonnoma, elektron ma'muriy ish va boshqalar);

jabrlanuvchi arizasiga asosan yuritiladigan ma'muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni tugatish tartibini joriy qilish;

ma'muriy jazo choralari tizimini liberallashtirish;

jarima jazosini ixtiyoriy ijro etishni rag‘batlantirishning differensial tartibini joriy etish;

ma'muriy javobgarlikka tortishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar toifasini maqbullashtirish.

Bundan tashqari, loyihada bir nechta konseptual o‘zgarishlar taklif etilgan, ular quyidagilardan iborat:

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks loyihasida umumhuquqiy va maxsus prinsiplar ro‘yxatini aniqlashtirish va kengaytirish;

Ma'muriy huquqbuzarliklar yuzasidan yuridik shaxslar javobgarligini joriy qilish;

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksni “Ma'muriy   tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun bilan muvofiqlashtirish;  

Ma'muriy javobgarlik va ma'muriy jazodan ozod qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksi loyihasi mutaxassislar takliflari asosida takomillashtiriladi va umumxalq muhokamasiga qo‘yiladi.

Ushbu Kodeks loyihasi qabul qilingach, amaldagi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi o‘z kuchini yo‘qotadi.

Mavzuga oid