Sport | 16:54 / 29.10.2019
6381
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident O‘zbekistonda regbini rivojlantirish to‘g‘risida qaror imzoladi

Foto: kubnews.ru

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston regbi federatsiyasining quyidagi takliflari ma'qullandi:

a) har bir ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida regbi bo‘limlarini ochish;

b) bolalar-o‘smirlar sport maktablariga ishga qabul qilinayotgan regbi bo‘yicha murabbiylar nomzodlarini O‘zbekiston regbi federatsiyasi bilan majburiy kelishish tartibini joriy qilish;

v) quyidagilarni nazarda tutuvchi regbi bo‘yicha sport musobaqalarini o‘tkazishning to‘rt bosqichli tizimini joriy etish:

birinchi bosqichda – sport klublari, seksiyalari jamoalari o‘rtasidagi sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

ikkinchi bosqichda – sport klublari, seksiyalari jamoalari o‘rtasidagi musobaqalarda g‘olib chiqqan jamoalar o‘rtasida tuman (shahar) sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

uchinchi bosqichda – tuman (shahar) sport musobaqalarida g‘olib chiqqan jamoalar o‘rtasida hududiy sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

to‘rtinchi bosqichda – hududiy sport musobaqalarida g‘olib chiqqan jamoalar o‘rtasida respublika sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok).

2019 – 2022 yillarda respublikada regbini yanada kompleks rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar belgilandi:

iqtidorli sportchi yoshlarni tanlab olish (seleksiya ishlari) faoliyatining samaradorligini oshirish va regbi bo‘yicha o‘quv-mashq jarayonini sifatli tashkil etish;

regbini ommalashtirish, yoshlarni sport to‘garaklari, seksiyalar va to‘garaklarga faol jalb qilish, ulardan erkin foydalanish imkoniyatini ta'minlash;

trenerlar, hakamlar va regbi bo‘yicha boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;

regbi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun sifatli va samarali tayyorgarligini ta'minlash;

xalqaro musobaqalarning g‘oliblari va sovrindorlarini rag‘batlantirish, shuningdek, trenerlar, hakamlar va regbi bo‘yicha boshqa mutaxassislarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish;

regbining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini takomillashtirish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga quyidagi vazifalarni hal etish yuklatildi:

hududiy regbi federatsiyalarining moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish;

tegishli hududlarning rahbar kadrlari orasidan nomzodlarni hududiy regbi federatsiyalari raisi lavozimiga tavsiya etish;

tegishli hududda professional regbining rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta'minlash, kamida bitta professional regbi klubini tashkil etish, regbi mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun stadionlar, shuningdek, tegishli hududiy regbi federatsiyalarini joylashtirish uchun binolar ajratish. 

O‘zbekiston regbi federatsiyasi faoliyatini va uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida nazarda tutiladigan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mablag‘lari;

homiylar mablag‘lari, shuningdek, qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining sport klublari stadionlarida muntazam ravishda regbi bo‘yicha mashg‘ulotlar va musobaqalar o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yaratib berilishini beg‘araz asosda ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 2020/2021 o‘quv yilidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida regbi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlovchi yo‘nalishlar ochish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Mavzuga oid