Sport | 13:50
5483
17 daqiqa o‘qiladi

No Partey, no party. «Arsenal» nega yutqazdi?

«Spors.ru» kolumnistlari Vadim Lukomskiy, Vyacheslav Palagin va Artyom Denisov YeChL yarimfinalidagi birinchi o‘yinni tahlil qilishdi.

«PSJ» Chempionlar ligasining «Emireyts»da kechgan birinchi yarimfinal o‘yinida «Arsenal»ni 1:0 hisobida mag‘lub etib qaytdi. 

O‘yin oldidan Mikel Arteta uchun asosiy boshqotirma Tomas Partining diskvalifikatsiyasi edi. Jamoada uning pozitsiyasiga faqat Jorjinio bor, ammo u ham jarohatlangan. Natijada Deklan Raysni orqaroqqa tushirishga, uning o‘rniga esa so‘nggi vaqtlarda markaziy hujumchiga aylantirilgan Mikel Merinoni qaytarishga to‘g‘ri keldi. Bu esa oldingi chiziqdagi konfiguratsiyani o‘zgartirib yubordi. «Arsenal»da to‘qqizlik pozitsiyasida Leandro Trossar tushirildi: belgiyalik hujumchida tajriba bor, ammo so‘nggi vaqtlarda u faqat muqobil variant sifatida ko‘rib kelingan. 

«PSJ» esa optimal tarkibni tushirishi mumkin edi: jamoada umuman jarohat olganlar va diskvalifikatsiyaga uchraganlar yo‘q. Bredli Barkolya so‘nggi vaqtlarda formasini yo‘qotgan, shuning uchun Xvicha Kvaratsxeliya va Dezire Duega ustuvorlik berildi.

«PSJ» «Enfild»dagi golni takrorladi. Mayda detallargacha «ko‘chirildi»

Ikki goldagi umumiylik juda ko‘p. Quyida ikki o‘yindagi vaziyatlar ko‘rib chiqiladi.

Ikki hujum boshlanishida ham Nunu Mendesh Usmon Dembelega pas berdi. Ikki safar ham u pressingni yorib o‘tdi va raqiblarning yarmini vaziyatdan uzib qo‘ydi. Muhim jihati: Mendesh nafaqat o‘zini taklif qilgan Dembeleni vaqtida payqadi, balki pas ham juda qulay bordi – shunchalikki, to‘pni o‘ziga bo‘ysundirish uchun ortiqcha vaqt yo‘qotilmadi. Agar to‘p ideal bormaganida, raqiblar qarshilik ko‘rsatishga ulgurishi va zararni minimallashtirishi mumkin edi.

«Parij» havbeklaridan birining harakatiga to‘g‘ri baho berilmagani. «Enfild»da Vitinyaning chalg‘ituvchi harakati muhim rol o‘ynagandi. Agar u Dominik Soboslaini o‘zi bilan olib ketmaganida, pas yo‘nalishi yopilgan bo‘lardi.

«Emireyts»da esa Fabian Ruis shunga o‘xshash vazifani bajardi. Ispaniyalik yarimhimoyachi tayanch zonasidan Deklan Raysni o‘zi bilan olib ketdi. Sxemada bo‘shliq yuzaga kelmasligi uchun Raysning jamoadoshlari darhol reaksiya ko‘rsatishi talab etilardi. Mikel Merino pas manzillaridan birini yopdi, Gabriel Martinelli esa vaziyatdan uzilib qoldi va Dembele erkin harakatlanishiga yo‘l qo‘ydi.

● Dembelening hujumni yakunlashdagi hissasi. Fransuz hujumchisi aldamchi to‘qqizlik roli bilangina cheklanmadi. Ikki holatda ham u maydonni juda yaxshi ko‘ra olishini namoyish etdi. «Enfild»da u Konate sekinlashganini payqagan va jarima maydoniga yorib kirgandi. «Emireyts»da esa u Rays bo‘sh qoldirgan tayanch zonasini egalladi.

Dembele ancha vaqtgacha «Arsenal» mudofaasini tahlika ostida ushlab turdi. U aldamchi to‘qqizlik sifatidagi eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi

Golli hujum – Dembele ortga qaytib o‘ynagan ko‘plab epizodlardan biri edi. U muntazam ravishda hujumning boshlang‘ich nuqtasida o‘zini taklif qildi.

Bu Enrike uni doimiy harakatda bo‘luvchi aldamchi to‘qqizlik roliga tayinlagan 2025 yil uchun odatiy holatdir. Dembele hujumlar davomida o‘zi uchun sevimli bo‘lgan o‘ng qanotga o‘tishi, o‘nlik vazifasida paydo bo‘lishi, orqaroqqa qaytishi mumkin – u umuman hujum chizig‘i uchi bo‘lib qolmaydi. 

