Jahon | 13:49 / 06.12.2022
33314
12 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning ikki aerodromida portlashlar: Qurbonlar bor, mudofaa vazirligi Ukrainani aybladi

5 dekabr kuni ertalab Rossiyaning ikkita harbiy aerodromida portlashlar sodir bo‘ldi. Kechqurun Rossiya Mudofaa vazirligi aerodromlar dronlar tomonidan hujumga uchragani, oqibatda uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Rossiya harbiylariga ko‘ra, hujum ortida Ukraina turibdi.

Foto: The New York Times

«5 dekabr kuni ertalab Kiyev rejimi Rossiyaning uzoq masofaga uchuvchi samolyotlarini ishdan chiqarish uchun Ryazan oblastidagi Dyagilevo va Saratov oblastidagi Engels harbiy aerodromlariga sovet ittifoqida ishlab chiqarilgan reaktiv dronlar bilan zarba berishga urindi», deb bayonot berdi Rossiya Mudofaa vazirligi.

Bu dronlar Rossiya havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgan, ammo bo‘laklari qulab tushishi oqibatida uch nafar harbiy halok bo‘lgan, ikki samolyotning korpusi ham shikastlangan.

Avvalroq matbuotda mahalliy vaqt bilan ertalab soat 6 larda dron Saratov oblastidagi «Engels-2» aviabazasining uchish-qo‘nish yo‘lagiga qulab tushgani, ikkita Tu-95 bombardimonchi samolyoti shikastlangani, ikki harbiy xizmatchi yaralangani haqida xabar tarqalgan edi.

Telegramdagi kanallardan biri tarmoqqa tashqi kuzatuv kamerasi orqali yozib olingan videolavhani joyladi. Unda yorqin chaqnashni ko‘rish va gumburlagan ovozni eshitish mumkin. Keyinroq rasmiylar bu lavha tekshirilayotganini aytishdi.

The New York Times nashrining yozishicha, AQSh Mudofaa vazirligining anonimlik sharti bilan so‘zlagan vakili Pentagon Engels bazasidagi portlashga guvoh bo‘lganini aytdi.

Engelsdagi aerodromga qilingan hujumdan tashqari, ertalab Ryazan yaqinidagi Dyagilevo harbiy aerodromida ham portlash yuz berdi. «RIA Novosti» xabariga ko‘ra, aerodromda yoqilg‘i tashuvchi avtomobil yonib ketgan va portlagan, oqibatda uch kishi halok bo‘lgan, yana olti kishi jarohatlangan. Texnikalar shikastlangani haqida xabar berilmadi.

Rossiyaning militaristik telegram kanallari portlashlar deyarli bir vaqtda sodir bo‘lganini ta’kidlab, bu Ukrainaning qo‘poruvchilik harakati bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Ukraina hodisaga aloqadorligini rasman tasdiqlamadi. Biroq, Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak shunday yozdi: «Kremldagilar yer dumaloq ekanini bilmaydi shekilli. Agar siz boshqa mamlakatlar havo hududiga tez-tez biror narsa uchirsangiz, ertami-kechmi noma’lum uchuvchi obektlar uchib ketgan joyiga qaytadi».

«Shu yil oxirigacha va’da qilishgan»

Engelsdan Ukrainadagi front chizig‘igacha taxminan 700 kilometr, Dyagilevodan taxminan 500 km. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarida bunday masofaga zarba beruvchi qurollar yo‘q.

Biroq oktyabr oyida «Ukroboronprom» 1000 km masofaga uchuvchi va 75 kg og‘irlikdagi jangovar kallakka ega bo‘lgan hujumchi dronni ishlab chiqarishni yakunlayotganini e’lon qilgan edi.

4 dekabr kuni «Ukroboronprom» matbuot kotibi Natalya Sad dronlar sinovi yakuniy bosqchida ekanini ma’lum qildi.

«Biz dronni radioelektron urush vositalari ta’sirida sinovdan o‘tkazganimizdan so‘ng, jang maydonida undan foydalanishga umid qilmoqdamiz. Biz shu yil oxirigacha (uni tayyorlashni) va’da qilgan edik, va’damiz ustidan chiqishga harakat qilyapmiz», - degandi u.

Strategik aviabazalar

«Engels-2» – Saratovdan 14 kilometr sharqda joylashgan Rossiya strategik bombardimonchi samolyotlari uchun harbiy havo bazasi. Aerodromda 3500 metr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi bor.

