O‘zbekiston | 16:23 / 15.11.2022
22563
12 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bosh rejasi loyiha emas, go‘yoki «tepa»dan tushgan buyruqdek - shaharsoz bilan suhbat

Ayni vaqt «ToshkentboshplanLITI» tadqiqot institutida poytaxtning bosh rejasi ishlab chiqilmoqda. «Genplan»da aks ettirilayotgan rejalar orqali kutilayotgan rivojlangan shaharni barpo qilish mumkinmi? Shaharda shaxsiy transportning taqdiri nima bo‘ladi? Bu boradagi savollarimizga 6 yillik tajribaga ega shaharsoz Iskandar Soliyev javob berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Uning aytishicha, bosh rejaga o‘tishdan oldin poytaxtdagi mavjud muammolarni hal qilish zarur.

Toshkent bosh rejasi – «tepa»dan tushib qolgan buyruqdek

Muammo ko‘p… Masalan, odamlar ko‘p vafot etayotgani, ekologiya juda yomon ahvolga kelib qolgani, ayniqsa «tig‘iz vaqt»larda avtomobil oynasini tushirsangiz, juda zaharli havodan nafas olasiz. Katta yuk mashinalari ortidan ham shunday zaharli gazlar chiqadi, lekin bu narsalar birovni qiziqtirmaydi. Agar shahar to‘g‘ri qurilgan bo‘lsa, odamlarning kasallikka chalinishi ham juda kam bo‘ladi, buning ortidan ekofauna ham rivojlanadi. Shahrimiz faqat avtomobilga moslab qurilgani yoki daraxtlarni bemalol hech qanday qarshiliklarsiz kesib tashlashayotgani, shaharda odamlarning qadri yo‘qligi, birinchi o‘ringa shaxsiy transport qo‘yilgani oqibatida shu muammolar yuzaga kelyapti.

Shahar bosh rejasi insonlar uchun qilinadigan loyiha hisoblanadi. Chunki undan odamlar farovon yashashi maqsad qilinadi. Hozir ishlab chiqilayotgan bosh reja bilan uncha tanish emasman, men ham yangiliklar orqali boxabar bo‘ldim.

Tushunishimcha, bosh rejani ishlab chiqish uchun kam vaqt berilgan, jamoatchilik fikri yetarli darajada o‘rganilmagan, «genplan»ni hech qanday tanlovlarsiz shaharsoz, iqtisodchi, ekologlardan iborat jamoa bilan emas, balki shunchaki tepadan tushib qolgan buyruqdek tuzishyapti. Chunki ayni vaqt «eski Toshkent»ni oladigan bo‘lsak, u yerda turgan muammolar yechimini topmay turib, shu loyihani amalga oshirayotgandek taassurot uyg‘otishmoqda.

Misol uchun, bir tomonimizni suv bosayotgan bo‘lsa, yana bir tomonimizda chang ko‘tarilib, 500 metrdan uzoqni ko‘rolmaydigan tuman paydo bo‘lyapti. Shuningdek, yiliga 2 mingga yaqin odamlar o‘lib ketishmoqda. Umuman O‘zbekiston miqyosida ham deyarli «genplan» yo‘qligi, ekologiya buzilishi oqibatida ko‘pchilik uyini tark etib, Toshkentga intilishga majbur bo‘lishyapti. Oqibatda esa poytaxtda ham muammolar yechilmayotgani, kelayotgan xavflar hisobiga hali oldinda boshkentning o‘zida ham ekologik migrantlar ko‘payishi hech gap emas.

Hozir Toshkentning o‘zidagi muammolarini yechish, menimcha to‘g‘ri bo‘lar edi. Biz esa bu muammolarni unutgan holda chetga chiqayotganga o‘xshayapmiz.

Poytaxtda rasman 3 mlnga yaqin aholi qayd etilgan bo‘lsa, bu hududda yetarlicha keng joylar bor. Shu sababli hali hudud jihatdan kengayishga vaqtli edi, deb o‘ylayman. Chunki ko‘riladigan ko‘plab masalalar, qayta ishlab chiqiladigan infratuzilmalar mavjud. Qurilish ishlarimizning sifati hali yaxshi emas, bu ketishda kengayadigan joylarimizni ham abgor ahvolga solishimiz mumkin.

