Jahon | 08:03
13606
2 daqiqa o‘qiladi

«Eng kambag‘al prezident» Xose Muxika vafot etdi

Urugvayning sobiq prezidenti, El Pepe nomi bilan ham tanilgan Xose Muxika 90 yoshga to‘lishidan bir necha hafta oldin saraton kasalligidan vafot etdi. U yo eng kambag‘al yoki eng saxovatli davlat rahbari sifatida esda qolgan.

Foto: TASS

Siyosatchining o‘limi haqida 13 may kuni Urugvayning amaldagi prezidenti ma’lum qildi. Muxika kasallik haqida 2024 yilda bilgan va 2025 yil boshida metastazlar tufayli davolanishni to‘xtatayotganini e’lon qilgan. U, prezidentlik davrida bo‘lgani kabi, fermada yashagan va hech qanday dabdabaga yo‘l qo‘ymagan. U 20 may kuni 90 yoshga to‘lgan bo‘lardi.

Siyosiy faoliyatining boshida Xose Muxika mamlakatdagi harbiy diktatura dushmani bo‘lgan «Tupomaros» radikal so‘l harakati a’zosi edi. Muxika bir necha bor hibsga olingan va oxir-oqibat umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Hukumat almashguncha u 14 yil qamoqda o‘tirgan.

Ozodlikka chiqib, u deputat, keyin senator va qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘ldi va 2009 yilda prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. U deyarli butun maoshini xayriyaga bergan, hech qachon prezident saroyida yashamagan va eski mashinadan boshqa mulkiga ega bo‘lmagan. Uning rahbarlik qilgan davrida mamlakatda kambag‘allar soni kamaydi va yalpi ichki mahsulot oshdi.

Muddati tugagach, u Senatda ishlashga qaytdi, keyin nafaqaga chiqdi va oshirilgan to‘lovlardan bosh tortdi.

Mavzuga oid