Jahon | 01:00 / 25.04.2020
12436
3 daqiqa o‘qiladi

Aktyor Tom Henks Korona ismli bolaga tasalli berdi

Avstraliyalik Korona De Vris ismli 8 yoshli bola Hollivud aktyori Tom Henksga maktub yozib, sinfdoshlari uni ismi uchun mazax qilishayotganini so‘zlab bergan.

Foto: Reuters

Bu haqda New York Post nashri xabar berdi

Ta'kidlanishicha, bolakayning ota-onasi uni Quyosh atmosferasining tojsimon tashqi qismiga atab Korona (Toj) deb nomlashgan. Biroq bolaning tengqurlari uni koronavirus deb mazax qila boshlashgan. Bola aktyor va uning rafiqasi koronavirusga chalinganidan xabar topib, aktyorning sog‘lig‘i haqida bilmoqchi bo‘lgan. 

“Hurmatli mister Henks, mening ismim Korona. Men yangiliklardan Siz va rafiqangiz koronavirusga chalinganingizdan xabar topdim. Siz o‘zingizni yaxshi his qilmoqdamisiz?”, deb boshlagan Korona maktubini va uni o‘z muammosini so‘zlab berish bilan davom ettirgan.

Aktyordan maktubga javob 10 aprelda kelgan. Henks, shuningdek, bolaga o‘zining Smith Corona rusumidagi bosma mashinkasini sovg‘a sifatida yuborgan. Ta'kidlanishicha, aktyor bu mashinkani virusga chalingan joyi - Avstraliyaga o‘zi bilan birga olib ketgan. 

“Menga va rafiqamga sendan maktub olish juda yoqimli bo‘ldi. Sening maktubing sababli men o‘zimni yanada yaxshiroq his qildim. Bu mashinka senga asqotadi, deb o‘ylayman. Kattalardan uning ishlashi haqida bilib ol va menga javob yozishda undan foydalan”, deb yozgan aktyor bolaning maktubiga javoban.

“Sen Korona ismli men biladigan yagona insonsan, Quyosh atrofidagi toj ko‘rinishidagi halqa kabi”, deb qo‘shimcha qilgan Henks. 

U maktubi oxirida “O‘yinchoqlar tarixi” multfilmidagi iborani keltirib o‘tgan: “Posskriptum: Sen menda do‘st topishing mumkin” (You got a friend in ME!). 

Bolakay aktyorning maktubini olib juda xursand bo‘lgan. 

“U meni do‘sti deb atadi!”, deb gapirib bergan Korona bu haqida Reuters axborot agentligiga va yaqin orada aktyorga yana bir maktub yo‘llamoqchiligini qo‘shimcha qilgan.

12 mart kuni Tom Henks va uning rafiqasida koronavirus tashxisi qo‘yilgan. Shundan keyin ular G‘arbiy Avstraliyadagi Gold-Kost shahrida joylashgan shifoxonaga joylashtirilgan. 5 kundan keyin juftlik sog‘ayib, shifoxonadan chiqqan.

Mavzuga oid