O‘zbekiston | 13:05 / 26.01.2022
14257
4 daqiqa o‘qiladi

Gaz zapravkalari faoliyati to‘xtashi ortidan Samarqand va Namanganda avtobuslar qatnovi to‘xtadi

Elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar tufayli yonilg‘i muammosi kelib chiqqach, Samarqand va Namangan viloyatlarida aksariyat avtobuslar qatnovga chiqa olmadi.

Foto: Samarqand viloyati hokimligi

Samarqand viloyat transport boshqarmasining ma’lum qilishicha, 26 yanvar kuni shahar, shahar atrofi va shaharlararo yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi avtobus yo‘nalishlarida transport vositalari soni keskin darajada kamayib ketgan. Buning asosiy sababi yonilg‘i (siqilgan gaz) bilan bog‘liq.

«Viloyat transport boshqarmasi avtobuslarni yo‘nalishlarga chiqarish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda. Yuzaga kelgan holat to‘g‘ri tushunilishini xohlardik. Keltirilgan noqulayliklar va yo‘qotilgan vaqt uchun barcha yo‘lovchilardan uzr so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 2022 yil 25 yanvar kuni sodir bo‘lgan elektr energiyasi uzilishi Samarqand viloyatidagi aksariyat yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatiga jiddiy ta’sir qilgan.

Avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalari ishlamagani oqibatida 25 yanvar kuni ham viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda aksariyat yo‘lovchi tashish avtobuslari o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Shu holat Namangan viloyatida ham kuzatilmoqda.

Ma’lumot uchun, bugun, 26 yanvardan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi.

Energetika vazirligi axborot xizmati ma’lum qilishicha, svet o‘chishi gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlar buzilishi holatlariga sabab bo‘lgan. Bu esa, o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmi kamayishiga olib kelgan.

«Umumtizimda kuzatilgan yirik nosozliklar mutaxassislar tomonidan bartaraf etilib, respublikamizning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatilish boshlandi. Bugun, soat 09:30 holatiga ko‘ra respublikamizda elektr energiyasi ta’minoti 70 foizga tiklangan.

Bunda, birinchi navbatda aholi iste’molchilari va ijtimoiy soha obektlari elektr energiyasi bilan ta’minlandi.

Shuni ham aytib o‘tishimiz kerakki, yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatimizdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlar buzilishi holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda.

Shu sababli, issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimi kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida, ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq hajmda issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy soha obektlari va aholi iste’molchilariga yo‘naltiriladi.

Shu munosabat bilan, bugundan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Shu bilan birgalikda, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yuridik iste’molchilarga ham tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi.

Hurmatli iste’molchilar! Ushbu amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan asosiy maqsad – birinchi navbatda aholi xonadonlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash hisoblanadi.

Vaziyatni to‘g‘ri baholab, bizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat!» deyiladi xabarda.

Mavzuga oid