Jahon | 14:24
1650
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya ham Falastinni tan olmoqchi

Fransiya, Buyuk Britaniya va Kanada ortidan Avstraliya hukumati ham sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh assambleyasi sessiyasida Falastin davlatini tan olishini ma’lum qildi.

Hilary Wardhaugh/AFP/Getty Images

Avstraliya BMT Bosh assambleyasining sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida Falastinni davlat sifatida tan oladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Entoni Albaneze ma’lum qildi.

Bunday qaror Avstraliya Falastin ma’muriyatidan olgan majburiyatlarni hisobga olgan holda qabul qilindi, dedi Albaneze 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Uning ta’kidlashicha, qaror Avstraliya hukumatining prezident Mahmud Abbosdan kelgusida Hamas Falastin davlatida hech qanday rol o‘ynamasligi haqida va’da olganidan keyin qabul qilingan.

«Bu Avstraliya prezident [Mahmud] Abbos va Falastin ma’muriyatidan talab qilgan va olgan majburiyatlardan biridir», – deya ta’kidladi u.

U «ikki davlat tuzish to‘g‘risidagi qaror insoniyatning Yaqin Sharqdagi zo‘ravonlik zanjirini uzish va G‘azo sektoridagi mojaro, azob-uqubat va ochlikka chek qo‘yish uchun eng yaxshi umidi» ekanini ta’kidlagan.

2024 yil may oyi oxirida Yevropaning uchta davlati – Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya rasmiylari Falastinni davlat sifatida tan olganini e’lon qildi. O‘sha paytda BMTga a’zo 193 davlatdan 143 tasi, jumladan, Rossiya va Xitoy Falastin davlatini rasman tan olgandi.

Iyul oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sentabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishida uning mamlakati Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini aytdi. Shuningdek, «Katta yettilik»ning yana ikki mamlakati – Kanada va Buyuk Britaniya ham shunday yo‘l tutish arafasida.

Isroil va uning asosiy ittifoqchisi – AQSh Fransiya, Buyuk Britaniya va Kanadaning Falastinni tan olish qarorini tanqid qildi.

Mavzuga oid