Sport | 16:39 / 20.07.2022
12819
12 daqiqa o‘qiladi

«Bavariya» De Ligt uchun deyarli 70 million yevro to‘ladi. Transfer o‘zini oqlaydimi? 

22 yoshli Matteys de Ligt – «Bavariya» futbolchisi. Niderlandiyalik markaziy himoyachi «Yuventus»dan 67 million yevro (yana 10 million ehtimoliy bonus) evaziga o‘tdi. Bu nemis klubi tarixidagi ikkinchi katta transfer bo‘lib, faqatgina Luka Ernandes uchun ko‘proq to‘langan (80 million yevro). 

De Ligt «Yuventus»da o‘zini qanday namoyon qilgani va «Bavariya»da undan nimani kutish mumkinligini Rossiyaning Spors.ru sayti kolumnisti Artyom Denisov tahlil qilishga urindi

De Ligtning «Yuventus»dagi muvaffaqiyati – bu haqiqat 

De Ligt «Yuventus»da asosiy tarkibning «temir» o‘yinchisi bo‘la oldi. Uch mavsumning har birida u o‘ynagan daqiqalari bo‘yicha eng yaxshi beshlikdan joy oldi. 2021/22 yilgi mavsumda esa faqat darvozabon Voysex Shensni undan ham ko‘proq vaqt maydonga tushgan. 

Niderlandiyalikning Italiyadagi sarguzashtlarini ikki bosqichga bo‘lish mumkin. 

Birinchisi, A Seriyadagi dastlabki 3-4 oy: golga olib kelgan muntazam xatolar, joy tanlashdagi xatolar, qo‘l bilan o‘ynash holatlari ko‘pligi (de Ligtning aytishicha, hatto jamoada uning qo‘llari «to‘p magnitlari» deb atalgan). 

Ikkinchi bosqich – keyingi 2,5 yil. Himoyachi asta-sekin o‘sib bordi, kuchli tomonlarini rivojlantirdi, zaif tomonlarini to‘g‘rilashga harakat qildi. 

Boshidagi muammolarni osongina tushuntirish mumkin. Birinchidan, «Yuve» Kellinining og‘ir jarohati tufayli Matteysni jamoaga qo‘shib olishga majbur bo‘lgandi. De Ligt uni asosiy tarkibga bosqichma-bosqich jalb qilmoqchi bo‘lishganini tasdiqlagandi: «Reja shunday edi: Kellini va Bonuchchi maydonga tushishadi, meni esa tarkibga sekin-asta jalb qilishadi. Darhol jangga tashlashlariga qarshi emasman, ammo bu jiddiy sinov bo‘lardi». 

Ikkinchidan, de Ligt yangi tizimga moslashishi lozim edi. Uning sobiq jamoasi «Ayaks»da himoya chizig‘i yuqoriroqda joylashgandi. Himoyachi o‘z pozitsiyasi haqida qayg‘urmasdan, raqib jarima maydoniga dadil borardi. Erediviziya darajasida Matteys duellarda murosasiz tarzda ustunlik qildi. 

Mauritsio Sarri «Yuventus»da zonaviy himoyani yo‘lga qo‘ydi: o‘yinchilar makonni himoya qiladi, raqib futbolchisini emas. Sarri ko‘rsatmalarining o‘ziga xosligi shundaki, u markaziy himoyachilardan darvoza hududida qolishni talab qiladi – chunki, raqib yo‘llagan to‘pni to‘sib qolish imkoniyati bo‘ladi. Shu tufayli, de Ligt yangi himoyaviy modelga tezda moslasha olmadi. 

«Yuventus» murabbiylaridan biri Jovanni Martusciyello ilk qiyinchiliklarni shunday izohladi: «De Ligt sheriklari bilan hamnafas o‘ynash borasida ortda qolmoqda va hali ham pozitsiyada xatolarga yo‘l qo‘ymoqda». 

Futbolchi bu e’tirozlarni tushundi: «Biz zonalarda o‘ynayapmiz, bundan oldin faqat yakkaxon o‘ynaganman. Yangi pressing modeliga va yangi talablarga ko‘nikishim kerak, qachon himoyaga qaytish va qachon hujumga o‘tishni tushunib olishim lozim». 