Ammo «Arsenal» bilan o‘yin Dembele juda ham orqaga qaytishi va u bu ishni ko‘p marta amalga oshirishi bilan ajralib turdi. Usmon odatda maydon bo‘ylab harakatlanishdan zavq oladi (goh qanotga ketadi, goh markaz bo‘ylab orqaroq tushadi), «Emireyts»da esa deyarli muntazam ravishda markaziy yo‘lak bo‘ylab harakatlandi va juda chuqur tushishdan tortinmadi.

Dembele to‘pni himoyadan olib chiqishda o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinigacha kelgan holatlar ham bo‘ldi. Bunaqasi avval kuzatilmagandi.

«PSJ» futbolchilari 2025 yilda bir-birini to‘ldirib o‘ynash bo‘yicha dars bermoqda – bu ayniqsa Dembele markaziy forvard pozitsiyasini tashlab, qanotlarga ketganida yaqqol ko‘rinadi. So‘nggi oylarda Joau Nevesh va Fabian Ruis markaziy hujumchi zonasi bo‘sh qolmasligi uchun muntazam ravishda oldinga chiqib o‘ynamoqda.

Dembelening ortga qaytib o‘ynashi – «PSJ» o‘yin boshida tashabbusga egalik qilganining asosiy omillaridan bo‘ldi. Vaqt o‘tib «Arsenal» bunga moslashdi va markaziy himoyachilardan biri Dembeleni ta’qib qilib, raqib maydoniga qadar kelishga o‘tdi. Ammo o‘yinning dastlabki qismida «Arsenal» Dembele ko‘p va juda tez-tez qo‘shimcha yarimhimoyachiga aylanishiga tayyor bo‘lmagandi.

«Arsenal» tayanch zonasida Partisiz muammolar zanjiri yuzaga keldi

«Arsenal» tayanch zonasida ilk daqiqalardan Deklan Rays va Mikel Merino juftligi harakat qildi. Jorjinio va Tomas Parti bir vaqtning o‘zida safdan chiqqandi. Ulardan hech bo‘lmaganda biri o‘yinda qatnasha olganida Rays odatiy rolini bajarishi, Merino esa yangi, ammo muvaffaqiyat bilan moslashgan nominal hujumchi sifatida o‘ynashda davom etishini ta’minlagan bo‘lardi. Afsuski, Jorjinio jarohatlangan, Parti esa Madriddagi o‘yinda ahmoqona sariq kartochka olgan va diskvalifikatsiya tufayli yarimfinalning birinchi o‘yinini o‘tkazib yuboradigan bo‘lgandi. 

Qayd etish muhim: muammo faqat ixtisoslashgan tayanch yarimhimoyachi yetishmovchiligida emas, balki Rays va Merinoning rollari o‘zgarib, hujumni qaytadan qurishni talab etganida hamdir. Bu maydon markazidagi barcha mexanizmlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Ikkita tizimli muammoni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. 

Birinchisi – tayanch zonasida Rays-Merino bog‘lamida Deklan yordamchi emas, balki asosiy rolni bajarishi oldin sinab ko‘rilmagani. Tezkor va katta hajmda ish bajaruvchi, to‘pni olib qo‘yishda a’lo harakatlanuvchi Rays – o‘yinni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi tayanch yarimhimoyachisi uchun ideal yordamchi bo‘la oladi. Bu o‘yinda u o‘zini Partining o‘rnida sinab ko‘rishi kerak edi, unga yordamchi sifatida esa faqat tezligi yuqori bo‘lmagan Merino bor edi.

Qolaversa, bu juftlikka harakatlarni muvofiqlashtirib o‘ynash amaliyoti yetishmadi. Bir necha holatda ulardan biri o‘zi mas’ul bo‘lgan zonaga sherigini chaqirmasdan qanotga yordam berish uchun ketib qoldi va zarba berish uchun bo‘shliq yuzaga keldi.

Quyida Rays ochiq qoldirgan zonada – Dembele hech qanday qarshilikka uchramasdan zarba berib, hisobni ochdi.

Bunisida Merino bo‘sh qoldirib ketgan hududda Nevesh qulay vaziyatga ega bo‘ldi.

Yana bir muhim probel – hujumlarni qurishda paslar to‘g‘ri berilmagani. Rays to‘p bilan oldinga yurishda va raqib jarima maydonigacha borishda juda kuchli, ammo paslar bilan sheriklarini oldinga boshlashda va o‘yin tempini belgilashda Parti yoki Jorjinio kabi bo‘lolmaydi.

Bu vaziyatda u qarshisida katta bo‘shliqqa ega bo‘lib turgan Edegorga pas berishi mumkin edi...