Bazada ikkita og‘ir bombardimonchi aviatsiya polki bo‘lib, ular yadro qurolini olib yurishga qodir Tu-160M va Tu-95MS strategik raketa tashuvchi samolyotlari bilan qurollangan.

Engels aviabazasida joylashgan samolyotlar muntazam ravishda Ukrainaga qanotli raketa zarbalarini berib, asosan energetika obektlarini nishonga olyapti.

«Engels-2» aerodromining sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlari Ukrainaga yangi, keng ko‘lamli raketa hujumiga tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat beradi», deb yozgan edi 30 noyabr kuni Der Spiegel. Suratlarda 20 taga yaqin Tu-95 va Tu-160 bombardimonchi samolyotlari aks etgan.

Ryazan yaqinidagi Dyagilevo aerodromi ham Rossiya bombardimonchilari uchun katta baza hisoblanadi. U yerda strategik Tu-95MS va Tu-22M3 samolyotlari bor. Aerodrom yaqinida samolyotlarni ta’mirlash zavodi joylashgan.

Dushanba kuni Maxar Technologies tomonidan olingan tasvirlarda Engels aviabazasidagi holat aks etgan

BBS muxbiri Pavel Aksenov:

Engelsdagi strategik aviatsiya bazasiga Ukraina droni hujum qilgani tasdiqlansa, bu birinchi bunday hujum bo‘lmaydi.

2018 yil 6 yanvarda Rossiyaning Suriyadagi Xumaymim aviabazasiga dronlar hujum qilgan edi. Bundan sal oldin, 31 dekabr kuni ham bazaga hujum qilingan, bunda yo minomyotlardan o‘qqa tutilgan, yo dronlardan foydalanilgan yoki barchasidan birgalikda bo‘lishi mumkin.

«Kommersant» nashri hujumlar oqibatida to‘rtta Su-24 bombardimonchi samolyoti, ikkita Su-35S qiruvchi samolyoti, bitta An-72 transport samolyoti va o‘q-dorilar ombori yo‘q qilingani haqida yozdi. Mudofaa vazirligi bu xabarni soxta deb atadi.

2022 yil 7 oktyabr kuni Kaluga oblastidagi Shaykovka aerodromida portlash sodir bo‘ldi. Hudud rahbari Vladislav Shapsha aerodrom hududiga uchuvchisiz samolyot qulaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlaridan kelib chiqadiki, dron ehtimol, Ukraina chegarasidan uchib kelgan.

9 avgust kuni Qrimdagi Saki harbiy aerodromida portlashlar sodir bo‘ldi, oqibatda kamida yettita samolyot yo‘q qilindi. Portlashning aniq sabablari e’lon qilinmadi. Bu hujumda ham dronlardan foydalanilgan bo‘lishi mumkin.

Bu holatlarning barchasi boshqa strategik obektlar kabi aerodromlar ham dron hujumlari oldida qanchalik zaif ekanini ko‘rsatadi.

1990-yillar boshida paydo bo‘lgan kamikadze dronlari so‘nggi o‘n yillikda sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi va aloqa texnologiyalari rivojlanishi bilan haqiqiy strategik qurolga aylandi. Dronlar nafaqat samarali, balki arzon ham. Ularni zamonaviy harbiy texnologiyalardan foydalanishi cheklangan Eron ham, Suriyadagi isyonchilar ham ishlab chiqarishi mumkin.

Dronlar past balandlikda ucha oladi, bu ularni radiolokatsiya vositalari yordamida aniqlashni qiyinlashtiradi. Dron hujumlariga qarshi turish uchun birinchi navbatda, ularni tezkor aniqlash imkoniga ega bo‘lish lozim.

Rossiyaning o‘zi Ukrainadagi nishonlarga zarba berish uchun Eronda ishlab chiqarilgan dronlardan ommaviy ravishda foydalanadi. Ukraina qurolli kuchlari «Shohid» dronlariga qarshi kurashish uchun astoydil harakat qilmoqda va harbiylar bayonotiga ko‘ra, bu borada muvaffaqiyatga ham erishgan.

Ukrainaliklar dronlarga qarshi kichik kalibrli zenit-artilleriya, portativ zenit-raketa tizimlaridan foydalanmoqda. Ammo eng muhimi, Ukraina qurolli kuchlari, shubhasiz, dron hujumlari haqida oldindan ogohlantirish tizimini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Bunday tizimning tarkibiy qismlaridan biri, masalan, fuqarolarning telefoniga o‘rnatilgan mobil ilova bo‘lib, ular osmonda «Shohid»lar paydo bo‘lgani haqida tezkor xabar berishi mumkin.