Shahar avtomobil uchun emas, u odamlarniki bo‘lishi kerak

Yaqinda e’lon qilingan statistikaga tayansak, O‘zbekistonda kuniga o‘rtacha 5 kishi avtohalokat sababli halok bo‘ladi. So‘nggi 9 oyda esa bu raqam 1,5 ming nafarni ko‘rsatmoqda. Bu shaharlarimiz insonlar uchun qurilmayotganidan darak beradi. To‘g‘ri loyihalangan shaharda YTH yoki iflos havo (bu bo‘yicha hali statistika e’lon qilinmagan) oqibatida odamlar o‘lmaydi. 2019 yilgi statistikaga ko‘ra, atrof-muhit ifloslanishi sabab vafot etgan odamlar reytingida O‘zbekiston birinchi o‘rinni egallagan ekan.

Hozir atrofingizga qarasangiz, trotuar, ko‘p qavatli uylardagi «dvorlar» yoki bolalar maydonchasi, piyodalar o‘tish joyi deysizmi — deyarli hamma yer to‘la avtomobillar. Qo‘yish mumkin bo‘lgan, mumkin bo‘lmagan va hatto iloji yo‘q joylarga ham avtomobillarni qo‘yib ketishadi. Bunday shaharlarda esa insonlarning qadri yo‘q desa ham bo‘ladi.

Agar shahar avtomobillarga mo‘ljallab quriladigan bo‘lsa, buning yechimi mavjud emas. Bu katta falokatlarga olib keladi.

Allaqachon qurilgan katta shaharlar misolida olsak, masalan, o‘tgan asr o‘rtalarida Detroytda ko‘plab binolar buzilib, o‘rniga «parkovka»lar qurishgan. Bu bilan odamlar tezda manziliga yetib boradigan qulay shaharlarga aylanishgani yo‘q, aksincha u yerni odamlar tark etishdi. Chunki avtomobilga qancha sharoit yaratilgani sari, bu narsa inqirozga olib kelaverdi.

Agar yengil avtomobillarni cheklash boshlansa, insonlar ko‘proq piyoda yurishni boshlashadi. Chunki shahar avtomobil uchun emas, odamlarniki. Shu avtotransportda yuradigan odam ham asli piyoda hisoblanadi, boisi uyigacha yoki uyidan transportigacha u baribir piyoda yurib chiqadi.

Maqsad — fuqarolarni jamoat transportiga chiqarishdir

Pulli «parkovka»lar borligini, ishga shaxsiy avtomobilim bilan borsam, qo‘yib chiqqach qanchadir mablag‘ ketishini va har kuni shuncha summa xarajat qilishimni bilsam, jamoat transportida yurganim yaxshiroq, deyman. Maqsad esa aynan shu — fuqarolarni jamoat transportiga chiqarishdir.

Bilasizmi, odamlarda qandaydir bir stereotip paydo bo‘lgan, xuddiki, jamoat transportida faqat quyi qatlam vakillari yurishadi. Masalan, rivojlangan mamlakatlarda teskarisi. U yerlarda boy yoki o‘rta hol oiladan bo‘lishidan qat’i nazar, deyarli hamma jamoat transportlaridan foydalanadi. Avtomobil haydaydigan odamlarga esa jinoyatchidek qarashadi. Chunki u atmosferani zaharlashga hissa qo‘shyapti, yo‘lda transporti bilan katta joyni egallab oladi.

Nima uchun kvartirani sotib olayotganda har kvadrat metrini pulga olasiz-u, lekin ko‘chada shaxsiy transportingizni bepul qo‘yishingiz kerak? Qiziq bir eksperiment ham bor, ya’ni bitta avtobusga 100 nafarcha odam sig‘sa, shuncha insonni nechta avtomobilga sig‘dirish mumkin? Yoki yo‘lda tirbandlikda turgan 100 tacha mashinani hisoblasangiz, u yerda qancha odam bo‘lishi mumkin? Mana shu yerga kelganda, shaxsiy transport yechim emasligini tushunish mumkin.

Bizda jamoat transporti o‘lgan

Jamoat transporti shaxsiy transportdan ancha tezroq, tirbandlikda qolib ketmasligi kerak. Lekin bizda jamoat transporti o‘lgan, desak ham bo‘ladi. Albatta, bitta elektrobus olib kelish yoki yo‘lni ta’mirlash bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Bu yerda butun tizimni to‘g‘rilash kerak bo‘ladi.

Bosh rejada tramvay haqida ma’lumot ko‘rmadim, lekin monorels haqida eshitdim. Fikrimcha, monorels to‘g‘ri qaror emas, chunki uning samarador emasligini, rivojlangan davlatlar undan faol foydalanmayotganlaridan ham bilish mumkin. Boisi — u qimmatga tushadi, undan ko‘ra boshqa jamoat transportining ustunligi ko‘proq.

