Jahon | 10:16 / 04.09.2022
17490
3 daqiqa o‘qiladi

Kamchatkada vulqonga ko‘tarilishda olti kishi halok bo‘ldi

Kamchatkada Klyuchevskaya Sopka vulqoniga ko‘tarilish chog‘ida olti kishi halok bo‘ldi. Avvalroq mahalliy rasmiylar besh kishining o‘limi haqida xabar bergandi. Jabrlanuvchilar uchun vertolyot yuborilgan, ammo qutqaruvchilar hali iqlimga moslashish jarayonidan o‘tishi kerak.

TATYANA MAKEYEVA/AFP VIA GETTY IMAGES

«Hushsiz holda bo‘lgan yana bir kishi vafot etdi. Ayni vaqtga kelib qurbonlarning jami soni olti kishini tashkil etmoqda», deya tibbiy xizmatlardagi manbasi so‘zlarini keltiradi TASS.

Halok bo‘lganlarning barchasi 30 avgust kuni vulqonga ko‘tarilish uchun sayohatga yo‘l olgan 12 kishilik guruh a’zolari bo‘lishgan.

3 sentabr kuni turistlar 3,3 ming metr balandlikdan ko‘tarila boshlagan. 4,2 ming metr balandlikda, yuqoridan qulash oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, bir kun o‘tib qurbonlar soni olti nafarga yetgan.

Xabar qilishlaricha, gidlardan biri oyog‘ini sindirib olgan. Bo‘lib o‘tgan voqealar haqida sun’iy yo‘ldosh aloqasi orqali favqulodda xizmatlarga xabar bergan ikkinchi gid jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatmoqda.

Guruhning ikki vakili 3300 m balandlikdagi lagerda bo‘lib turibdi va qutqaruvchilar kelishini kutishmoqda, qolganlar - 4000 metrdan yuqoriroq balandlikda qolishmoqda. «112» telegram-kanali yozishicha, sayyohlar 4 ming metr balandlikdan mustaqil ravishda tusha olishmaydi: ularning barchasi uzoq davom etgan yurish va kislorod yetishmovchiligi tufayli qattiq toliqishgan.

Klyuchevskaya sopka - Yevrosiyodagi amaldagi eng yuqori balandlikdagi vulqondir. U 4,8 ming metr balandlikda joylashgan.

Qutqaruv amaliyoti

Qutqaruvchilar hozircha sayyohlarning oldiga yetib bora olmagan.  Mi-8 vertolyoti noqulay ob-havo sharoiti tufayli lager atrofiga qo‘na olmagan va qaytishga majbur bo‘lgan.

«Ular 3 300 metr balandlikda qo‘nishi rejalashtirilgandi, ammo past bulutlar to‘plami tufayli buning imkoni bo‘lmadi. Ayni vaqtda qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlari borti yana hodisa hududiga yo‘l olgan. Ular qo‘nadigan balandlik ob-havo sharoitiga bog‘liq bo‘ladi», deyiladi Kamchatka o‘lkasi ma’lumotlar markazi xabarida.

«Bunga parallel ravishda yana bir vertolyot parvozga tayyorlanmoqda. Vulqon hududi bulutlar bilan qoplangan, shamol tezligi sekundiga 15 metrga yetgan va yog‘ingarchilik kuzatilmoqda. Tog‘li hududda havo harorati Tselsiy bo‘yicha - 9 darajagacha tushishi mumkin», deya yozadi TASS agentligi.

Har qanday holatda ham qutqaruvchilar jabrlanganlarga darhol yordamga yetib bora olmaydi - ular hali iqlimga moslashish jarayonidan o‘tishi talab etiladi.

Sayyohlarga yordam uchun quruqlik orqali ham 15 kishidan iborat qutqaruvchilar guruhi jo‘natilgan.

Mavzuga oid