...ammo raqib futbolchilari bosimi ostida bo‘lgan qanotga to‘p uzatdi.

U to‘pni qabul qilishda to‘liq o‘z darvozasi tomon qarab turib olgan, natijada tezlik bilan hujumni rivojlantirolmadi.

To‘pni ta’qib ostidagi sherigiga uzatib, yana bir bor istiqbolli hujumni yo‘qqa chiqardi.

Bu vaziyatda esa o‘ng qanotda uning ikki jamoadoshi to‘pni qabul qilishga tayyor turgan va ularning qarshisida katta hudud yuzaga kelgandi, u esa o‘ng tomonga qarab ham qo‘ymadi.

Trossarga pas berdi, ammo to‘pni uning yo‘liga tashlab bermasdan, noqulay pas bilan yugurishga chog‘langan sherigini to‘xtab, ortga qaytishga majbur qildi.

Bunday epizodlar alohida olinganida halokatli bo‘lib ko‘rinmaydi. Ammo birgalikda to‘pga samarali egalik qilish bilan raqib uchun qulay bo‘lgan sekin va ko‘p uzatmalar orqali o‘ynash o‘rtasidagi farqni ko‘rsatib qo‘yadi. Parti raqiblar uchun sinovga aylanadigan hamda jamoaning hujumdagi holatini yaxshilaydigan yurish yo‘nalishlarini juda tez topa olardi. Rays esa hozircha top-redjist sifatlariga ega emas.

Yaqimli istisno – ikkinchi bo‘limdagi bir vaziyat bo‘ldi, u ajoyib reyd uyushtirdi.

Bu esa Trossar yakkama-yakka vaziyatga chiqib borishiga olib keldi.

Fenomenal epizod, ammo u bu vaziyatni sifatli pas va vaziyatni baholash orqali emas, to‘pni katta masofada olib yurish qobiliyati tufayli yaratdi. Rays uchun bunday reydlarni amalga oshirish odatiy rolida – Partining o‘rniga emas, balki uning yonida tushganida qulayroq. U bu hujumda barchasini benuqson amalga oshirdi, ammo bunday reyd uyushtirish uchun Deklanda imkoniyat odatdagidan kamroq bo‘lishi tabiiy edi. 

Individual jihatdan Rays va Merinoga e’tiroz ko‘p emas, ammo muammolar zanjiri ularga diskomfort yaratdi. Ular «Real» bilan o‘yinda ko‘rsatgan sifatlar bu o‘yinda yetarlicha namoyon bo‘lmadi.

«Arsenal» standart vaziyatlarga tayandi

O‘yin davomida ko‘p kuzatilgan holat – David Rayya to‘pni maydonning ikkinchi qismidan turib ham jarima maydoni ichiga yetkazib berishga urinishi bo‘ldi.

Qisqa paslar orqali himoyadan chiqishga urg‘u qaratiladigan zamonaviy futbol uchun kam uchraydigan kartina.

Buni qanday izohlash mumkin? 

Birinchidan, «Arsenal» ortiqcha pressingni istamasligi. Qisqa pas bilan o‘yin boshlash parijliklarning navbatdagi bosim to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin edi. 

Ikkinchidan, «Parij»ning zaif nuqtasi – standartlardan foydalanishga urinish. Fransiyadagi gegemonlikka qaramay, «PSJ» – liganing burchak va jarima zarbalaridan keyin o‘tkazib yuborilgan gollar bo‘yicha eng yomon jamoalaridan biri. Luis Enrike ham bu muammoni tan oladi, ammo jamoa buni maskirovka qilishga muvaffaq bo‘lganini aytadi: imkon qadar standart vaziyatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. 

«Arsenal» raqibning kamchiligidan foydalana oldimi? Munozarali savol. Bir tomondan, bir necha holatda ish zarbagacha yetib bordi. Boshqa tomondan, xavfli qarshi hujumlar ehtimoli hisobga olinib, standart vaziyatlarda bor imkoniyatlar ishga solinmadi. Masalan, Rayya to‘p oshirayotganida Uilyam Saliba jarima maydoniga bormadi va darvozabonga yaqin joylashib, Usmon Dembeleni qo‘riqladi. 

Mikel Merinoning hisobga olinmagan goli – «Arsenal»ning «Parij»ning standart vaziyatlardagi bo‘sh o‘yiniga moslashishidan ko‘ra odatiy ijro edi. Raqib jarima maydoni atrofida standart vaziyat ishlandimi – behudaga sovurilmaydi. Bor resurslar ishga solindi va amalda yaqinda «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda ijro etilgan kombinatsiya takrorlandi: ilon shaklida saflangan futbolchilarning dastlabkilari raqib himoyachilarini bloklaydi, keyingilarda esa erkinlik yuzaga keladi. 