Misol uchun, qulaylik jihatidan tramvaylar ancha yutadi. Tramvaylar arzonroq, xizmat qilish muddati uzoqroq hamda ekologik foydali transport hisoblanadi. Albatta, uni qurish avtobus yoki elektrobus bilan solishtirganda arzon emasdir, lekin o‘zini oqlaydi.

Shaharsozlik normalari va qoidalari ham ancha eskirgan

Bu yerda ham umumiy muammolar, shahar tizimlari ancha eskirgani yoki ko‘p qurilishlar bo‘layotgani oqibatida deyarli hamma joylar betonlashtirilmoqda, asfaltlashtirilmoqda. Yoki hali-hamon ochiq qolayotgan ariqlar… Keyin odamlarning unga bo‘lgan munosabati ham katta rol o‘ynaydi, chunki bu ariqlarni ko‘rishganda odamlar negadir chiqindi o‘rasiga o‘xshatishadi shekilli, axlat tashlab ketaverishadi.

Boz ustiga ariqlarda, undagi quvurlarda himoya vositasi sifatida hech qanday «to‘r», panel yo‘qligi uchun ham u yerga tashlangan chiqindilar yig‘ilib boraveradi hamda oqova suv tizimi ishdan chiqadi. Umuman, jarayonda ishlarning to‘g‘ri bajarilmagani, loyiha to‘g‘ri qilinmagani ham suvning ariqqacha o‘tib ketishiga to‘sqinlik qiladi.

Fikrimcha, bu borada qandaydir normalar ishlab chiqilishi va unga qat’iy amal qilinishi kerak. Ko‘proq yashil hududlar barpo qilish kerak. Shunday yomg‘irli mavsumlarda «reyn garden» (yomg‘irli bog‘) deyishadi, shunday joylarni tashkil qilish kerak. Bu kabi bog‘lar suvning teng va to‘g‘ri taqsimlanishida yordam beradi. Shuningdek, ariqlarda zinalarga o‘xshagan suv ketish tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Shunda yomg‘ir to‘lib-to‘lib, yig‘iladi va oxirida filtratsiya bo‘lib chiqib ketadi. Shu tariqa shahardan chiqib ketishi kerak.

Bu kabi ishlar qilinishi lozimligini faqat yo‘l chekkalarida emas, balki uy qurayotganda, turar joy binolari ichida ham hisobga olib, aytaylik, chuqur o‘ra qilinib, ichiga suv to‘plagan holda ancha bosimni olib, sekin filtratsiya bo‘lib chiqib ketishi kerak.

Qurilishni to‘g‘ri qilish kerak. Oddiy asfalt yoki beton qilayotganda suv qayerga ketishini hisobga olmaslik noto‘g‘ri. Chunki beton va asfaltning eng katta «dushmani» bu — suv. U qayerda to‘plansa, albatta, o‘sha joy buziladi yoki yoriladi.

Shaharsozlik normalari va qoidalari ham ancha eskirgan. Bundan 20-30 yil oldingi vaqtni olib qarasak, shaharlarni yengil avtomobillar bilan tasavvur qilishgan. Hozir esa bu g‘oya teskarisiga o‘zgargan. Ayni vaqt odamlar shaharlarni boshqacharoq tasavvur qilishyapti, ular endi shaharni jamoat transporti bilan ko‘rishmoqda. Shu jihatdan bu norma va qoidalar ancha eskirgan. Uni qayta ko‘rib chiqib, yangiliklar kiritish kerak. Lekin bu bilan hamma narsa to‘g‘rilanib qolmaydi, boisi ishlamayotgan qonun ishlashi kerak. Korrupsiya rivojlangani va yana bir qancha omillar mana shunday muammolarni keltirib chiqaryapti.

2045 yilgacha Toshkentni qanday tasavvur qilasiz?

Ochig‘i, bu bo‘yicha miyamga qandaydir yaxshi fikrlar kelmayapti. Vaziyatga qanday baho berayotganimizdan kelib chiqib aytsam, tasavvurim uncha yaxshi emas. Prognozlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo hududi ancha cho‘llashishi kutilmoqda. Bizning hududda katta muammolar yuzaga kelishi kutilmoqda, desa ham bo‘ladi. Shularni bilgan holda to‘g‘ri qarorlar chiqarmasdan qaralayotgani, odamlar aql bilan o‘ylamayotgani qayg‘uga soladi va bunga ijobiy qaray ololmayapman.

Dilshoda Shomirzayeva, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid