O‘zbekiston | 17:25 / 25.03.2022
24684
9 daqiqa o‘qiladi

Bog‘cha to‘lovlaridan imtiyozni qaysi toifa ayollar oladi?

Ayrim davlat bog‘chalariga bolalar 2 yoshdan olinadigan, boquvchisini yo‘qotgan ayollarning bolalari bog‘chaga bepul boradigan bo‘lyapti. Biroq aynan “boquvchisini yo‘qotgan ayol” tushunchasi hali aniq emas. Imtiyoz esa 1 apreldan boshlab kuchga kirishi kerak.

Foto: KUN.UZ

Prezident farmoni bilan ayrim toifadagi ayollarga bog‘cha to‘lovidan imtiyoz berilmoqda. Bundan tashqari, endi bolalar davlat bog‘chalariga ham 2 yoshdan borishi mumkin.

1 apreldan amalga oshiriladigan bog‘cha bilan bog‘liq yangiliklar

Shu sanadan boshlab, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarning:

  • farzandlari davlat bog‘chalariga to‘lanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinadi;
  • 3 yoshgacha farzandlari uchun nodavlat bog‘chalarga budjetdan subsidiyalar ajratiladi.
  • to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat bog‘chalariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bolalarni pulli xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat beriladi;
  • kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar o‘z huzurida bog‘cha tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi budjetdan qoplab beriladi.

2 yoshdan bog‘chaga qabul qanday amalga oshiriladi?

Farmonga ko‘ra, to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat bog‘chalariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bolalarni pulli xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat beriladi. Biroq bu aynan qanday tartibda amalga oshiriladi?

Kun.uz mazkur savolga javob olish uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayevaning ma’lum qilishicha, hamma davlat bog‘chalariga ham bolalar 2 yoshdan qabul qilinavermaydi.

“2 yoshdan bolalarni navbati kam bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga pulli xizmatni shakllantirgan holatda qabul qilish belgilandi. Davlat xizmatlari markazlarida navbatda turgan bolalar o‘z o‘rniga ko‘ra bog‘chalarga qabul qilinaveradi. 2 yoshdan esa faqat to‘liq quvvatda ishlamayotgan bog‘chalarga qabul bo‘ladi.

Pulli xizmat bo‘lgandan keyin narx ixtiyoriy tarzda belgilanadi. Barcha MTTlarda kuzatuv kengashlari mavjud. Kuzatuv kengashlarida ota-onalar davlat MTTlari direktorlari va tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limlari bilan birgalikda narxlarni ishlab chiqishadi va tasdiqlashadi”, dedi Mavluda Asqarxo‘jayeva.

Lekin to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan, 2 yoshdan bolalar borishi mumkin bo‘lgan respublikadagi jami davlat bog‘chalari ro‘yxatini olishning imkoni bo‘lmadi, sababi, hozirda bu ro‘yxat vazirlik tomonidan shakllantirilmoqda. Maktabgacha ta’lim vazirligi ro‘yxat 1 aprelga qadar tayyor bo‘lishi kerakligini bildirdi.

Boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar kimlar?

Farmonda bolalari bog‘chaga boradigan bir toifa onalar uchun yengillik berilgan. Qayd etilishicha, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarning farzandlari davlat bog‘chalariga to‘lanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinadi, 3 yoshgacha farzandlari uchun nodavlat bog‘chalarga budjetdan subsidiyalar ajratiladi.

Bu xabar e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarda savollar paydo bo‘ldi: “boquvchisini yo‘qotgan ayollar” deganda aynan kimlar nazarda tutiladi. Turmush o‘rtog‘i vafot etgan ayollardan tashqari bolasiga aliment puli olmaydiganlar, yolg‘iz onalar yoki erining nogironligi sabab mehnatga layoqatsiz bo‘lgan xotin-qizlar-chi?

Ushbu savolga javob topish uchun “boquvchisini yo‘qotgan ayol” tushunchasining huquqiy ta’rifini topishga harakat qildik.

“Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarorida boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand xotin-qizlar deyilganda boquvchisi bo‘lmagan, qo‘shimcha moddiy yordamga muhtojlar tushunilishi qayd etilgan. Lekin bu mavhum.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘ladi.

“Yoshidan va mehnat qobiliyatidan qat’i nazar, ota va onadan biri yoki er (xotin), agar u vafot etgan boquvchining bolalarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan ta’tilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar boqish bilan mashg‘ul bo‘lsa va ishlamasa pensiya oladi”, deyiladi qonunda.

Shuni hisobga olgan holda, boquvchisini yo‘qotgan ayolni turmush o‘rtog‘i vafot etgan va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslar sifatida tushunish mumkin.

Aniq ta’rif yo‘q

Lekin qonunchilikda aynan “boquvchisini yo‘qotgan ayol” tushunchasining o‘ziga berilgan aniq ta’rif uchramaydi. Maktabgacha ta’lim vazirligiga bu toifaga aynan qanday xotin-qizlar kiritilishi haqida savol bilan murojaat qildik. Vazirlik bu ma’lumot Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligida bo‘lishi mumkinligini, Mahalla vazirligi esa xotin-qizlarga oid ma’lumotlar yangi tuzilgan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi vakolatiga o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Ayollar muammolari bilan ishlaydigan tashkilot – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi matbuot xizmati bilan ham bu tushunchalarga aniqlik kiritish bo‘yicha bog‘landik. Qo‘mita matbuot xizmatining qayd etishicha, “boquvchisini yo‘qotgan ayol” tushunchasining o‘zida biroz chalkashlik bor. Bundan tashqari, hozircha respublika bo‘yicha qancha boquvchisini yo‘qotgan ayollar mavjudligi to‘g‘risidagi statistikalar tayyor emas.

Hozir yangi ish boshlagan qo‘mita bu tushunchaga aniqlik kiritadigan loyiha ustida ishlamoqda, hammasi tasdiqlangach, loyiha e’lon qilinadi.

Shundan so‘ng Adliya vazirligiga “boquvchisini yo‘qotgan ayol” tushunchasini aniqlashtirish uchun murojaat qildik va maqolaning yuqoridagi qismida keltirilgan ma’lumotlarni oldik. Lekin bu ma’lumotlarni ham aynan tushunchani izohlab beradi, deb qabul qilish qiyin.

Yolg‘iz onalar ham bor

Bolasini yolg‘iz katta qilayotgan yana bir toifa ayollar – yolg‘iz onalar ham bor. “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga ilova qilingan “Ayollar daftari”ga kiritish bo‘yicha so‘rovnomada “beva, boquvchisini yo‘qotgan ayol” va “yolg‘iz ona” kategoriyalari alohida-alohida ajratilgan.

“Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi Adliya vaziri buyrug‘ining 54-bandiga ko‘ra, qonuniy nikohda bo‘lmay turib farzand ko‘rganligi qayd etilgan ayollar yolg‘iz ona hisoblanadi. Yolg‘iz onalar bolalariga tug‘ilganlik guvohnomasi olayotganda ota-ona familiyasi ham bir xilda – onaning familiyasi ko‘rsatilgan holatda bo‘ladi.

Bundan tushunish mumkinki, yolg‘iz ona va boquvchisini yo‘qotgan ayol tushunchalari bir-biridan farq qiladi, lekin ikkalasi ham bolalarini o‘zlari katta qilishadi, yolg‘iz ayollar ham bola parvarishi sabab ishsiz bo‘lishi mumkin, ammo bog‘chalarga berilayotgan imtiyozlardan yozg‘iz onalar foydalanishi qayd etilmagan. Bu bolasini o‘zi katta qilayotgan, hech kimdan aliment olmaydigan ayollarda e’tiroz paydo qilishi mumkin.

1 apreldan kuchga kirishi kerak bo‘lgan bog‘chaga oid yangiliklarda bolasi bepul bog‘chaga boradigan ayollar toifasini aynanlashtirib, raqamlarini chiqarish va qamrovi kam bo‘lgan bog‘chalar ro‘yxatini shakllantirish vazifalari turibdi. Mas’ul tashkilotlar tez orada bu boradagi so‘roqli nuqtalarni hal qilib, ayollarda paydo bo‘layotgan savollarga javob berishi kerak bo‘ladi.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

 

Mavzuga oid