Rossiyada dronlarga qarshi kurasha oladigan havo hujumidan mudofaa tizimlari bor. Masalan, «Pansir S1» raketa va artilleriya tizimi yoki «Tor-M2U» havo mudofaa tizimi. Biroq, har qanday obektni havo hujumidan mudofaa qilish – kompleks chora-tadbirlar majmuasi bo‘lib, uni ishga tushirish moslamasi yoki artilleriya qurilmasi faqat kichik bir qismidir.

Aniqlash, ma’lumotlar almashish, ularni tahlil qilish, qurollarni jangovar shay holatga keltirish – bularning barchasi katta kuch va tayyorgarlikni talab etadi. Bundan tashqari, bunday komplekslar odatda nisbatan kichik maydonni qamrab oladi. Shuning uchun qaysi nishonlar dushmanni qiziqtirishi mumkinligini va qaysi tomondan hujum qilish ehtimoli ko‘proq ekanini oldindan aniqlash yaxshi samara beradi.

Rossiyada havo hujumidan mudofaa tizimi ko‘p yillardan beri mavjud, ammo u boshqa nishonlarga – harbiy samolyotlar, raketalarga qarshi kurashishga qaratilgandi. Past balandlikda, sekin uchayotgan kichik samolyotlar uni chetlab o‘tish imkoniyatiga ko‘proq ega edi (Mattias Rust bilan bog‘liq voqeani eslash kifoya).

Ukraina qurolli kuchlari dronlarga qarshi taktikalarni noldan ixtiro qilishga majbur bo‘ldi, chunki ularning tahdidiga birinchi marta duch keldi. Biroq, bu tahdid shunchalik favqulodda va katta bo‘lib chiqdiki, uni bartaraf qilish uchun nafaqat Ukraina, balki havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib beruvchi hamkorlar ham jiddiy harakat qilishdi.

Xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan Eron erkin bozorda sotilayotgan komponentlar – navigatsiya va dronlarni boshqarish tizimlaridan foydalangan holda o‘zining «Shohid»larini ishlab chiqarishga erishdi. Agar ko‘plab G‘arb davlatlari bilan harbiy-texnika hamkorligini yo‘lga qo‘ygan Ukraina shunday uzoq masofaga uchuvchi dronlarni ishlab chiqara olsa, bu Rossiya havo mudofaasi uchun jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin.

Agar Rossiya barcha zaif obektlarda havo mudofaasini kuchaytirishi kerak bo‘lsa, bu mudofaa sanoati uchun qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Rossiya keng ko‘lamli urush olib bormoqda va havo hujumidan mudofaa tizimlari unga nafaqat orqada, balki frontda ham kerak.

To‘g‘ri, ukrainaliklarning zarba beruvchi strategik dronlardan ommaviy foydalanishi haqida hali gap ketmayapti. Ehtimol, bu holat Engelsdagi aviabazaga qarshi dronlardan foydalanishga imkon bergandir – bu zarba to‘satdan sodir bo‘ldi, bu dronlardan foydalanishda muvaffaqiyatning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Engelsga berilgan zarba bilan bog‘liq holatda kuzatuvchilar e’tiborini tortgan yana bir holat bor – aerodromdagi yirik samolyotlar ochiq maydonda, bir-biriga juda yaqin va bir qatorda turibdi. Bu ularni bunday zarbalar uchun juda qulay nishonga aylantiradi. Hatto faqat navigatsiya tizimi bilan jihozlangan va aniqligi juda past bo‘lgan dronlar ham ularga samarali zarba berishi mumkin. Shu sababli, Rossiya armiyasi katta statsionar nishonlarga qarshi Eron «Shohid»laridan foydalanadi – ularni kichik mobil nishonga qaratib bo‘lmaydi. Agar katta samolyotlar aerodromning turli burchaklarida, tarqoq holda saqlanganida edi, ularga dronlar orqali zarba berish murakkab bo‘lardi.

Engelsda Tu-95MS kabi strategik bombardimonchilar joylashgan. Foto: TASS

Onlayn xizmatlardan olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, Engels aviabazasida samolyotlar uchun xavfsiz turargohlar bor. Ularni P-shaklidagi tuproq uyumlari orqali aniqlash mumkin. Bu uyumlar samolyotlarni bomba bo‘laklaridan himoya qilishi kerak. Biroq, ular qachon ishlatilganini aniqlash qiyin, ba’zilarini o‘t-o‘lan bosib ketgan.

Mavzuga oid