Sarri Matteys bilan shaxsan ishladi va uni tezda moslashtira oldi. Natijada, niderlandiyalik futbolchini kamroq aldab o‘ta boshladilar, driblingchilarga qarshi muvaffaqiyatli harakatlar 20 foizga oshdi. Yo‘qotishlar va qoidabuzarliklar soni sezilarli darajada kamaydi. Yildan yilga to‘pni raqibdan ilib olishlar soni ortdi. Bosim ostida uzatmalar soni kamaydi, u to‘p bilan tezroq ishlay boshladi. De Ligt o‘zining havo duelidagi ko‘rsatkichlarini yaxshiladi. 

De Ligtning o‘yin portreti: tajovuzkor uslubni yaxshi ko‘radi va jamoadoshlariga ko‘p ko‘rsatma beradi 

De Ligtning taraqqiyoti oddiy o‘yinchidan dunyoning eng yaxshi futbolchisigacha bo‘lgan kosmik sakrash emas. U ma’lum bir rolda rivojlandi va universal mashinaga aylanmadi. Shaxsiy duellarda harakat qiluvchi tajovuzkor markaziy himoyachi – niderlandiyalikning kuchli tomonlari. 

«Qora mehnat juda muhim. Odamlar uni iflos ish deyishadi, lekin menga yoqadi. Bosh bilan to‘p qaytarishni yaxshi ko‘raman, yakkakurashlarda yengib chiqishni yoqtiraman. Shu nuqtayi nazardan, men eski maktab himoyachisiman. Hozir shunchaki pozitsiyani egallab olib, hududni yopib turuvchi futbolchilar ko‘p. Men buni qabul qilaman, lekin yakkama-yakka kurashni yoqtiraman. Raqib bilan kurashishni. Bu uslub tavakkalchilik bilan bog‘liq. Shu tufayli, «Yuve»da muvozanatni saqlashni o‘rganyapman», deya o‘z o‘yinini ta’riflagandi de Ligt. Uning kumirlari: Maldini, Barezi, Nesta, Kannavaro. 

Matteys tanasi bilan o‘ynash borasida ham o‘sdi. Gap faqat to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketishi uchun yelkani tutib berish haqida emas. De Ligt baquvvat gavdasi bilan raqibini surib chiqarishga qodir. 

De Ligtning yana bir xususiyati sheriklariga doimiy ko‘rsatma berib turishida ifodalangan yetakchilik fazilatidir. 

U boshqa himoyachilarga ko‘rsatmalar beradi, yarimhimoyachilarni orqaga qaytish, oldinga yoki qanotlarga o‘tishga chaqiradi. Harakat vektori imo-ishoralar bilan ko‘rsatiladi. 

«Yuventus» afsonasi Alessio Takkinardi himoyachining sardorlik ko‘nikmalarini baholab, 1996 yilda Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan jamoada hozirgi tarkibdan kim yo‘qolib qolmagan bo‘lardi degan savolga quyidagicha javob berdi: «Balki, faqat de Ligt, u ruhiy jihatdan kuchli. Yoki Petro Verxovodni tanlagan bo‘lardim». 

Yana bir qiziq holat – de Ligt himoya markazida aniq pozitsiyada o‘ynashga qiynalmaydi, unga ikki oyog‘i bilan o‘ynay olishi asqatadi (uzatmalarning 25 foizini chap oyog‘ida amalga oshiradi). «Yuve»da ko‘p narsa sheriklarga bog‘liq: Bonuchchi ko‘proq chapdan, Kellini esa o‘ngdan chiqadi. Hatto yaxshi o‘yinchilar ham ko‘pincha oyog‘iga «bog‘langan» bo‘ladi (chapaqaylar chapda, o‘ngaqaylar o‘ngda o‘ynashadi). De Ligt esa istalgan vaziyatda tomonlarni o‘zgartirishi mumkin. Agar faol hujumchiga qarshi yakkakurashga otlansa aynan shunday qiladi. 

To‘p bilan o‘ynashda de Ligt hayratda qoldirmaydi. U Kellini, Bonuchchi va Ruganiga nisbatan kamroq pas beradi. To‘p bilan oldinga o‘tishda faqat Jorjoga yutqazadi, ammo A Seriya darajasida ajralib turmaydi. 

«Kellini maydonda bo‘lganida menda ko‘proq erkinlik bor. Tez-tez hujumga o‘tishim, to‘pni oldinga oshirib, ko‘proq bosim qilishim mumkin. Bonuchchi bilan boshqacha o‘ynash kerak – u uzoq paslarni yoqtiradi. Men ikkala ssenariyda ham o‘zimni qulay his qilyapman. Men himoya qila olaman va hujumga o‘ta olaman», degandi Matteys. 

«Bavariya»da nima bo‘ladi, to‘psiz o‘yinga moslasha oladimi? 

«Bavariya»ning markaziy himoyachilari bilan taqqoslansa, de Ligt vertikal uzatmalarni kamroq uzatadi va tezkor hujumlarni kamroq tashkil qiladi. 

Albatta, jamoalarning uslubi o‘xshash emas («Bavariya» to‘pga ko‘proq egalik qiladi va eng yuqori himoya chizig‘i bilan o‘ynaydi), ammo oradagi farq baribir tubsizlik kabi ko‘rinmoqda. 

Nagelsmann anchadan buyon tarkibda bunday himoyachi o‘ynatmagandi. 2021/22 yillar mavsumida Upamekano to‘pni orqaga uzatib, gol o‘tkazib yuborilishiga sabab bo‘lgandi. Nagelsman uni qattiq koyidi: «U bilan gaplashaman va shunga o‘xshash vaziyatlarda qanday harakat qilishni o‘rgataman. Upa to‘pni orqaga uzatish mumkin emasligini biladi. Bosim ostida oddiy o‘ynash kerak, to‘pni uzatish mumkin, lekin orqaga qarab emas». 

Darvozabon Shensniga to‘p oshirishni yoqtiradigan De Ligt titray boshlashi mumkin. 

Niderlandiyalikning kamdan kam vertikal paslari markazdan emas, diagonal bo‘ylab yon qanotlarga qaratiladi. Bu kengliklardan mohirona foydalanuvchi «Bavariya»da yaxshi ish berishi mumkin. 

Nima bo‘lganda ham, endi de Ligt tez-tez oldinga pas berishi kerak. U Ernandes va Upamekano ko‘rsatkichlariga yeta olmasligi mumkin, ammo Nagelsmann tizimi faqat orqaga to‘p oshiradigan o‘yinchilarni istisno qiladi. Tarkibga moslashib olish davrida to‘p bilan yuzaga keladigan xatolarga tayyor turish kerak. 

To‘psiz o‘ynashga o‘rgangan tarkibga moslashish qanday kechadi? «Zamonaviy markaziy himoyachilar – sof himoyachilar emas», degan edi Nagelsmann, hujumga o‘tish ko‘nikmalariga tayanishiga urg‘u berib. Niderlandiyalikda esa aksincha. 

Qizig‘i shundaki, 2019 yil yozida Matteys «Yuventus»ni tanlaganida, Niderlandiyada uni hamma ham tushunmagan. Ko‘pchilik (masalan, Lui van Gaal) uning «Barsa»ga o‘tishini kutishgan, «Man Siti» kabi yuqori himoya chizig‘iga ega boshqa jamoalar nomi ham tilga olingan edi. 

Matteysning aytishicha, u 15 yoshigacha o‘rta chiziqda o‘ynagan va hujumkor yarimhimoyachi bo‘lgan. Balki aynan shu nuqtada himoyachi uchun zarur bo‘lgan pressing uslubini o‘zlashtirib olgandir. 

Ikkita markaziy himoyachi bilan bunday hujumkorlik juda xavfli. Ammo uchtasi bilan barqaror ish berishi mumkin, bunda qolgan ikki markaziy himoyachi oraliq masofani vaqtida qisqartirishi lozim. 

Ehtimol, Nagelsmann uch nafar markaziy himoyachi sxemasini tanlar – nemis jurnalistlari u hujumda Mane va Gnabri bilan 3-5-2 sxemasidan foydalanmoqchi ekani haqida xabar berishdi. Bu Matteys uchun yaxshi yangilik. So‘nggi mavsumlarda «Bavariya» markaziy himoyachilari xotirjamlik bilan raqib maydoniga kirib borishganini hisobga olsak, Nagelsmann tarkibidagi de Ligtning dadil hujumlari miqdorini tasavvur qilish qiyin. 

Xulosa: «Bavariya» tajovuzkor markaziy himoyachini oldi, endi u jamoaning to‘psiz o‘yiniga moslashishi kerak. Uning dadil o‘tishlari esa foydali bo‘ladi. De Ligtning pozitsiyadagi o‘yini savollar tug‘diradi, ammo diagonal paslari hujum mexanizmiga mos keladi, shu tufayli, o‘sish uchun imkoniyat bor. Xullas, futbolchi, murabbiy va jamoa uchun qiziqarli vazifa.

Mavzuga oid