Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya rasmiylari ilk bor Ukrainadagi urushda safarbar qilingan askarlar halok bo‘lganini tan oldi
Chelyabinsk oblasti ma’muriyati mazkur hududdan Ukrainadagi urushga safarbar qilingan besh kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Frontda safarbar qilinganlarning o‘limi haqidagi birinchi rasmiy bayonot «qisman» safarbarlik e’lon qilinganidan atigi uch hafta o‘tiboq yangradi.

Foto: RUSSIAN DEFENCE MINISTRY/TASS
«Afsuski, harbiy komissariat Korkino harbiy komissarligidan yuborilgan besh nafar janubiy urallik halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Halok bo‘lgan askarlarimizning oila a’zolari va yaqinlariga barcha zarur yordamni ko‘rsatamiz», — deyiladi oblast ma’muriyati matbuot xizmati bayonotida.
Chelyabinsk oblasti ma’muriyati qurbonlarning qarindoshlariga federal to‘lovlardan tashqari har biriga bir million rubldan mablag‘ ajratishga ham va’da bergan.
Sentyabr oyi oxiridan beri safarbar qilingan o‘nlab rossiyaliklar jangovar hududlarga yetib bormasdanoq halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Frontdagi safarbar qilinganlarning o‘limi haqidagi ilk xabarlar esa shu hafta boshida paydo bo‘la boshladi, biroq hukumat ularga izoh bermadi.
10 oktyabr kuni «Vecherniy Karpinsk» nashri sentabr oyi oxirida safarbar qilingan Karpinsk (Sverdlovsk oblasti) shahri aholisining uch vakili Xerson yaqinida halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
«It’s My City» nashri esa Sverdlovsk oblastining Krasnoturinsk shahridan bo‘lgan, 28 sentabr kuni safarbar qilingan Yevgeniy Bizyayevning o‘limi haqida yozdi.
Huquq himoyachisi Pavel Chikov 12 oktyabr kuni urushga safarbar qilingan rossiyalik birinchi advokat, peterburglik Andrey Nikiforov Ukrainada halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, advokat 25 sentabr kuni safarbar qilingan va Lisichansk shahri (Luhansk oblasti, hozirda Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida) yaqinida halok bo‘lgan.
Safarbar qilingan rossiyaliklar o‘limi sabablari noma’lum. 29 sentabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi tayyorgarlikdan o‘tmagan askarlarni frontga jo‘natmaslikka va’da bergan edi.
BBC muharriri Ilya Abishev nega safarbar qilinganlar bunchalik tez frontga yuborilayotganiga izoh berdi:
«Zaxiradan chaqirilgan harbiy xizmatchilar zudlik bilan jangovar hududga jo‘natilayotganining ikki asosiy sababi bor:
Ukrainada jang qilayotgan Rossiya qo‘shinlari jiddiy shaxsiy tarkib yetishmovchiligiga duch kelmoqda. Bu keng miqyosli jangovar harakatlarni amalga oshirish uchun boshidanoq yetarli tirik kuchlar to‘planmagani va ko‘rilgan yo‘qotishlar: halok bo‘lganlar, yaradorlar, kasallar, mahbuslar va dezertirlar bilan bog‘liq.
Ko‘plab bo‘linmalarning shtatlari me’yordan ancha kam va Ukraina armiyasi tashabbusga ega bo‘lgan sharoitda Rossiya qo‘mondonligi zaxiradagilarni tayyorlash uchun ko‘p vaqt sarflay olmaydi. Shu sabab ba’zida ular safarbar qilinganlarni xavfli yo‘nalishlarga darhol tashlashi kerak bo‘lmoqda.
Sobiq «zaxiradagilar» qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilmasdan oldingi chiziqqa tashlanishining yana bir sababi — Rossiya qo‘mondonligida bir vaqtning o‘zida bunday katta sondagi safarbar qilinganlarni tayyorlash uchun o‘quv bazasi yo‘qligidir.
Ijtimoiy tarmoqlarda safarbar qilinganlarning noqulay yashash sharoitlaridan shikoyat qilgani bilan bog‘liq ko‘plab videoroliklar mavjud. Qolaversa, bu videolardan o‘quv bazalarida ofitserlar va instruktorlar yetishmasligi, aniq kundalik tartib yo‘qligi, safarbar qilinganlar jangovar tayyorgarlik o‘rniga qadam tashlash va keraksiz konstruksiyalarni o‘rganayotganini ko‘rish mumkin.
«Safarbar qilinganlar, shuningdek allaqachon Ukrainaga asir tushganlarning ko‘rsatmalarini o‘rganib chiqib, biz jangovar tajribaga ega, ammo eng qiyin harbiy mutaxassisligi bo‘lmagan askarlar darhol frontga jo‘natilmoqda degan xulosaga kelishimiz mumkin. Bu motoo‘qchilar, desantlar, chegarachilar, dengiz piyodalari va boshqa harbiy qismlarning vakillari bo‘lishi mumkin», — deydi Abishev.
Misol uchun, agar shaxsning harbiy guvohnomasida VUS (harbiy mutaxassislik) 124259 (BTR haydovchisi) yoki 101627 (pulemyotchi) belgisi bo‘lsa, Rossiya qo‘mondonligi bunday askarga qo‘shimcha tayyorgarlik shart emas deb hisoblamoqda. Ular askar zaxirada bo‘lgan yillarda qurollar o‘zgargan bo‘lishi mumkinligini inobatga olgani yo‘q va agar askar biror narsani unutgan bo‘lsa, u jang maydonida tezda buni eslaydi deya o‘ylamoqda.
Biroq, haqiqiy jangovar vaziyatda alohida harbiy xizmatchining mahorati har doim ham hal qiluvchi rol o‘ynamaydi. Bo‘linmalarni jangovar muvofiqlashtirish, o‘zaro hamkorlikni tashkil etish, bir-birini mukammal tushunish qobiliyati janglarda ko‘proq ahamiyatga ega bo‘ladi. Shuningdek, mahalliy yerlarni, kuchlar muvozanatini, muayyan sharoitlarda jangovar harakatlar olib borishning o‘ziga xos xususiyatlarini, o‘zining va dushmanning imkoniyatlarini baholash va boshqalar askar uchun juda muhimdir.
Jangchining hech qanday shaxsiy mahoratlari bu bilimlar o‘rnini bosa olmaydi va bularni urushda o‘rganish ancha kech bo‘lgan bo‘ladi.
Mavzuga oid

22:29 / 09.08.2025
Ukraina va Yevropa o‘z tinchlik rejasini taqdim etdi – WSJ

21:33 / 09.08.2025
Rossiya harbiy brigadalardan birini migrantlar bilan to‘ldirdi – DeepState

18:17 / 09.08.2025
Ukrainaliklar o‘z yerlarini bosqinchiga sovg‘a qilmaydi – Zelenskiy

15:16 / 09.08.2025