Hakimining yomon o‘yini: «Arsenal» uning zaif tomonini fosh qildi va imkon qadar noqulay ssenariy yuzaga keltirdi

Hakimi uch marta aldab o‘tildi – o‘yindagi eng yomon ko‘rsatkich.

Har bir muvaffaqiyatli driblingdan keyin «Arsenal»da golli vaziyat yuzaga keldi. Avvaliga Bukayo Saka chap qanotda paydo bo‘lib, Hakimidan o‘tdi va narigi ustun tomon uzatma berdi, Donnarumma to‘pga chiqishda xato qildi, ammo Martinelliga kerakli kuch bilan zarba berish uchun bir necha santimetr yetmadi.

Keyin Yakub Kivyor Hakimini aldab o‘tdi va to‘pni Merinoga oshirdi – faqat Joau Nevesh so‘nggi lahzada zarba berishga to‘sqinlik qilishga ulgurdi.

Birinchi bo‘lim oxirida Hakimi Maylz Lyuis-Skelliga qarshi muvaffaqiyatsiz o‘ynadi, undan o‘tib ketgan yosh futbolchi Martinellini yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi – Donnarumma qutqardi.

Bundan tashqari, Hakimi birinchi bo‘limdayoq sariq kartochka olishga ulgurdi va o‘yin oxirida yakkama-yakka vaziyatda yana bir fol ishlatganida maydondan chetlatilishi ham mumkin edi. 

Jarima maydoni yaqinida 1 ga 1 holatda qolish – Hakimining nozik tomoni. U driblyorlarga qarshi duellarda faqat 45,9 foiz holatda muvaffaqiyatli harakatlangan. Top-ligalardagi qanot himoyachilarining faqat 9 foizida bundan yomonroq ko‘rsatkich. Jamoa chuqur himoyalanganida Hakimi tarkibdagi eng yomon futbolchi bo‘lib qoladi. «PSJ»ning aksar o‘yinlarida shunchaki bunday kartina bo‘lmaydi, ammo «Arsenal» ma’lum oraliqlarda parijliklarni jarima maydoniga qamalib olishga majbur qildi.

Va bu hammasi emas. 

Hakimi – doimo yuqori pressingda qo‘shimcha futbolchi bo‘ladi. Agar raqib to‘rt himoyachidan iborat sxema tanlagan bo‘lsa, «PSJ» shunday pressing qiladi: Xvicha Kvaratsxeliya o‘ng qanot himoyachisiga, Dembele va Due – markaziy himoyachilarga, Hakimi – chap qanotga bosim uyushtiradi.

Muammo shundaki, «Arsenal»da chap qanot himoyachisi tayanch zonasiga tez-tez o‘tuvchi va aldamchi fulbekka aylanuvchi Lyuis-Skelli edi. Hakimi doim ham uning ortidan ergashib yura olmasdi, natijada yosh ingliz erkinlikka va to‘p bilan harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Boshqa holatlarda, Hakimi baribir Lyuis-Skellini ta’qib etishga qaror qilganida, «PSJ» o‘ng qanotida bo‘shliqlar yuzaga keldi.

Yakun: o‘ta noqulay raqibga qarshi pressing qilish vazifasi tufayli driblyorlarga qarshi individual muammolar hamda tizimli uzilishlar.

***

Tashabbus qo‘ldan qo‘lga o‘tishi nuqtayi nazaridan o‘yin dinamik kechdi. O‘yin boshida parijliklar shunchaki bir bosh baland jamoadek bo‘lib ko‘ringandi. Taxminan 30-daqiqadan 75-daqiqaga qadar bo‘lgan oraliqda esa «Arsenal» nazoratni o‘z qo‘liga olib, raqibni bo‘g‘ib qo‘ydi va golga yaqin edi. O‘yin oxirida esa «PSJ» xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi va hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirishi ham mumkin edi. 

Javob o‘yini oldidan «PSJ» yaqqol favorit bo‘lib ko‘rinmoqda. Luis Enrike jamoasi tezkor hujumlarda juda yaxshi (agar «Arsenal» tavakkalga qo‘l ursa), shu bilan birga xavfsiz paslar bilan o‘yinni «o‘ldirish»ni biladi (agar «Arsenal» to‘liq kuch bilan pressing uyushtirib, to‘pni olib qo‘ymasa, parijliklar javob o‘yinida hisobga qarab o‘ynashi tayin).

Londonliklar uchun yaxshi yangilik ham bor: keyingi o‘yinda Tomas Parti qaytadi – natijada Mikel Merino va Deklan Rays ham o‘ziga qulayroq pozitsiyalarda o‘ynashi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid