Sport | 14:21 / 13.12.2021
8045
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat Bobonov «PSJ» dzyudo klubi bilan Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etadi

Foto: MOQ

Dzyudo bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiadasining bronza medali sovrindori Davlat Bobonov Fransiyaning «PSJ» klubi bilan shartnoma imzolab, dzyudo bahslarida ushbu klub sharafini himoya qilmoqda.

MOQ xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik dzyudochi ishtirok etayotgan jamoa Chexiyada o‘tgan Yevropa ligasida g‘alaba qozonib, Chempionlar ligasiga yo‘llanma olgan.

O‘z tarkibiga mashhur dzyudochilarni jamlagan Parij klubi Yevropa ligasida chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi va bu bilan Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. -90 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Bobonov raqibini vazari bahosi evaziga mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: MOQ

Chexiyaning Praga shahrida o‘tgan Yevropa ligasida ko‘hna qit'aning 13ta erkaklar, 4 ta ayollar klublari ishtirok etdi. Erkaklar o‘rtasidagi musobaqa finalida «Pari Sen-Jyermen» «Tsent-Jyenevev» jamoasini 4:1 hisobida yengdi.

Foto: MOQ

Shu tariqa, «PSJ» bilan shartnoma imzolagan dzyudo bo‘yicha Tokio-2020 sovrindori Davlat Bobonov yaqin vaqt ichida klublar o‘rtasida o‘tkaziladigan turnirlarda ushbu jamoa sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. 

Ma'lumot uchun, parijliklar safida yaqinda Abu-Dabida o‘tgan «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi turnirda chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan moldovalik Denis Viyeru, Alfa Jalo va afsonaviy Teddi Riner kabi dzyudochilar ham o‘rin olgan.

Mavzuga oid