Jahon | 23:07 / 25.10.2021
3537
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil va BAA o‘zaro hamkorlik doirasida Oyga zond yuboradi

Isroil va BAA 27 oktyabrda fazoni o‘rganishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv imzolashi kutilmoqda. Ushbu kelishuv doirasida bir nechta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Foto: SpaceIL

Tomonlar, birinchi navbatda, “Bereshit-2” loyihasi bo‘yicha hamkorlik qilmoqchi. Uning amalga oshirilishi 2024 yilga belgilangan. Missiya narxi 100 mln dollarni tashkil qilib, u Oy orbitasiga zond yuborishni o‘z ichiga oladi.

Ushbu loyiha Isroilning 2019 yilda amalga oshirilgan va muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan “Bereshit” loyihasining davomi hisoblanadi. O‘shanda Isroilning Oyga yuborgan qurilmasi Yerning tabiiy yo‘ldoshi sirtiga urilib, parchalanib ketgan.

Bundan tashqari, hamkorlik doirasida BAA 2017 yilda orbitaga uchirilgan Venus zondi yuborgan ma'lumotlarni tahlil qilishda yordam beradi. Fransiya va Isroil hamkorligida ishlab chiqilgan qurilma global isish hamda boshqa muhim ekologik hodisalar – suv zaxiralari va qishloq xo‘jaligidan foydalanish, cho‘llashish kabilarni o‘rganishga mo‘ljallangan. 

Shuningdek, ikki davlat talabalari Loner-Sat deb nomlanuvchi sun'iy yo‘ldoshni ishlab chiqib, uni orbitaga yuborishni rejalashtirishmoqda. Ushbu loyiha yangi oy paydo bo‘lishi aniq vaqtini aniqlashda yordam beradi.

Mavzuga oid