Jahon | 16:05 / 16.05.2025
2221
6 daqiqa o‘qiladi

14 yillik qamoqdan prezidentlikkacha. Xose Muxika kim edi?

13 may kuni Urugvayda milliy motam ruhi hukm surdi. Mamlakatni 2010-2015 yillarda boshqargan Xose Muxika 90 yoshga to‘lishiga bir necha kun qolganida saraton kasalligi tufayli vafot etdi. Eng kambag‘al yoki eng saxovatli davlat rahbari sifatida ta’riflanadigan El Pepe kim edi va nega bu darajada katta mashhurlikka erishgan?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Partizanlar harakati yetakchisi

Xose Muxika 1935 yilda Montevideo yaqinida tug‘ilgan. Otasidan erta yetim qolgan bo‘lajak siyosatchi maktab paytidanoq og‘ir mehnat bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ladi. Uning yoshlik yillari Urugvayda an’anaviy siyosiy model — hokimiyatni navbatma-navbat boshqargan Milliy partiya va Kolorado partiyasi inqirozga uchrab, mamlakat iqtisodiy qiyinchiliklar girdobiga tushgan davrga to‘g‘ri kelgan. Tashqi qarz, inflatsiya, ijtimoiy tengsizlik va qashshoqlik ortib borardi. Har qanday ish tashlash yoki norozilik namoyishlari politsiya va harbiylar tomonidan shafqatsiz bostirilgan.

Natijada urugvaylik yoshlar radikallashib, er osti harakatlariga qo‘shila boshlaydi. Bu jarayon Kuba inqilobi misolida butun Lotin Amerikasini qamrab oldi. Ishtirokchilar qurolli yo‘l bilan ijtimoiy adolat o‘rnatishni istar edilar. 1963 yilda Urugvayda «Milliy ozodlik harakati – Tupamaros» tashkil topdi. Muxika ham 26 yoshida ushbu tashkilotga qo‘shiladi.

«Tupamaros» guruhining maqsadi kurash uchun zarur bo‘lgan mablag‘ va qurol topish edi, shu sababli ular banklar, kazinolar va qurol omborlarini talon-toroj qilgan, hatto oziq-ovqat ortilgan yuk mashinalarini ham o‘g‘irlaydi. Muxika aksariyat shafqatsiz to‘qnashuvlarning faol ishtirokchisi bo‘lgan, tanasidagi juda ko‘p jarohat izlari ana shu mojarolardan «esdalik» edi.

O‘z mamlakatida El Pepe laqabi bilan mashhur bo‘lgan bo‘lajak prezident 4 marta hibsga olingan. 1971 yil sentabr oyida u Urugvay tarixidagi eng yirik qamoqdan qochish operatsiyalaridan birida ham ishtirok etadi. Montevideodagi qamoqxonadan er osti tunneli orqali bir vaqtning o‘zida 106 kishi qochishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo Muxika 1972 yilda yana qo‘lga olinadi.

14 yillik qamoq

Yana qamoqqa qaytarilgan Xose Muxika va boshqa «Tupamaros» yetakchilariga qarshi hech qanday sud o‘tkazilmagan, ularga qarshi rasmiy ayblov ham qo‘yilmaydi. U ko‘zlari bog‘langan holda ma’lum vaqt oralig‘ida bir harbiy qismdan boshqasiga ko‘chirilgan va yerosti zindonlarda saqlangan. Yillar davomida quyosh nurini ko‘rmagan va doimiy izolyatsiyada bo‘lgan. Xususan, 14 yillik qamoqning 12 yilini alohida kamerada o‘taydi. U keyinchalik o‘sha davrlarni eslar ekan, ikki yil davomida quduq tubida to‘liq izolyatsiyada o‘tirganini, aqldan ozmaslik uchun esa qurbaqalar bilan suhbatlashishga majbur bo‘lganini qayd etadi.

1985 yilda Urugvayda harbiy diktatura qulaydi va mamlakatda hokimiyat demokratik saylovlar natijasida shakllantiriladi. Yangi hukumat umumiy amnistiya e’lon qiladi. Ozod qilingan siyosiy mahbuslar orasida 50 yoshli Xose Muxika ham bor edi.

Ozodlikka chiqqach El Pepe siyosiy hayotga qayta qadam tashlaydi. Avvaliga deputat, so‘ngra senator va qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida faoliyat olib boradi. U 2009 yilda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonadi va Urugvayni 5 yil davomida boshqaradi. Bu davrda qashshoqlik darajasi 18,5 foizdan 9,7 foizgacha tushdi, mamlakat tarixidagi eng past ishsizlik darajasi (6,3 foiz) qayd etildi. Ijtimoiy adolat va inson huquqlari masalalarida katta islohotlar amalga oshirildi.

Xose Muxika va AQSh prezidenti Barak Obama

Keyinchalik yana hukumat tepasida qolish imkoniyati bo‘lsa-da, Muxika buni rad etadi. Shundan so‘ng bir muddat senator bo‘lib ishlaydi va 2020 yilda siyosatdan to‘liq ketganini e’lon qiladi.

«Eng kambag‘al prezident»

Davlat rahbarligiga kelgan Muxika prezident uchun mo‘ljallangan shohona saroydan voz kechib, qishloqdagi kichik uyida istiqomat qilishni davom ettiradi. Poytaxt bilan uning fermasini kattagina tuproq yo‘l bog‘lardi. U ko‘chadagi quduqdan suv olgan va rafiqasi bilan o‘z tomorqasida gul yetishtirardi. 

Xose Muxika va uning xotini Lusiya Topolanski

Prezidentni himoya qilish faqat ikkita politsiyachi bilan cheklangan. Shkafida esa rasmiy uchrashuvlar uchun atigi bitta kostyumi bo‘lgani aytiladi.

Muxika prezidentlik maoshining 90 foizini xayriya ishlariga sarflagan. Uning fermasidan tashqari yagona mulki 1987 yilda ishlab chiqarilgan, bozor narxi 1800 dollarni tashkil etuvchi Volkswagen Beetle avtomobili bo‘lgan. Muxikaga 2014 yilda bu mashinani 1 mln dollarga sotish taklif qilingan, biroq bunga rozi bo‘lmagan. Shu sababli El Pepe ommaviy axborot vositalarida dunyodagi «eng kambag‘al yoki saxiy prezident» deya ta’riflab kelinadi va faoliyati dunyodagi ko‘plab siyosatchilar uchun ibrat namunasi sifatida ko‘rsatildi. 

Muxikaning Braziliya prezidenti Lula da Silva bilan uchrashuvi. 2024 yil, dekabr.

Sobiq prezident o‘z turmush tarzini quyidagicha izohlagan: «Odamlar meni eng qashshoq prezident deb atashadi, lekin men aslo o‘zimni kambag‘al his qilmayman. Aslida faqat dabdabali yashash uchun ishlaydiganlar kambag‘aldir. Ular boriga qoniqmasdan, yanayam ko‘proq narsani xohlashadi». 

Mavzuga oid