O‘zbekiston | 18:01 / 21.02.2022
34669
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura hokimning «noyob advokati»ga doir ishni qayta ko‘rishga qaytardi. IIB qonunsizlikka ko‘z yumgandi

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarovdan intervyu olish uchun kelgan «Vodiy 24» nashri jurnalisti qabulxonada navbat kutib o‘tirganida bir ayol kelib, tasvirga olish guruhiga bosim o‘tkazib, baqir-chaqir qilganligi haqida xabar berilgan edi.

Foto: Videodan kadr

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, videolavhadagi holat Andijon shahar IIOFMB tomonidan o‘rganilib, joriy yil 27 yanvar kuni JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

«Mazkur qaror va to‘plangan hujjatlar nazorat tartibida Andijon shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilib, joriy yil 19 fevral kuni bekor qilindi hamda qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv olib borish uchun Andijon shahar IIOFMBga yuborildi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan Andijon shahar IIOFMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», - deyiladi prokuratura ma’lumotida.

Kun.uz Andijon shahar hokimining «do‘ppi tor kelgan paytda» qo‘llaniladigan «quroli» hokimdan izoh olmoqchi bo‘lgan «Vodiy 24» nashri jurnalistlariga «hujum» qilgani va ularni hokim qabulxonasidan quvib chiqargani, bu ayni shu ayol tomonidan jurnalistlarga to‘sqinlik qilinganiga oid birinchi holat emasligi haqida ko‘rsatuv e’lon qilgan edi.

Shahar hokimi qabulxonasida «Vodiy 24» nashri jurnalistlari bilan bo‘lgan holat videosida voqea joyiga yetib kelgan profilaktika noziri jurnalistlarni haqorat qilgan, foto uskunalariga zarar yetkazib, operatorni bo‘g‘moqchi bo‘lgan ayolga hech qanday chora ko‘rmasdan, ishni yopib yuborgan.

Bundan tashqari, Kun.uz ijodiy jamoasi ham to‘rt oy oldin shahar hokimining noqonuniy qaroriga ko‘ra qurilayotgan inshoot yuzasidan surishtiruv o‘tkazayotib, ana shu ayolning qarshiligiga uchragandi.

Mavzuga oid